Navoiy gʻazallariga muxammaslar

0
1297
marta koʻrilgan.

Oʻn sakkiz yoshindadur

 

Dilga malham jilvagarlik dema bir qoshindadur,

Ne malohat, bilmam, ul, asrori-naqqoshindadur,

Aylanur har lahza boshim, neki, sir oshindadur,

Oʻn sakkiz ming olam oshubi agar boshindadur,

Ne ajab, chun sarvinozim oʻn sakkiz yoshindadur.

 

Etsa gar qoshima tashrif boʻlgay ahbob beqaror,

Toʻlgʻanur sarv zil ketib, har lahza boʻlgay sharmisor,

Mardumi oshuftalarkim, boqqay anga intizor,

Desa boʻlgʻaykim, yana ham oʻn sakkiz yil husni bor,

Oʻn sakkiz yoshinda muncha fitnakim boshindadur.

 

Husn mulkin sarvari ul, boqsa agʻyor-oʻldurur,

Bori sunbul xilqatin andishadin chun soʻldurur,

Tutma yoqa Laylivash paymonasi gar toʻldurur,

Oʻn sakkiz yil dema, yuz sakson yil oʻlsa, oʻldurur

Husn shohi, ul balolarkim koʻzu qoshindadur.

 

Uchsa uchgay aqlu hushlar, kim anga boʻlsa duchor,

Chashmi giryoniga tong yoʻq, chulgʻamish jismin sharor,

Mayli, kez jumla-jahonni, uchramas boʻyla nigor,

Hayrat etmon husni naqshidaki, har hayratki bor,

Barchasi ezid taolo sunʼ naqqoshindadur.

Mehru raxshonlar sochilmish yorning anvar koʻnglidin,

Ishq bulogʻi jilva aylar damda kavsar koʻnglidin,

Mehribonlik joye tutmish aning zevar koʻnglidin,

Tan anga simu ichinda tosh muzmar koʻnglidin,

Aqlga yuz hayrat ul oyning ichu toshindadur.

 

Dahr aro, ey, sencha boʻlmas, yoʻq pariruxsor fasih,

Laʼli ranginu shakarlab-boʻyla tengsiz bir malih,

Ul sarv qaddingni dermen koʻp sabihlardin sabih,

May ketur, ey mugʻki yuz hayrat aro qolmish masih,

Bul ajablarkim, bu eski dayr xuffoshindadur.

 

Oshiq Erkin, toʻkding ul gul hasratidin nahri ashk,

Diydang uzra mahvashing malomatidin zahri ashk,

Tiyra koʻnglingga inar jarohatidin dahri ashk,

To Navoiy toʻkdi ul oy furqatidin bahri ashk,

Har qachon, boqsang, quyosh aksi aning yoshindadur.

 

Koʻzi qarosinimu deyin?

 

Yor adosinmu deyin, jongʻa jafosinmu deyin,

Behayosinmu deyin, har dam izosinmu deyin,

Toʻtiyosinmu deyin, menga nizosinmu deyin,

Qoshi yosinmu deyin, koʻzi qarosinmu deyin,

Koʻnglima har birining dardi balosinmu deyin?

 

Mehri nahrinmu deyin, dur toʻla bahrinmu deyin,

Yo guli nasrinmu deyin, ozoda qasrinmu deyin,

Hurday aslinmu deyin, ofat yo naslinmu deyin,

Koʻzi qahrinmu deyin, kirpiki zahrinmu deyin,

Bu qudurat ichra ruxsori safosinmu deyin?

 

Damda zardinmu deyin, goh oʻynar nardinmu deyin,

Bolishi pardinmu deyin, xilqati zardinmu deyin,

Qanoti fardinmu deyin, urdi jigardinmu deyin,

Ishqi dardinmu deyin, hajri nabardinmu deyin,

Bu qatigʻ dard aro vaslining davosinmu deyin?

