Muhabbat bogʻida bargrezon

0
360
marta koʻrilgan.

DIL OVOZI

Arqon solib yetkazdilar huzuriga,

Arzitmadi avvalgidek bir uzriga.

 

Dedi: nega chegarani yana buzding,

Yana nega visolimga umid tuzding?

 

Men it edim, turtdi yana oyogʻida,

Men sevgan nur bir koʻrindi yonogʻida.

 

Koshki, yana turtsa, yana balqisa nur,

Nafrati ham koʻrinadi boʻlib surur.

 

Kimdir meni uraverdi kaltak bilan,

Men-chi, koʻprak sevaverdim yurak bilan.

 

Kanizagi koʻzlarimga balchiq sepdi,

Bir oshigʻi alam bilan yomon tepdi.

 

Shu lahzada lablariga tushdi koʻzim

Va poyida itdek yotdim borib oʻzim.

 

Qoʻllari oq, barmoqlari buncha uzun,

Bir kaftida kun oʻynasa, birida – tun.

 

Yuzlariga qarolmayman sira-sira,

Koʻzim tushsa, yurak-bagʻrim tilka-pora.

 

Qoshlariga sigʻinaman, kechirgin, deb,

Sochlaridek qora zahar ichirgin, deb.

Izlarini oʻpay, shamol, sen sovurma,

Tuprogʻidan koʻzlarimga surtay surma.

 

Oʻlgan yerdan tirilaman bersa zahar,

Zaharlarin sogʻinaman oqshom, sahar…

 

Barmogʻini nuqib dedi: quvib soling,

Avom kulsin, libosini yechib oling.

 

Shu zahoti haydadilar biyobonga,

Qaytolmayman bu koʻcha, bu xiyobonga.

 

Ikki koʻzi – biri muslim, biri tarso,

Koʻnglim uyin kuydirgan ul oʻti porso.

 

Olam aksin koʻraman men butxonada,

Jonim muqim jism degan koshonada.

 

Butxonaning yonida bor eski masjid,

Tuprogʻini yalar menga oʻxshagan it.

 

Ishqqa oshyon boʻldi koʻngil – qadim qoʻrgʻon,

Manzil tutmay oʻtib ketdi ushshoq – karvon…

 

Birodarlar, dardim sigʻmas dostonlarga,

Xabar bering tuproqlarga, osmonlarga.

 

Koʻzimda yosh, birodarlar, gʻamim yemang,

Kulsangiz ham, iltimosim, uyat demang.

 

Men magʻlubman, shu taqdirga oʻzim rozi,

Nima qilay, tinch qoʻymaydi dil ovozi.

Qisirlatib sindiradi sukutlarni,

Qasirlatib buzaverar hududlarni.

 

Yursam edi atrofida iti boʻlib,

Soʻng bor koʻrmay qolmasaydim faqat oʻlib.

 

Iti boʻlsam, mayli turtsa oyogʻida,

Men sevgan nur bir koʻrinsa yonogʻida.

 

Yetkazdilar huzuriga solib arqon,

Goh kirardi, goh chiqardi boʻgʻzimda jon.

 

OSMONNING SAVOLI

Uyqumda koʻzimga yosh kelur,

Zirqirab tomirda tosh kelur.

 

Yurakka choʻkadi koʻkdan yuk,

Jonimni soʻradi ishq – zuluk.

 

Tunimni sindirar xayoli,

Termular osmonning savoli.

 

Bir savol – muhabbat haqida,

Muhabbat – eng eski aqida.

 

Yulduzlar toʻplanar devonga,

Umrimiz qoʻyilar mezonga.

 

Ul alvon doira – kahkashon,

Betining taftidan bir nishon.

 

Qayda u, qayda u, qayda u,

Kim jonga bir mujda aytadi?

 

U balki hujayram ichida,

Hujayra zanjirin zichida.

 

Bir koʻrsat, oʻlimdan uygʻonay,

Bir koʻrsat, oʻtingda toʻlgʻonay.

 

Hayotni toʻldirsin jamoli,

Yugursin visolning shamoli.

 

Bir koʻrsat – oʻngimda, demayman,

Avvalim, soʻngimda demayman,

 

Bir koʻrsat, tushimda bir koʻrsat,

Maylimi, uyqudan turmasam?

 

Bir koʻrsat, bir koʻrsat izini,

Koʻrsatma, koʻrsatma yuzini.

Koʻraman koʻzimni yumganda,

Bir quyosh barq urar oʻmganda.

 

Koʻzimni ochganda koʻrinmas,

Oʻzini izlayman, goʻrinmas.

 

Ufqda nishona ajali,

Umrning ufqida tajalli.

 

Ilikda ogʻrigʻi ortadi,

Koʻzlari oʻziga tortadi.

