Nigohim so‘roqqa aylandi

0
26
marta ko‘rilgan.

 * * *

Bu olam

Xayolga berilganingda

Boshlanmay turgan

 

Sen ketayotgan olam

Qarayotganingda

O‘tmay turgan

Hech joyidan jilmagan

 

Ko‘zlaring bir nuqtada

Ularda aks etgan hiyobon

Manzaralar harakatda

 

Sen esa to‘xtab qolgansan

Ko‘zingdagi dunyoda

Kimlardir senga tanbeh bergan

Kimdir uvvos solib yig‘lagan

Qah-qah otib kulganlar

Lopillab o‘tgan tobut

Va gullarini to‘kayotgan daraxt

Senga bir nima demoqchi

Dil izhor etolmagan shamol ham

Sochlaringda iz qoldirib

Har safar yangitdan esmoqda

 

O‘zingdagi dunyoda

Sen qaygadir ketayotgandek

Nenidir o‘ylaysan mutassil

Ko‘zingni uzmaysan o‘zingdan

Nigohing sirtida

Aks etar

Hayoting

O‘yinchoq kabi

Sen esa yo‘qsan

 

* * *

Olma uzildi

Qo‘shilib vaqtga

 

Olmani yesang

Lahza shovqinga aylanar

Yemasang zanglaydi

 

Vaqtni to‘xtatib

Tomosha qilasan

Borliq va yo‘qlikni

 

Olmani joyiga qo‘ysang

Buzilib ketar

Vaqt tadriji

 

Qo‘lingda olma

Mangulik

Vaqtga qo‘shilmasa bo‘larkan

 

* * *

Men bu yo‘ldan

Sen ahmoqona deb o‘ylagan

Xayollarni surib ketgim kelyapti

 

Sen kutish istaysan

Diydor orzuing

Men esa tashlab ketyapman yana

 

So‘rayverib ko‘nikdim

Endi nigohim so‘roqqa aylandi

 

Sen esa

Nima so‘rashni bilmaysan

 

Men bu xayolni

Meni yo‘lsiz deb o‘ylagan

Odam haqda suryapman.

 

* * *

Sizga hammasini aytgan bo‘lardim

Agar xirgoyimni tinglay olsangiz

Meni eshitmasangiz kerak deb

O‘ylaganim uchun

Bir jumla ham aytmadim

 

Jilmaydim

Yuzim so‘lgan olma shaklini oldi

 

Kulaverganimdan emas

So‘zlarimni yashirganimdan

Telbaning jiddiyligi kabi

Odat yuqtirdim

Bu dardi bedavo

Ukasini o‘ldirgan Qobilning

Qismatidan bir chandon ham ortiq emas

 

Gapiraversammikan

Tinglarmikansiz

Jilmayaman

Yuzim so‘lib borar

 

* * *

Shovqin tashlab qo‘yasan

Ko‘rinmaslik uchun

Ikki uch tomonga

Shovqiningni yig‘ishtirib ol

 

* * *

Kun isrof bo‘ldi

Marjonim suvga tushib ketganday

Yotibdirman ko‘l bo‘yida

 

Chunki men qadriga yetmadim

Mahliyo bo‘ldim jildirashiga

Tushirib qo‘ydim go‘yo qo‘limdan

Hammadan baxtli bo‘lishga

Haqli bo‘lgan kunimni

 

Kun isrof bo‘ldi

 

Davron RAJAB

 

“Sharq yulduzi”, 2011–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.