Muhammad Yusufga bagʻishlangan sheʼrlar

1
996
marta koʻrilgan.

Hamma yaxshi shoir-adiblarni va Muhammad Yusufni ustoz deb bilaman. Uning samimiyligi, chapaniligi yoqadi. Oʻzi ham sheʼrlariga oʻxshardi: birovga yomonligi yoʻq, sodda odam edi. Agar shoir oʻz asarlariga oʻxshamasa, chinakam fojea, aslida, shu… Kim nima desa, ogʻzi oʻzida, Muhammad akachalik millatni, shu tuproqni sevgan odamni koʻrmaganman.

“Sizni kuylayman” (“Sharq” NMAK, 2007) kitobi soʻzboshisidan

 

MUHAMMAD YUSUF

 

Yomonga oʻlim yoʻq, yaxshiga kun yoʻq,

Tomiringga qoʻshib olishar uzib.

Bobur yoʻq, Choʻlpon yoʻq, Majnun yoʻq,

Muhammad Yusuf yoʻq, Muhammad Yusuf.

 

Bir qiz yigʻlab borar, soddagina qiz,

Yigʻlar kitob bilan yuzini toʻsib.

Balki sevgilingiz, balki singlingiz,

Muhammad Yusuf yoʻq, Muhammad Yusuf.

 

Uydan mozorgacha yuz odimcha yoʻl,

Aylanib kelamiz yurtlarni kezib.

Kimga koʻngil berib, kimga esa qoʻl…

Muhammad Yusuf yoʻq, Muhammad Yusuf.

 

Tirikka mehr yoʻq, marhumga qahr,

Nima topding, aka, tuproqqa tushib?

Uzala tushgancha boʻzlaydi qabr,

Muhammad Yusuf yoʻq, Muhammad Yusuf.

 

Qizgʻaldoq bosh egib turar bagʻri qon,

Shoir yuragidan chiqqanmi oʻsib?

“Nega yigʻlamaysan, ahli Turkiston?”[1]

Muhammad Yusuf yoʻq, Muhammad Yusuf.

 

2001

 

BULBUL

 

Ellikqalʼada Muhammad Yusuf oʻtqazgan eman daraxti bor…

 

Bir bulbul sayradi tun boʻyi giryon,

Eman yaprogʻidek dilgir, jonsarak.

Shu kech hadeganda yorishmadi tong,

Shu kech shafaqlarga belandi yurak.

 

Ne chogʻli murakkab shoir qismati,

Unga-ku mayda gap abadiy yot.

Bir yon mangu gʻolib iblis suvrati,

Bir tomon gʻiybatga gʻarq adabiyot.

 

Shoir degan soʻzga koʻchgan kinoya,

Mirza deb bilarlar bugun mirzoni.

Magʻziga yetdingmi, shoir, nihoyat,

Hoʻkizlar koʻtarib turgan dunyoning?

 

Bularda na shafqat va na diyonat,

Oʻzini tushunar ziyo deganda.

Soʻzga, Navoiyga qilgan xiyonat,

Xudoyini oʻylar xudo deganda…

 

Shoirona kecha Ellikqalʼada,

Oy sochini yozgan munis, parishon.

Koʻzga uyqu parda tortgan pallada

Bir bulbul boʻzladi dilgir va giryon.

 

Aytsam, aytgudayin holim qolmadi,

Kuyning girdobida qovrildim, kuydim.

Inson inson boʻlib mendek yonmadi,

Shu kecha bir buyuk hikmatni tuydim.

 

Juvonmarg daholar keldilar qator,

Zamon qurbonlari yetishdi saf-saf.

Dordan qochgan ablah qayta qurdi dor,

Yana magʻrur boshin topshirdi Mashrab.

 

Sizni asrolmadim, men qanday zuryod,

Vijdonga bang suvin ichirmayman men.

Mening ogʻam edi qop kiygan jallod,

Xudo kechirsa ham kechirmayman men.

 

Shu kecha oʻzimni aldadim: bu – tush,

Yuragim koʻnmasdi, siltab urardi.

Qoʻshigʻin bas qilib, endi oʻjar qush

Qayda yuruvding deb tinmay soʻrardi!

 

Iqbol Mirzo.



[1] Muhammad Yusuf satri

 

1 mulohaza

  1. Rahmat, Iqbol Mirzo! Har bir sheʼringizda yangi tashbehu yangi topilmalar bor. Oʻlmas shoir Muhammad Yusufga juda yaxshi sheʼrlar bitibsiz. Sizga hamisha omad tilayman, ana shunaqa sheʼrlar yozib Muhmmad Yusuf yoʻqligini bildirmang.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.