Nafasing koʻksimni nurga toʻldirar…

0
213
marta koʻrilgan.

***

Azizam, qarshingda turibman, mana,

Istasang poyingda choʻkajakman tiz.

Yurakda bir ogʻriq qilur tantana –

Oʻlimdan kuchliman, sevgidan ojiz.

 

Azizam, turibman, mana qarshingda,

Sendan bir imomi, imdodmi kutib.

Jonimga jabr bor har qarashingda,

Turibman koʻzlaring yoshini yutib.

 

Qarshingda turibman, mana, azizam,

Nafasing koʻksimni nurga toʻldirar.

Nega indamaysan – nigohlaring nam,

Sogʻinchni koʻzyoshmas, jimlik oʻldirar.

 

Azizam, qarshingda, mana, turibman,

Oramizga tushgan faqat bir qadam.

Tegramga til bilmas devor quribman,

Turibman termulib – jurʼatsiz odam…

 

***

Kasal boʻlishga ham qoʻrqaman, illo,

Ogʻrisam, joningiz ogʻriydi, jonim.

Girgitton boʻlasiz, goh yigʻlaysiz yo,

Axir oʻzingiz-ku dorim, darmonim.

 

Gard yuqsa egnimga, choʻqiysiz qushday,

Kipriklaringiz-la yuzim silaysiz.

Oʻzingizga emas, goho behushday –

Neki yaxshilik bor – menga tilaysiz.

 

Gohida sokinsiz, kulasiz sirli,

Goh asov daryodek toshib oqasiz,

Goʻyoki bilgandek bir mudhish sirni

Shubha-gumonlardan olov yoqasiz.

 

Yonimdan oʻtgan har yeldan qizgʻanib,

Yuragim titkilab koʻrasiz bot-bot.

Axir, sizdan keyin oʻzimni tanib,

Axir, sizni deya borman-ku hayot.

Axir, sizniki-ku har bir nafasim,

Dilim sizdan oʻzga dilni soʻrmaydi.

Axir, oʻzingiz-ku erkim – qafasim,

Koʻzim sizdan boshqa gulni koʻrmaydi.

 

Jonim solingan-ku kulguchingizga,

Kulsangiz maydayin chayqalar jonim.

Jon ato etasiz lab uchingizda,

Baxtiyorim mening, mening armonim.

 

Toʻrtta fasl kabi aylanar hayot,

Goh sovuq, goh issiq, goh qor, goh yomgʻir.

Goh doʻst, goh gʻanimdek shaylanar hayot,

Yaxshiyam, siz borsiz, sizsizlik – ogʻir.

 

Yaxshiyam, siz borsiz, Xudoga shukur.

Yaxshiyam, men borman, shukur Xudoga.

Qirqqa kirganimda anglaganim shul,

Sizni deb kelganman asli dunyoga…

 

***

Kunlar kabi qisqarar muddat,

Qor yoqqanday qovoq solasan.

Sensiz oʻtar kunlarim mudrab,

Mensiz qancha yashay olasan?

 

Yuzing yalar shomgi izgʻirin,

Bekatlarda turib qolasan.

Tashlamaysan koʻzlaring qirin,

Mensiz qancha yashay olasan?

 

Olib ketar yashil avtobus,

Boʻgʻzimdagi yashil nolasan.

Xayollari ortda qolgan qiz,

Mensiz qancha yashay olasan?

 

Telefonda qilasan zarda,

Goʻyo tantiq, injiq bolasan.

Derazangni toʻsadi parda,

Mensiz qancha yashay olasan?

 

Hafsalasiz ochasan kitob,

Varaqqa termulib tolasan.

Soʻzing poylab turibman shu tob,

Mensiz qancha yashay olasan?

 

Kiprigingda shuʼlalanar nur,

Goʻyo yomgʻir, goʻyo jolasan.

Oʻzing qiynab qilasan huzur,

Mensiz qancha yashay olasan?

 

Qoʻlim yetar, yetmas sabotim,

Ostonangda turib qolaman.

Ichkarida mening hayotim,

Sensiz qancha yashay olaman?

 

***

Dilimni varaqlar barmogʻin hoʻllab.

Yurakni kitob deb oʻylaydi bu qiz.

Har bir varagʻimga tekkizadi lab,

Meni shoir qilmay qoʻymaydi bu qiz.

 

Nigohim choʻmilar kulgichlarida,

Xonamga kiyikdek boʻylaydi bu qiz.

Xayolan yashaydi gul ichlarida,

Meni shoir qilmay qoʻymaydi bu qiz.

 

Gapirsam, tirnogʻin tishlaydi nega,

Mashrabdan gʻazallar soʻylaydi bu qiz.

Qoʻyvorsa, qoʻlimni ushlaydi nega,

Meni shoir qilmay qoʻymaydi bu qiz.