 

Kerakmas ul eski iztirob,

Kerakmas ul eski oftob,

 

Kulolga beradi kulimni,

Yonidan olib oʻt yoʻlimni.

 

Ul ishqdan aylagil himoya,

Boshimga soyasi kifoya…

 

Ishq – ustoz, oshiqlar – talaba,

Magʻlublik aslida gʻalaba.

 

Muhabbat – gul sochgan bir zulm,

Toledir qoʻlida shan oʻlim.

 

Yulduzlar toʻplanar devonga,

Umrimiz qoʻyilar mezonga.

 

Tunimni sindirar xayoli,

Termular osmonning savoli.

 

BIR KOʻRSAM…

Nahotki, ul ogʻriq oʻlmagan,

Nahotki, ul gullar soʻlmagan…

 

Haliyam ul eski varaqlar

Qatida nigohi charaqlar.

 

Haliyam u bitik oʻchmagan,

Sir, boʻyoq, ranglari koʻchmagan.

 

Chayqalar zulfining zulmati,

Zim-ziyo tunlarning ulfati.

 

Nafasi keladi soʻzidan,

Yuragi koʻrinar koʻzidan.

 

Soʻzidan oshadi gʻayrati,

Koʻzidan toshadi hayrati.

Baxtiyor insonga atalgan,

Kiprigi koʻksimga qadalgan.

 

Hislari tovlangan barmogʻi,

Ehtimol, menga zid bormogʻi.

 

Chohlarga tashlaydi koʻnglimni,

Qilichdek kesadi yoʻlimni.

 

Umrdan, fursatdan uzoq yoʻl

Yo ozod va yoki tuzoq yoʻl…

 

Bilaman, qushlarga mehribon,

Tiriklik u bilan jovidon.

 

Gullarga, suvlarga dugona,

Menga-chi, doʻst emas, begona.

 

Tikanni avaylab silaydi,

Menga-chi, fojelar tilaydi.

 

Yoniga bormayman shul sabab,

Borgin deb tepadi telba qalb.

 

Judayam, judayam uzoqdan

Bir koʻrsam, qutilgum ingroqdan.

 

Bir koʻrsam, koʻzimga nur qaytar,

Dilimni tark etgan hur qaytar.

 

Bir koʻrsam, kuydirar zoʻr husn,

Komiga tortadi koʻr afsun.

 

Tomimda sayragan kabutar

Ogʻzida bormikan xush xabar?

 

Oshiqlik Salimga boʻldi fan,

Qoniga toʻlgaydir shul kafan.

 

Odamlar, yetkazmang daragim,

Bilmasin, unga yoʻq keragim.

 

Nomimdan yetmasin zarra ranj,

Holiga beqaror dunyo – ganj.

 

Bir malol kezmasin soʻzida,

Shamoldek oʻz erki oʻzida.

 

Quyoshdek yuksakda boʻlsin u,

Oshiq har yurakda boʻlsin u.

 

Boʻlsin u dunyoning xoʻjasi,

Har kuni boʻlayin oʻljasi.

Oromi – men chekkan ozorlar,

Dil komi – men yotgan mozorlar.

 

Qabrimdan unganda zor giyoh,

Giyohga qarasa bir qiyo,

 

Men uchun halovat, tamkin shu,

Ilinj shu, yupanch shu, taskin shu.

 

Bir koʻrsat, bir koʻrsat, bir koʻrsat,

Roziman koʻr boʻlsam shu fursat.

 

Nahotki, sargʻaygan qogʻozlar,

Qatida yam-yashil ovozlar.

 

Nafasi keladi soʻzidan,

Yuragi koʻrinar koʻzidan.

 

TIZIMCHA

Qomati oyatdek mukammal,

Feʼlida ming maʼno, ming amal.

 

Qaddi sarv, beli bir qismcha,

Siqma-e, bu belni, tizimcha.

 

Tizimcha, qomatga yarashib

Turibsan, koʻylakka qarashib.

 

Tizimcha, ogʻritma koʻylagin,

Qayerda turibsan, oʻylagin.

 

Ingichka, baxt kulgan bir gulsan,

Ingichka, shu belga masʼulsan.

 

Beli qil va yo bir qismcha,

Beliga chirmashma, tizimcha…

 

Bir qara, bilagi qop-qora,

Tirnogʻi ostida chirk, yara.

 

Barmogʻi har yonga qayrilgan,

Koʻzlari qaboqdan ayrilgan.

 

Qoshlari biri yoʻq, bir bor,

Kiprigi toʻkilib ketgan – xor.

 

Qoʻllari yo uzun, yo kalta,

Oʻziyam bir xalta uvada.

 

Tizimcha, sal kutsang agar san,

Oʻzingga mosini toparsan.

Bu xunuk, badburush, qaro yer…

Sen uni menga ber, menga ber.

