Oftobga nur berib turibsan, xalqim

0
162
marta koʻrilgan.

* * *

 

Mehru muhabbatdan soʻz ochsalar goh,

Bagʻrikeng qay yurt deb izlab qolsalar?!

Dunyoni bir sirdan etmoq-chun ogoh,

Koʻnglimdan bir gʻurur koʻkka yuksalar.

 

Qaydadir oʻqidim, oftob ham azal

Mehrdan taft olib turarkan qalqmay.

Oʻzbegim mehriday mehr koʻrmadim,

Olamning qay burchi, chetiga boqmay.

 

Toʻgʻri, har kim uchun oʻz eli buyuk,

Goh oʻzni sanab ham koʻrdim begona.

Shunda ham angladim, hammadan suyuk

Elim, sen dunyoda mehri yagona.

 

Quvvat olar emish angladik quyosh,

Mehr bor ekan-ku, u ham bor doim.

Jaholat hukmiga bosh egsa bardosh,

Shundan boshlanmasmi, qiyomat qoyim?!.

 

Ha, koʻpdir dunyoda mehrli ellar,

Biroz mubolagʻa qilurman, balkim –

Dildagi ul buyuk mehring, sehring-la,

Oftobga nur berib turibsan, xalqim.

 

JANNAT YURTIM

 

Bu dunyoda umidvor har dil,

Duo birla qilurkan niyat.

Jannatingdan joy bergil, Tangrim

Orom topay deydi abadiyat.

 

U bilmas lek, koʻkdami, qayda

Orzulagan jannat bogʻlari?

Suv oʻrniga sharbatlar oqqan,

Chamanzorlar, behisht togʻlari.

 

Yoʻq, kufr deb atamang soʻzim,

Haq vaʼdasin etmasman inkor.

Shukrim – dilda yurtimga boqib,

Zaminda ham deyman jannat bor.

 

Boshlanarku, qalbdan obodlik,

Ezgulikning choʻgʻi yurakdan.

Bunda elning hayoti totlik,

Jannat fayzi yogʻar falakdan.

 

Mehnat bilan rizq topar hamdam,

Hayotidan mamnun, koʻngli toʻq.

Riyokoru yurtfurushlarga,

Buzgʻunchiga bunda oʻrin yoʻq.

 

Magʻrur, ozod yashar el-ulus,

Oʻziga bek, oʻziga xondir.

Yovlarin mahv etolgan jasur,

Bobolari jannatmakondir.

 

Lafzi halol, yurtiga qalqon

Mardlarining qaddi adl – tik.

Toʻrt faslki, toʻxtovsiz gullab,

Yaxshilikdan unar yaxshilik.

 

Hech manzilda baxt topmas tayin,

Jaholatga asir boʻlgan jon.

Jannatni ham obod etgaydir

Yurtin jannat etolgan inson!

 

* * *

Bilsang, doim shukrim dilimda,

Har ishimga oʻzing muhosib.

Bu dunyoda loyiq koʻrsang, bas,

Inson degan nomga munosib.

 

Dil lavhida tugʻilgan kalom

Tahririda sehringni sezgum.

Olayotgan har nafasimda

Har bir ishda mehringni sezgum.

 

Oʻzing Xoliq, qudrat-quvvating,

Qismatimni nurga yoʻldosh qil.

Zulmat ichra qolsa vujudim

Yuragimni oʻzing quyosh qil.

 

TASODIF

 

Qancha kutgan edim bu uchrashuvni,

Qancha iltijolar qilib tunlari.

Sabrim niholining gullashin kutib,

Oʻtdi yoshligimning aziz kunlari.

 

Oʻychan koʻzlarimga tikilasan jim,

Maʼyus qorachigʻda gʻamni koʻrasan.

Bu bizga taqdirning ehsoni balkim,

Koʻzlaring aytmoqda, demak, sevasan.

 

Shu baxtni oʻzi ham menga kifoya,

Shu lahza quvonchi ming yilga yetar.

Ey hayot, bas, endi, olgil hijroning,

Iztirob, yuzimdan pardangni koʻtar.

 

Oh, fursat, qanchalar tez oʻtasan, sen,

Nahotki, ketar u yana ming yillar?

Ortidan boqaman bir soʻz deyolmay,

Men bilan qoʻshilib yoshligim yigʻlar.

 

* * *

Baribir, bandamiz Haqning nazdida

Oʻzi beradi-ku aʼmolimizni.

Nechun siz yashaysiz jonim qasdida

Yaratgan belgilar kamolimizni?!

 

Shundaykan, bas, doʻstim hasadni qoʻying,

Bevaqt koʻzlarimga qalqimasin yosh.

Tunda oy borliqni yoritgani-chun

Hasad qilmaydi-ku munavvar quyosh!..

 

* * *

Sevib-sevib Majnun boʻlib oʻtganlar bor,

Bol oʻrniga hajr zahrin totganlar bor.

Qor ostidan gul izlasam, nima boʻpti,

Ayozda ham bahorini kutganlar bor.

 

* * *

Istiqlol neligin anglamoq boʻlsang,

Senga chin yurakdan aytar soʻzim shul:

Ozod yurtga Choʻlpon boʻlib nazar sol,

Botu boʻlib sevin, Elbek boʻlib kul.

 

OBOD MANZILLAR

 

Doʻstim, ozod koʻngil ila ozod boʻldi yurt,

Doʻstim, obod koʻngil ila obod boʻldi yurt,

Elim degan har yurakda bunyod boʻldi yurt,

Shukrkim, tilda xushniyatdan yashnadi dillar,

Qayga bormay, koʻz oʻngimda obod manzillar.

 

Quyosh quchoq ochgan yurt bu aziz, moʻtabar,

Qishloqlari shaharlarga tengu barobar,

Sabolarin tillarida har tong xushxabar,

Shukrkim, tilda bogʻlaridan ketmas bulbullar,

Qayga bormay, koʻz oʻngimda obod manzillar.

 

Paxtasiday koʻngli pok el, baxtga xaridor,

Bir tarafi bugʻdoyzoru bir taraf gulzor,

Obodlikni shior etgan muazzam diyor,

Shukrkim, tilda charogʻondir oqshomlar, tunlar,

Qayga bormay, koʻz oʻngimda obod manzillar.

 

Ajdodlarin ruhlarini shod etgan avlod,

Har qadamda farzandlari unga qoʻshqanot,

Bunyodkordir, har dam yordir matonat, sabot,

Shukrkim, tilda osmonida yoʻqdir tutunlar,

Qayga bormay, koʻz oʻngimda obod manzillar.

 

Iltijo qil, mudom doʻstim, tole yor boʻlsin,

Bu chamanda tinchlik doim barqaror boʻlsin,

Oʻzbekiston – ona diyor, qaddin tiklagan –

Buyuk qalbli fidolari sogʻ-omon boʻlsin,

Shukrkim, tilda bizga Haqdan inʼom bu kunlar,

Qayga bormay, koʻz oʻngimda obod manzillar.

 

Minhojiddin MIRZO

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.