INGRID YONKER
(1933–1965)
Bu shoira olmos qazib chiqaradigan Kimberli yaqinidagi Duglasda, fermada tugʻilib ulgʻaydi, afrikans tilida takror ijod qildi. Olti yoshidan boshlab sheʼr toʻqigan. Oʻn yoshida onadan yetim qoldi va singlisi bilan otasi qoʻlida tarbiyalandi. Oʻn uch yoshida “Yozdan soʻng” nomli birinchi sheʼr toʻplami bosilib chiqdi.
Aparteid qonunlariga koʻra, Ingrid Yonker eziluvchilardan emas, ezuvchi oqtanlilardan edi. Otasi parlament noibi, aparteid siyosati tarafdori boʻlgani uchun, Ingrid u bilan chiqishmasdi. U senzura qonunini joriy qilish hayʼatining raisi etib tayinlanganda, Ingrid yigirma uch yoshida uyidan ketib qoldi va “Qochish” (1956) degan kitobini chiqardi, yoxannesburglik bir yigitga erga tegdi, yigirma toʻrt yoshida bir qiz koʻrdi. Tez orada er-xotin ajrashishdi va u Keyptaunga qaytib keldi. Bir mahbubidan homilador boʻlib, bolasini oldirgani uchun, ishi sudga tushdi va asab buzilganligi tufayli ruhiy xastalar kasalxonasiga yotqizildi (1961). Tuzalib chiqqach, 1963 yilda “Tutun va oxra (boʻyoq)” degan kitobi bosilib chiqdi. Konservativ janubiy afrikaliklar jamoasi uni sovuq qarshi olsa-da, muallif katta mukofotga sazovor boʻlib, Ovrupo boʻylab (Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Fransiya, Ispaniya, Portugaliya) sayohatga ketdi (1964). Soʻngra Atlantik okeanga chiqadigan port shahar Keyptaunga qaytdi. 1965 yil yoz oʻrtalarida “Men shamollar bilan uchib ketaman” degan vasiyat sheʼrini yozib qoldirib, kechasi Atlantik okean koʻrfaziga oʻzini otib, qaytishga imkon qoldirmay, uzoq-uzoqlarga suzib ketdi. Yozib qoldirgan xatida “Hech narsani oʻzgartirish qoʻlimdan kelmaydi, bularning hammasiga ortiq chidolmayman” deyilgan edi.
Ingrid Yonkerning arxivi Greyamstaundagi adabiyot muzeyining mulki boʻlib qoldi. 1965 yilda uning nomi bilan ataluvchi adabiy mukofot taʼsis etildi. 2004 yilda esa vafotidan keyin Ixaman milliy mukofoti bilan taqdirlandi. Sheʼrlari bir qator Ovrupo tillariga tarjima qilindi, koʻp sheʼrlariga musiqa bastalandi. U haqda hujjatli va badiiy filmlar suratga olindi. 2010 yilda “Qora kapalaklar” nomli biografik-badiiy film ishlandi, Ingrid rolini ijro etgan aktrisa Karis van Xaugen 2011 yilda juda katta nufuzli Traybek mukofotini oldi.
Nyangada askarlar otib ketgan bola
Bola oʻlmadi
“Afrika!” deb qichqirayotgan onasiga
mushtlarini doʻlaytirib qoʻydi,
qichqiriqda ozodlik nafasi va
yassitogʻda[1] qurshalgan yuraklarning birligi.
Bola avlodlar jangidagi otasiga
mushtlarini doʻlaytirib qoʻydi
“Afrika!” deb qichqirardi avlodlar
qichqiriqda haq-huquq nafasi va
koʻchalarda jangovar gʻurur qonlari.
Bola oʻlmadi
Langada ham Nyangada ham
Orlandoda Sharpevilda ham[2]
Filippada politsiya posti oldida ham
Boshida oʻq bilan yotar u.
Bola bu miltiqli, toʻqmoqli askarlarning
qorongʻi soyasi
qonunchilar yigʻinida qatnashar bola
uy darchalariga onalar yuragiga koʻz tashlar bola
Nyangada kunduzi faqat toʻp oʻynamoqchi edi bola
endi hamma yoqda
butun Afrika boʻylab oʻtib borar ulgʻaygan bola
butun dunyo boʻylab borar eran boʻlib yetgan haybatli bola
ruxsat xatisiz.
Gudvundagi qishloq xoʻjalik koʻrgazmasida
Hurmat qilib mening oppoq yuzimni
Turmaga tiqishdi boplab oʻzimni.
Hozircha erkinlikda yurganlar, sirtdan
Kuzatishar holim xarobligin itdan
Osdilar qandaydir nishon siynamga,
Men, oʻjar, otildim aziz kulbamga.
Qochib zavq, mukofot ham maqtovlardan
Qochmasdim togʻdagi haq chorlovlardan.
Kechki jimjitlikka uchib borardim,
Unda ot bermagan menga-da hech kim.
Unda men yashardim shonsiz, bekishan,
Osmagan edilar siynamga nishon.
* * *
Muhabbat men bilan qololgani yoʻq,
yigʻilar-choʻzilar yumshoqlashgan oʻq,
men hasratga choʻmdim… aynan shu vaqtda,
duradgor yoʻnardi hovlida taxta.
Soʻzim oʻrim chogʻi toʻkilgan boshoq,
juda kichik dondir oʻlimim biroq.
Achchiq mevali quyosh
Achchiq mevali quyosh
achchiq mevali hayot
sindiradi koʻzguni
bunga yoʻq najot
qishloq yoʻlin qidirdim
shoshdim chorlarga
soʻqmoqlar adashtirdi
chalkash soʻzlarday
oʻzi oson edi bu
sokin ish xiyla
unutdim-da adashdim
uchrashib sen-la
engil xotira bilan
engil sukunat
adashib seni topgach
boshlandi hasrat
toʻtiqushning ovozi
meni jalb etar
lekin aldaydi faqat
meni gʻash etar
na yoʻl bor na yechim bor
hech yerda hayhot
achchiq mevali quyosh
achchiq mevali hayot
Seni oʻylab yigʻlayman
Sening shoʻrlik mayiting uzra yigʻlayman
koʻzlarngday moviy olis shoʻr dengiz.
Mening qoʻlim hech nima
seni saqlab qololmaydi
dengiz oʻtlari sari yoʻnalgan izlaringni
chuqur izlaringga eltuvchi yoʻlni
arang oʻzgartishim mumkin.
Mening qoʻlim hech nima
qoyalarga qarshi hech narsa qilolmas.
Ammo chagʻalay qila oladi.
Rus tilidan Miraziz AʼZAM tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–4
[1] Janubiy Afrika va Rodeziyadagi koʻm-koʻk oʻtloqlar qoplagan yassitogʻ.
[2] Langa, Nyanga, Orlando, Sharpevil – zanjilar uchun qurilgan qishloqlar. Bu yerlarda politsiya hayvonlarcha vahshiylik bilan namoyishchilarni otib tashlagan.