Muhabbat degani qadrsiz erkdir

0
243
marta koʻrilgan.

OHU

 

Qalbim ohu edi, bilmay nedir band,

Yurardi togʻma-togʻ, begʻam va ozod.

Qay bir ovchi qoʻli tashladi kamand,

Keyin bandi etdi uni umrbod.

 

Qalbim – hurkak ohu, boʻysunmas edi

Tayanib ul nozik oyoqlariga.

Bilmam, oʻsha ovchi nimalar dedi

Engashib ohumning quloqlariga.

 

Lahza soʻng borardi ergashib yuvosh

Oʻsha hurkak ohu, vafodor ohu!

Itoatkor qulday koʻtarmasdi bosh

Men bunga qandogʻam chidardim, yohu?

 

Oh urib chorladim: “Qayt, ortingga qayt”,

Yugurdim, unmadi biroq yoʻllarim.

Koʻzida sirli nur porladi shu payt,

Ohu suyib qoldi ovchi qoʻllarin.

 

Oʻshanda jonimga solib ogʻriqlar,

Vujudimni yanchib taraldi bir sas:

“Muhabbat degani qadrsiz erkdir,

Muhabbat degani qadrli qafas!”

 

Endi oʻtmishdadir togʻ va ozodlik,

Xotirda ulardan qolgan aziz yod.

Alam qilar, ohu yigʻisini lek

Sira eshitmadi beparvo sayyod.

 

GULXAN

 

Koʻzim – qalbim koʻzgusi, toki

Yuragimni koʻrib turgaysan.

Sen qalbimni yoqsang, hattoki

Koʻzlarimda gurlaydi gulxan.

 

Menga ayon, sen magʻrur, kibor

Va beparvo otarsan xanda.

Ogoh etib qoʻyay soʻnggi bor:

Yonib ketma sen bu gulxanda.

 

PEYZAJ

 

Tun – toʻkilib ketgan surmadon,

Borliq choʻmar rangiga uning.

Koʻkka qarab oʻrlaydi shu on

Yashalmagan kechalar xuni.

 

Quyuqlashib borar surmarang,

Yulduzchalar koʻrinar yorqin.

Doʻmbirasi sochmaydi jarang,

Lol qoladi qari tol – oqin.

 

Koʻzlaringdan chiqadi qochib

Yodda qolmas, oniy tushchalar.

Qayerdadir quvonib, shoshib

Hadik bilan sayrar qushchalar.

AFSONA

 

Anjir – sharq goʻzali, toʻsar yuzini

Quyuq yaprogʻini etib pardalar.

Soʻng suv koʻzgusida koʻrmay oʻzini

Zardalar qiladi tunga, zardalar…

 

Eslaydi, gullamoq faslinda u deb

Sirli nur tushganin olis samodan.

Xoʻrsinib yod olar, barglarin yulib,

Tuhfalar etganin Momo Havoga.

 

Uning gunohidir shu oniy shafqat,

Shuni deb gullashdan qolmish mosuvo.

U yerga tushganda angladi faqat,

Bu achchiq qismatga yoʻq taskin, davo.

 

Soʻng uzoq sogʻindi jannat gullarin,

Oʻrtanib alamdan jonu jahoni.

Afsuski, berk edi qaytmoq yoʻllari,

Qalbiga tugildi jannat armoni.

 

Shundan beri koʻrmas gullarin anjir,

Koʻz yoshin yashirar qalin yaprogʻi.

Samodan tushgan chogʻ sirli, koʻkish nur

Yodiga tushadi Azal sabogʻi!

Titranib eslagay Momo Havoni…

 

GINA

 

Tonglaring kaftida ashkim shabnamdir,

Ketsam, umring aro hadsiz motamdir,

Sevgim – Zulayho-yu, koʻnglim Hotamdir,

Suysang suygulikman, kuysang kuygulik.

 

Lahza sayin roʻyo tutar yobonim,

Jismimdan ajralib bormoqda jonim,

Tikanli kovushni sezmas tovonim,

Suysang suygulikman, kuysang kuygulik.

 

Senga hanuz yotdir “ishq” degan imlo,

Gʻofilliging boshga boʻldi-ku balo!

Meni qavmi tomon imladi Laylo –

Suysang suygulikman, kuysang kuygulik.

 

Samandar sabr-la siyladi meni,

Qaqnus gulxanida iyladi meni,

Ohular quchoqlab yigʻladi meni,

Suysang suygulikman, kuysang kuygulik.