 

Nurli shominmu deyin, mehru kominmu deyin,

Oliy maqominmu deyin, dilbar salominmu deyin,

Etgani rominmu yo pinhona nominmu deyin,

Zulfi dominmu deyin, laʼli kalominmu deyin,

Birining qaddin, yana birining adosinmu deyin?

 

Obi zilolinmu deyin, lab toʻla bolinmu deyin,

Yaxshi holinmu deyin, qoshi hilolinmu deyin,

Oʻn sakkiz solinmu deyin, goh-goh malolinmu deyin,

Turfa xolinmu deyin, qaddi niholinmu deyin,

Moviy koʻnglak uzra gulranggi qabosinmu deyin?

 

Yuzi rangginmu deyin, goh koʻngli sanginmu deyin,

Anga tahsinmu deyin, eli aning Chinmu deyin,

Yo mehri ganjinmu deyin, guftori shirinmu deyin,

Charx ranjinmu deyin, dahr shikanjinmu deyin,

Jonima har birining javru jafosinmu deyin?

 

Oshiq Erkin yorni yolgʻiz oʻzining vasfini ayt,

Joningga orom baxsh etar yo soʻzining vasfini ayt,

Huru gʻilmondek yuzi qirmizining vasfini ayt,

Ey Navoiy, dema qoshu koʻzining vasfini ayt,

Qoshi yosinmu deyin, koʻzi qarosinmu deyin?

 

Sarvi ravonim keldimu?

 

Bermayin kut deb xabar, gʻuncha dahonim keldimu,

Jonim ichra bir jahon, jonu jahonim keldimu,

Boshdin-oyoq pokiza dur, qoshi kamonim keldimu,

Gul sochar yel bogʻ aro, sarvi ravonim keldimu,

Jon isi guldin kelur, oromi jonim keldimu?

 

Koʻnglim oshufta edi keldimmu duch deb zolima,

Rahm etar deb bir kun ul shoyad gʻarib ahvolima,

Oʻz-oʻzimga deb necha noziktaringdin nolima,

Behud erdim aytgali koʻnglum, chu keldim holima,

Ayting ul ovorayi bexonumonim keldimu?

 

Der edilar: kuygaysen bersang yurak jononagʻa,

Oʻziga qoʻygan bino ham koʻzlari mastonagʻa,

Qoʻymasa derdim qadam men yoʻqda ul ostonagʻa,

Qolmish erdi xasta jon, kirganda men mayxonagʻa,

Anglomonkim, ul zaifi notavonim keldumu?

 

Qilgan erdik ahdu paymon birga davron surgali,

Vaʼdamizda to qiyomat tanda jon bor-turgali,

Qarslar urib ishq bogʻida bazmi Jamshid qurgali,

Demangizkim keldi mahvashlar seni oʻlturgali,

Muni dengkim, qotili nomehribonim keldimu?

 

Ulki, vaʼda berdi kelmakka-sabihlardin sabih,

Guftorlari jon ozigʻi, goʻyo nabot yangligʻ malih,

Ayro ersa yoʻl agarda na kabob kuygay, na six,

Hajrdin oʻldum demangkim, boshinga kelmish Masih,

Ayting ul osoyishi ruhi ravonim keldimu?

 

Imtihonidin aning bir necha yoʻl oʻtding, valek,

Necha kunlab, haftalab hajrida qon yutding, valek,

Tunlarni tonglarga ulab, haq deya kutding, valek,

Koʻyunga ushshoq kelgandin xabar tutting valek,

Demading ul zoru benomu nishonim keldimu?

 

Oshiq Erkin oshigʻim, deb, yor, nazargʻa ilmading,

Necha qildim yaxshilik, mingdan birini bilmading,

Na takkalum aylading va na tarahhum qilmading,

Zuhd koʻyiga koʻngul birla dedingkim kelmading,

Ey Navoiy, necha aytib ul yomonim keldimu?

 

Oshiq ERKIN

 

“Sharq yulduzi”, 2011–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.