“O, ona, onajon, daryoi azim…”

0
148
marta koʻrilgan.

QISHLOQDAGI BEMOR ONAM

 

Tonglar turib yoʻlga qarayman,

Bulutlardan Sogʻinch yoʻllayman,

Qush tilida salom bergayman:

Qishloqdagi ey, bemor onam,

Bemor uzra ey, bedor otam.

 

Mehrimga koʻp zor boʻlgan tunlar,

Koʻzingizdan toʻkilar munglar,

Kutmoq bilan oʻtar umrlar

Qishloqdagi ey, bemor onam,

Bemor uzra ey, bedor otam.

 

Boqqaningiz yoʻl boʻldi tokay,

oʻamlaringiz moʻl boʻldi tokay,

Yoqangiz ham hoʻl boʻldi tokay,

Qishloqdagi ey, bemor onam,

Bemor uzra ey, bedor otam.

 

Yelmoqdaman bagʻringiz tomon,

Koʻzimda yosh, dilimda armon,

Sizni koʻrsam boʻldi sogʻ-omon

Qishloqdagi ey, bemor onam,

Bemor uzra ey, bedor otam.

 

ONAM VA QISHLOQ

 

Mayda gaplar ezib tashlabdi juda,

Ranglariga boqib fikr etaman.

Koʻplar koʻnmasa ham mening raʼyimga

Onamni qishloqdan olib ketaman.

 

Hayot faqat gʻamdan iborat emas,

Koʻring deyman dunyo goʻzal beadogʻ.

Faqat uch kungina yashar bu havas,

Keyin boshlanadi Sogʻinch, qoʻmsamoq.

 

Hali tong yorishmay tor hovlidagi

Tor yoʻlak yoqalab yurarlar asta.

Nimadir yetishmas, nimadir ortiq,

Buni sezdirmaslar, dillari xasta.

 

Koʻzlari yoʻl koʻra boshlagan sari

“Qishloq”lab qolarlar tortgancha mulzam.

Maʼyus qaroqlarda maʼni oʻqiyman:

“Meni tashlab kelgin qishloqqa, bolam!”

 

O, ona, onajon, daryoi azim,

Sizga monad erur faqat shu diyor.

Uzib boʻlmas ekan farzandlik qarzin,

Faqat imkon bordur, faqat istak bor.

 

Bu – bir mahkumlikmi, bu bir tolemi,

Anglab yetolmayin toʻkilar jolam.

Qishloq yashay olar onamsiz balkim

Ammo yasholmaslar qishloqsiz onam.

 

ChORSHAMʼ

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.