 

Doʻkonga kelgandek sheʼr soʻrab kelar,

Ishq oʻyinin gʻirrom oʻynaydi bu qiz –

Goh sochini yoyib, goh oʻrib kelar,

Meni shoir qilmay qoʻymaydi bu qiz.

 

Yigʻlaydi sababin aytmaydi, goho

Kuladi – bepichoq soʻymaydi bu qiz.

Bir kuni savdoyi qiladi va yo

Meni shoir qilmay qoʻymaydi bu qiz.

 

Ishim yoʻqmi boshqa qalam-qogʻozdan,

Nega buncha sheʼrga toʻymaydi bu qiz?

Darak yoʻq sevgidan, ishqdan, dilrozdan,

Meni shoir qilmay qoʻymaydi bu qiz.

 

***

Koʻzyosh kabi yomgʻir tinmasa,

Shivirlasa namiqqan barglar.

Koʻzgularda aksim sinmasa,

Yodga tushsa yoqimli dardlar.

Meni eslang, meni unutmang…

 

Turna misol uchsa xayollar,

Hislaringiz bahordan tonsa.

Yoʻlingizni toʻssa shamollar,

Labingizga tomchilar tomsa.

Meni eslang, meni unutmang…

 

Xazon kabi sochilsa kunlar,

Anordayin ezilsa yurak.

Koʻnglingiz tark etmasa kinlar,

Bilmasangiz sizga kim kerak.

Meni eslang, meni unutmang…

 

Chirpiragan bargdek uchaman,

Na soxtaman va na aslman.

Sizni savdoyidek quchaman,

Axir, siz istagan faslman.

Meni eslang, meni unutmang…

 

***

Bilmadim, bu yurak meniki emas,

Xuddi gʻijimlangan qogʻozdek – gʻijim.

Faqat hapqiradi, biror soʻz demas,

Begona yurakka toʻladek ichim.

 

Bu yurak meniki emas, bilmadim,

Kimsasiz – egasi koʻchib ketganday.

Qadimiy bitikka oʻxshar bu yurak,

Sargʻayib, soʻzlari oʻchib ketganday.

 

Meniki emas bu, bilmadim, yurak

Shubha-gumonlarga toʻlib qolganday.

Hadik bilan boqar har oʻtgan kasga,

Bir oqshomda qoʻrqoq boʻlib qolganday.

 

Emas, bilmadim, bu yurak meniki,

Choʻnqayib oʻtirar hissiz, soʻzsiz jim.

Axir, kimniki bu, biror kas bormi,

Qayerlarda qoldi mening yuragim?!

 

***

Bilaman, yuraging sogʻinayapti,

Aqlingga boʻysinmay asov tulporday.

Goʻyo gʻururingga dogʻ inayapti,

Xuddi sogʻinishning bir aybi borday.

Hali maromiga yetmadi, Gulim,

Sabr qil, sogʻinmay yashamoq – oʻlim.

 

Koʻksing kunjagida bir his pitirlar,

Nenidir yoʻqotgan kabi dilgirsan.

Xotiralaringni bir is qitiqlar,

Goʻyoki hammaga oshkora sirsan.

Hali maromiga yetmadi, Gulim,

Sabr qil, sogʻinmay yashamoq – oʻlim.

 

Koʻzguga soʻylaysan hasbi holingni,

Koʻzingda yiltillar anglamsiz bir mung.

Tortib olishgandek goʻyo molingni,

Boʻgʻzingga tiqilar ogʻriqli bir un.

Hali maromiga yetmadi, Gulim,

Sabr qil, sogʻinmay yashamoq – oʻlim.

 

Rangin yoʻqotganday atrof-javonib,

Sezmaysan oʻzga bir isni, iforni.

Kunduzlari mudrab, tunda uygʻonib,

Bagʻringga bosasan oʻshal ozorni.

Hali maromiga yetmadi, Gulim,

Sabr qil, sogʻinmay yashamoq – oʻlim.

 

Yoningda sharpalar aylanar goʻyo,

Jilmayib boqasan, quloq solganday.

Koʻzingga hammasi koʻrinar roʻyo,

Dunyoda faqat sen yolgʻiz qolganday.

Hali maromiga yetmadi, Gulim,

Sabr qil, sogʻinmay yashamoq – oʻlim.

 

Yurasan. Toʻxtaysan. Nega, noayon,

Ortingga qaytasan – qaroring sinmas.

Goʻyo oyoqlaring qilganday isyon,

Aqling qaroriga sira boʻysunmas.

Hali maromiga yetmadi, Gulim,

Sabr qil, sogʻinmay yashamoq – oʻlim.

 

Ehtimol, adashdim – tusmolim budir,

Eshigingga ming bor bordim-u – qaytdim.

Seni bilmayman, lek ahvolim shudir,

Ismim soʻrasalar ismingni aytdim.

Sogʻinch maromiga yetdi-ku, Gulim,

Angladim: sogʻinmay yashamoq – oʻlim…

 

Vohid LUQMON

 

“Yoshlik”, 2016 yil 1-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.