«Nasimi subhidamdin anbari tar sochilur»

0
163
marta koʻrilgan.

* * *

 

Ey, nasimi subhidam, mendin nigorimgʻa salom,

Ul sochi sunbul, yuzi gul, navbahorimgʻa salom.

 

Lablari qandu gulobu soʻzlari shahdu sharob,

Gʻamzasi mastona, ul koʻzi xumorimgʻa salom.

 

Jon nisor etsam kerak bodi sahardek ollida,

Bandadin har gah gahki eltur boʻlsa yorimgʻa salom.

 

Boʻstoni husni lutfu xulq ichinda sarvinoz,

Ul sevar jontek, azizam, ixtiyorimgʻa salom.

 

Tobugʻungda nechakim arz ayladi holin Gado,

Demading bir kunki, miskin xokisorimgʻa salom.

 

* * *

 

Har qachon laʼling tabassum qilsa shakkar sochilur,

Chun takallumdin dam ursa durru gavhar sochilur.

 

Gʻolibo, sen sunbulingni torading, ey, jon, bukun –

Kim, nasimi subhidamdin anbari tar sochilur.

 

Oy yuzungnung hasratinda har kecha tonggʻa degin,

Koʻzlarimning yoshidin yer uzra axtar sochilur.

 

Gʻoyati aʼlo marotibdin dururkim, har sahar,

Maqdamingda gunbadi aflokdin zar sochilur.

 

Bu Gado hasrat bila koʻz maʼdanidin dam-badam,

Laʼling uchun har qayon yoquti ahmar sochilur.

 

* * *

 

Oy yuzungdur mazhari husniki derlar dunyoda,

Kimda boridur seningdek shoʻxi dilbar dunyoda.

 

Bas, ajoyib ishvachi makkorai senkim, bukun

Koʻrk iqlimi sanga boʻldi musaxxar dunyoda.

 

Sharbati laʼling hadisini eshitmishdur magar,

Kim munungtek boʻldi qosid shahdu shakkar dunyoda.

 

Talʼating mohiyatin gar nogah idrok aylasa,

Oʻzga yuz koʻrsatmagay xurshidi anvar dunyoda.

 

Topmadi har nechakim, sayr ayladi sayyor aql,

Sen bikin bir rahmsiz shoʻxi sitamgar dunyoda.

 

Har nechakim, yoru hamdam topqasen, ammo yaqin

Topmagʻungdur men Gadodek yori gʻamxoʻr dunyoda.

 

* * *

 

Orazingning ollida shamsu qamardin kim desun,

Lablaringning qoshida shahdu shakardin kim desun?

 

Sunbuli zulfing kibi mushkin salosil bor ekach,

Anbari soro ne boʻlgʻay, mushki tardin kim desun?

 

Talʼating, ey, jon, agar bir dam muyassar boʻlmasa,

Bu koʻrar koʻzni netay, nuri basardin kim desun?

 

Oy yuzung ollinda lofi husn urur erdi quyosh,

Olloh-Olloh, bori ul bepoyu sardin kim desun?

 

Dunyoning oqu qarosin koʻzga ilmon zarraye,

Zulfu yuzung bor ekach, shomu sahardin kim desun?

 

Bandadin gar jon tilar boʻlsang, tufaylingdur, begim,

Bovujudi ul ogʻiz bu muxtasardin kim desun?

 

Shum raqibing soʻzidur miskin Gadoning qaygʻusi,

Yoʻqsa ishqingda, begim, tiygʻu tabardin kim desun?

 

* * *

 

Xasta koʻnglumni, begim, nortek yangoqing oʻrtadi,

Qolganin bir yoʻli ul jodu qaroqing oʻrtadi.

 

Zulfu xolingdin shikoyat qilmon, ey, jonu jahon –

Kim, mening jonimni ul siymin saqoqing oʻrtadi.

 

Yuragim qon boʻldiyu hech topmadim jon maqsadi,

Soʻz bila oxir meni shirin dudoqing oʻrtadi.

 

Kimga aytay dardi holimni, ne tadbir aylayin –

Kim, meni boshtin-ayoq, zolim firoqing oʻrtadi.

 

Ohu vovayloki, bu miskin Gadoni oqibat,

Hasratu gʻam birla dardi ishtiyoqing oʻrtadi.

 

* * *

 

Ey, niholi qomating sarvi xiromondin latif,

Durji laʼlingdur dagʻi bu javhari jondin latif.

 

Tong nasimi lutf ila har nechakim jonbaxsh erur,

Boʻlmagʻay hargiz, vale, paygʻomi jonondin latif.

 

Har nechakim, durri ummondin chiqar durri yatim,

Koʻzlarimning yoshidur koʻp durri gʻaltondin latif.

 

Ayni kavsardur halovatligʻ zilol erding manga,

Talʼatingdur dogʻi yuz ming bogʻi rizvondin latif.

 

Qof to Qof jahon kezganda sayyorai xirad

Koʻrmadi shahri Hirotu Bogʻi zogʻondin latif.

 

Nechakim jannat havosi boʻlsa alhaq dilkushoy,

Boʻlmagʻusidur, vale, Bogʻi xiyobondin latif.

 

Lablaring vasfingda bu Gadoning soʻzlari

Tozau serobu rangin obu hayvondin latif.

 

* * *

 

Nettim oxirkim, inoyat koʻzidin solding mani,

Oy yuz isboti bila ikki koʻzumning ravshani.

 

Sogʻinur boʻlsam visoling davrini qon yigʻlaram –

Kim, manga ul lutfu ehsonu inoyatlar qani?

 

Intizoringda chiqargʻa yetti jon, chiqgʻil ravon

Ushbu oq evdin, qaro koʻzum, dagʻi tirguz mani.

 

Yer yuzinda gʻamzangizdek yoʻqturur qon toʻkkuchi,

Sizga xatm oʻldi jahonda oshiq oʻlturmak fani.

 

Parvarish qildim yurak qoni bilan koʻz yoshini,

Doʻst sogʻindim, ne bildimkim, erur jon dushmani.

 

Yozugʻim maʼlum emas, bilmon ne taqsir ayladim,

Mundin ortuqkim irodatlar bila sevdim sani.

 

Gavhari maqsadni netti, gar inoyat aylasang,

Durji laʼlingdin, ayo, husnu latofat maʼdani.

 

Yarligʻi ishqing bila sultoni olammen, begim,

Nechakim boʻlsam faqir, ey, husn mulkinda gʻani.

 

Men Gadoni aytur ermishsenkim: “Oʻlturgumdurur.”

Mundin ortuqkim inoyat koʻzidin solding mani.

 

* * *

 

Dilbaro, laʼling hayoti jon emishduk, bilmadim,

Bu koʻngulning dardina darmon emishduk, bilmadim.

 

Holikim, sendin yiroq oʻldum, azizim, angladim

Kim, visoling davri xush davron emishduk, bilmadim.

 

Halqa-halqa sunbuling ul bargi nasrining uza

Kufri mahzu ravnaqi iymon emishduk, bilmadim.

 

Suvsadi koʻnglum bagʻoyat vodiyi hajringda, oh,

Xoki poying chashmai hayvon emishduk, bilmadim.

 

Kunda har soat yiroqdin oy yuzung nazzorasi,

Men Gadogʻa umri jovidon emishduk, bilmadim.

 

GADOIY

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–8

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.