 

Koʻrdim, mudom shodsan – mahzun emassan,

Koʻrinmas zanjirga mahkum emassan,

Men Laylo boʻldim-u, Majnun emassan,

Suysang suygulikman, kuysang kuygulik.

 

Yetar, hasratingni koʻtar roʻzimdan,

Endi nima boʻlsa koʻrgum oʻzimdan,

Ruhim chimmatini oldi yuzimdan –

Suysang suygulikman, kuysang kuygulik.

 

OQSHOM

 

Baland beton imoratlarni

Shafaq nuri etganida gʻarq,

Toʻqqizinchi qavatdan turib

Keng osmonga tikiladi Sharq.

 

Tiriklikni charchatdi kunduz,

Salqib borar qushlar parvozi.

Choʻgʻ tashlagan anov ilk yulduz

Tugab boʻlgan kunning ovozi.

 

Toʻqqizinchi qavat. Bu yerdan

Yaydoq dashtdek qoʻrinar osmon.

Bosh aylanib ketgudek birdan

Xayolingni toʻzgʻitar gumon.

 

Yangrar koʻkdan boqiy bir ovoz:

“Zulmat choʻkar, oʻltirma karaxt”.

Beparvolik – odamzodga xos,

Bul amrga bosh silkir daraxt.

 

Tun umringga kiradi oqib,

Uzun, qora, tubsiz daryoday.

Hamon cheksiz osmonga boqib,

Sharq befarqdir pastga – Dunyoga!

 

 

QISH KEChASI

 

Ayoz yana zabtiga oldi –

Samovotda qotib qoldi Oy.

Yulduzlar ham koʻzdan yoʻqoldi,

Xira bulut toʻsdi hoynahoy.

 

Zamin sirli koʻzgudir bu tun,

Sinab koʻrsang boʻlar baxtingni.

Unga qarab koʻrarsan butun

Balki singan toleʼ taxtini.

 

Biroq hozir bu muhim emas,

Muhimi – shu rangpar goʻzallik.

Yaltiragan, ulkan muz qafas

Oy qalbiga sololmas hadik:

 

Nurkoʻprikda tushib samodan

Muz oynaga solganicha darz,

Shu koʻztanish, shaffof dunyoda

Qorlar uzra yogʻdu tushar raqs.

 

KUZGI SAVOLLAR

 

Umr – palaxmon, otar

Meni kuz bogʻi tomon.

Xazonligʻ qismatidan

Ayting, kim qolgay omon?

 

Uchmoqdaman chirpirak

Jonimga botdi azob.

Bugun uzlat mehrobin

Tavof etgayman, tavof!

 

Kunlar xira, bagʻridan

Joy bermoqda muzlarga.

Umr, qanday ishonding

Gul ruhimni kuzlarga?

Gul ruhimni kuzlarga…

 

DUNYo

 

Dunyo – tezoqar daryo,

Oqib boradi shitob.

Har toʻlqini – bir roʻyo,

Har toʻlqini – bir girdob.

 

Tagi toʻla chagʻir tosh,

Urilganlar barboddir.

Oʻng qirgʻogʻi – Tiriklik,

Soʻl qirgʻogʻi Mamotdir.

Dunyo – telbafeʼl daryo,

Unda mudom hushyor boʻl.

Boqsang hamki chor tomon,

Topilmas xaloskor qoʻl.

 

Ayqirib oqar tinmay,

Sinovdadir sabotim.

Savatdagi goʻdakday

Oqar unda hayotim…

Oqib borar hayotim…

 

MUHABBAT

 

Sen – samoviy farishta,

Men – yerdagi gunohkor.

Bilmam, bizni bu rishta

Qachon bogʻladi takror?

 

Baxt kamlik qildi bizga,

Bitmadi dil yarasi.

Tor boʻldi ohimizga

Yeru osmon orasi.

 

Yer senga munosibmas –

Har qadamda ming gunoh.

Men koʻkka uchay desam,

Vujudim zilday, evoh…

 

Nochor “ketaman” deding,

Bosh silkidim: “Boraqol”.

Yerdan zerikkan eding,

Koʻkka boqardim behol.

 

Ikki yelkang ustida

Olov koʻrindi shu payt.

Qanoting yuragimga

Urilgandi qachon, ayt?!

 

Gulnoz MOʻMINOVA

 

“Yoshlik”, 2014 yil 1-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.