Munavvar etdi kitob

0
85
marta koʻrilgan.

 Xayr, bogʻcha

 

Oq yuvib-tarab bizni,

Qoldirmay koʻnglimizni,

Erkalatib asrading,

Quchib har birimizni.

 

Ha, oʻsdi boʻyimiz ham,

Aqlimiz, oʻyimiz ham,

Oʻqib, bilim olishning

Vaqti yetdi chinakam.

 

Oʻstirding, berib tuz-non,

Misli ona – mehribon,

Bir umr minnatdormiz

Sendan aziz bogʻchajon.

 

Qoʻydik koʻksimizga qoʻl,

Bizga tilagin: “Oq yoʻl!”

Saf tortyapmiz maktabga,

Xayr, bogʻcha omon boʻl!

 

 

Chigirtkalar

 

Quyosh botib, gar choʻksa shom,

Olay demay sira orom,

Ovozin ettirib davom

Chirillashar chigirtkalar.

 

Quloq osmas ular soʻzga,

Bermay uyqu sira koʻzga,

Olamda hech yoʻqday oʻzga,

Chirillashar chigirtkalar.

 

Tinim bilmas bu qanday zot,

Oqshom boʻlsa goʻyoki shod,

Tun uyqumiz qilib barbod,

Chirillashar chigirtkalar.

 

 

Piching qilmang akasi

 

Kelib qoʻngach butoqqa

Mittigina chugʻurchuq:

– Qay biringiz yirikroq, –

Dedim, – senmi yo chumchuq?

 

Gaplarimni oʻziga

Olgandayin qattiqroq,

Jahl aralash birdan

Dedi menga oʻsha chogʻ:

 

– Hamma qushday qanotli

Koʻhlikkina bir zotman.

Piching qilmang akasi,

Oʻz toshimga men botmon.

 

 

Atirgulim

 

Oʻstirgan atirgulim

Boʻlganidan eng xushboʻy,

Der bogʻimga kirsa kim:

– Buncha chiroyli, xushroʻy.

 

Boʻlmagan kam maftuni

Gullarimning hidiga,

Ekkandim-da, ularni

Saylab bogʻim didiga.

 

 

“Alifbe”ni oʻrgandim

 

“Alifbe”ni oʻrgandim,

Oʻqib, yozaman ravon.

Gap ochigʻi, qolmadi

Talaffuzimda nuqson.

 

Bilim olishga endi

Mahkam bogʻlayman belni.

Bilim yoʻlidan yurib

Quntga bogʻlayman yoʻlni.

 

Ziyo tararkan, dilim

Munavvar etdi kitob.

Bilim doim sochar nur

Misli koʻkdagi oftob.

 

Ollobergan POʻLAT

 

“Sharq yulduzi”, 2014–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.