“Muhabbat gulshanida sayrayub yurgan gʻazalxonmen”

0
206
marta koʻrilgan.

Maxmur KORIZIY gʻazallaridan

 

* * *

 

Parishon xotirimgʻa bir shirin mahvash xayoli bas,
Vale bu gʻam tuni hamdam boʻlurgʻa xattu xoli bas.

 

Ne deb man lolayu gulni tamoshasini aylarman,
Boqib yuz koʻz bilan koʻrmoqqa ul jonon jamoli bas.

 

Jahonda har kishi oʻz matlabigʻa boʻlsa gar vosil,
Chekib koʻp ranju mehnat borsamu koʻrsam visoli bas.

 

Koʻrinsa mohi nav olam eli boqib duo aylar,
Qadimni xam qilib qilsam duo ikki hiloli bas.

 

Hama el sarv ila shamshod vasfin aylayur insho,
Manga yozmoqqa umrimcha aning qaddi niholi bas.

 

Muyassar aylasa yotsam aning koʻyida borimcha,
Tiriklikdin nasibam boʻlsa shuncha mohu sole bas.

 

Jahonni lazzatigʻa maylsiz boʻlsam ajab ermas,
Qilurgʻa toʻtii jon toʻmai laʼlida boli bas.

 

Qorongʻu dahr ichinda topsalar har kimsa bir Xizre,
Manga ul Mavlaviydek sodiqu sohib kamole bas.

 

Bu Maxmurni halok boʻldi, demang muhlik xumor ichra,
Munga hayvon suvi yangligʻ mayi shirin ziloli bas.

 

* * *

 

Meni xastani muncha dogʻ ettilar,
Vujudimni yongʻon charor ettilar.

 

Firoq emgakidin etib koʻp zabun,
Koʻzim yoshin ikki bulogʻ ettilar.

 

Koʻngulga solib ishq oʻtin dam-badam,
Muhabbat oʻtiga oʻchogʻ ettilar.

 

Junun dashtida mardi badmast etib,
Gahi telbavash, gah sogʻ ettilar.

 

Nechun chekmayin dilrabolar gʻamin,
Raqiblar bilan sayri bogʻ ettilar.

 

Chunon sayd etib jon qushini birov
Tanim quvvati zogʻu qalogʻ ettilar.

 

Etib jilva sogʻarchi ham jomi may,
Giriftori oltun ayoq ettilar.

 

Chunon oʻrtab andoqqi ishqing oʻti,
Kulimdin nishon yoʻq soʻrogʻ ettilar.

 

Malomat oʻqigʻa nishon aylabon,
Sitam xanjariga sadogʻ ettilar.

 

Mani teshai dasti Koʻhkandek etib,
Firoq ichra joyimni togʻ ettilar.

 

Necha Laylivash dilrabolar kelib,
Junun xaylidin deb sanogʻ ettilar.

 

Sen, ey soqiy, bir lutfe koʻrguzmasang,
Bu Maxmurni hajr ichra dogʻ ettilar,

 

* * *

 

Bir kun tun oʻrtasida uchradi bir mahliqo yolgʻuz,
Duchor oʻldi magar zulmatda Xizri rahnamo yolgʻuz.

 

Gʻubori dilni yozmoqlikka bir marham tilar erdim,
Aning chun keldimu, oldimgʻa bilmam oshno yolgʻuz.

 

Xaloyiq qadr aytur erdi har yilda bir tunni,
Ushal aytgan tuni shul tunmi keldi dilrabo yolgʻuz.

 

Muyassar boʻlsa har soat qadam tuprogʻini totsam,
Qilib oʻtsam koʻzimga surma doim toʻtiyo yolgʻuz.

 

Dili sad pora boʻlgan, bagʻri kuygan mubtalodurman,
Mani ogʻritmagin nevchunki singan (saxyo) yolgʻuz.

 

Chekib koʻp ranju mehnat vasli bogʻi ichra kirgan koʻp,
Degaymu doʻstlar ishqida kuygan marhabo yolgʻuz.

 

Bu kuygan jonimi hijron balosi koʻp zabun etdn,
Na boʻlgʻay olsangiz ilgimni, e ahli pano, yolgʻuz.

 

Bu Maxmurga junun orzu boʻlubdir deb gumon etmang,
Munga tun oʻrtasinda uchramish bir mahliqo yoyagʻuz.

 

* * *

 

Sening ishqingda, ey dilbar, yurak-bagʻrim toʻla qonmen
Ochilmay gʻunchavash ham andalibdek koni afgʻon men.

 

Nishonim benishon boʻldi kuyub axgar boʻlib qoldi,
Junun dashtida bir muhlik quyun yangligʻ parishon men.

 

Vujudim poyboʻsi mahjabinlarning arosida
Tushib xoki mazallatgʻa boshim ham guyi chavgonmen.

 

Bu umrim naqdini oldi biron yoʻl qayrilib boqmay,
Ilojim topmayin oyinadek har yerda hayronmen.

 

Sabo yetkur payomimni, halokat vaqtiga yettim,
Ki shoyad yodiga tushsam nechun ishqida oʻlgonmen…

 

Meni ishq ichra andogʻ bir pari Majnuncharoq etdi,
Aning kuyida qoldim bexabar xori maugʻaylonmen.

 

Jigar-bagʻrim ezildi dilrabolar suhbatin istab,
Tushib ayru hamadin tolibi bir shakkaristonmen.

 

Biyoboni judolikda qolib yolgʻiz, qulovuzsiz,
Topolmay mahrami dil telbalardek turfa sarsonmen.

 

Bu Maxmur aytsa koʻp afsonalar ayb aylamang nechun,
Muhabbat gulshanida sayrayub yurgan gʻazalxonmen.

 

* * *

 

Tiriklik ichra boʻlgʻaymu oʻshal zeboni bir koʻrmoq,
Koʻrinmay koʻnglimi olgʻon guli raʼnoni bir koʻrmoq.

 

Necha oyu necha kunlar chekib hijron balosini,
Muyassar etsa boʻlgʻaymu oʻshal barnoni bir koʻrmoq.

 

Manga shuldur havas koʻrsam, yuzungni, ey pari paykar,
Hamaga orzu ul jannatul maʼvoni bir koʻrmoq.

 

Damodam, yuz yoʻla, har koʻz ochanda koʻrmoq istarman,
Sanga jono, keraksa oshiqi shaydoni bir koʻrmoq.

 

Kelib, siynamni chok aylab, koʻringlar dardu dogʻimni,
Na hojat sizga, ey xalq, Vomiqu Uzroni bir koʻrmoq.

 

Bugun gʻam dashtida bagʻrim erib xunobalar yuttim,
Boʻlib Majnun tushub dilga oʻshal Layloni bir koʻrmoq.

 

Biling, e tolibi haq, barcha toat afzalidur bul,
Kelib dunyoga har kim orifu dononi bir koʻrmoq.

 

Kel, ey soqiy, berib tur dam-badam shahdi muhabbatdin,
Nechun, mumkin emas, boli Humo, Anqoni bir koʻrmoq.

 

Ezilib xun boʻlib oqdi, tarahhum qil, ado boʻlmay,
Senga boʻlsa havas bu Maxmuri rasvoni bir koʻrmoq.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.