 

Menga ber izini, gardini,

Kulgisi, sevgisi, dardini.

 

Labida ingichka istehzo,

Jon soʻrab someʼdir yuz Iso.

 

Zarradan koinot va falak,

Xayolot, hissiyot va yurak,

 

Oʻshandan jon olib yashaydi,

Xohlasa, toʻxtatib tashlaydi

 

Barini, barini, barini,

Menga ber sen oʻsha parini.

 

Tizimcha, menga ber, sen uni,

Sevaman men uni har kuni.

 

Tizimcha, ayblarni yoparsan,

Oʻzingga mosini toparsan.

 

Tizimcha, holiga bir qara,

U doʻrdoq, u yomon, tasqara…

 

Oʻzga hech hur, gʻilmon, malakmas,

Boshqasi menga hech kerakmas.

 

U mening jonimda yashaydi,

U mening qonimda yashaydi.

 

Koʻz ochsam, koʻzimga toʻladi,

Koʻz yumsam, oʻzimda boʻladi.

 

Usiz men koʻrmayman dunyoni,

Tanimay qolaman ziyoni.

 

Tizimcha, sen necha qavat, qat,

Hech gʻijim boʻlmasin qomat, qad.

 

Beliga suykalma, bu – xilof,

Shu jonim bu ishqqa bir gʻilof.

 

Beli qil va yo bir qismcha,

Siqma-e, bu belni tizimcha.

 

Tizimcha, ogʻritma koʻylagin,

Qayerda turibsan, oʻylagin…

TOʻLIN OY

Toʻlin oy, bunchalar toʻlgʻinsan,

Bir yorugʻ, birida soʻlgʻinsan.

 

Gohida non kabi pishgansan,

Gohida xun boʻlib shishgansan.

 

Ayt-chi, sen tonglarni kutganda,

Yulduzlar nurlarin tutganda.

 

Yoʻlingni ochganda bulutlar,

Sendan bol shimganda oq tutlar.

 

Kuyganda qushlarning qanoti,

Sururing simirsa ishq oti.

 

Jilgʻalar sen sari suzganda,

Shamollar ildizin uzganda.

 

Kechganda har kungi talotoʻp,

Sen esa kuzatib barin xoʻp.

 

Bir koʻcha yo bir uy, bir yoqda,

Soyada, ehtimol, chuvoqda.

 

Koʻrdingmi, koʻrib mast boʻldingmi,

Soʻng sen ham ishq bilan toʻldingmi?

 

Boshingdan uchdimi bor hushing,

Koʻksingni yordimi jon qushing?

 

Yoʻqotib qoʻydingmi yoʻlingni,

Muhabbat tutdimi qoʻlingni?

 

Tosh kabi bir joyda qotdingmi,

Oʻt boʻlib osmonda yotdingmi?

 

Tunlarda u senga qararmi,

Tun kabi sochini tararmi?

 

Toʻlin oy, ruhimning volisan,

Toʻlin oy, ruhimning holisan.

 

Kechani yoritar chiroyi,

Labida titraydi xirgoyi.

 

Muhabbat bogʻida bargrezon,

Toʻlin oy umriga tun mezon.

 

Toʻlin oy, chehrangda aksi bor,

Soyangda sevgining raqsi bor.

Shu sabab uzmayman koʻzimni,

Burmayman yuzingdan yuzimni.

 

Oy, senda ul pari aksi bor,

Men senga qarayman intizor.

 

Intizor qarayman senga, oy,

Koʻzimni kuydirar ul chiroy.

 

Men uni sogʻinib oʻrtandim –

Tunlarda tushimda koʻrganda.

 

Oʻngimda koʻrganda kuyarman,

Uning shul zulmini suyarman.

 

Men sendan koʻzimni uzmayman,

Dunyoning tartibin buzmayman.

 

Olamning quyoshi ul oyim,

Bir koʻrsa, toshlar ham muloyim.

 

Koinot markazi mohtob,

Girdida parvona oftob.

 

Jahonning boʻlinmas maxraji,

Tun-kunning qiyomi, eng avji.

 

Toʻlin oy, dargohga olib bor,

Koʻksimni boshqamas, oʻzing yor.

 

Tanga ruh quygan sen, ey, naqqosh,

Muhabbat mulkini etding fosh.

 

Qoʻl yetmas yulduzni yaratding,

Osmonni bir unga qaratding.

 

Oʻtadi, qaytadi toʻlqinlar,

Koʻksimni yoray deb yulqinar.

 

Nuqtadek keladi Yer shari,

Nuqtalar kurradek aksari.

 

Hech biri bosmaydi damimni,

Hech biri toʻldirmas kamimni.

 

Husnini yoʻnganda, toshtarosh,

Yonida bitsayding meni, kosh.

 

Ey, qalam, men sendan oʻkindim,

Bilmayman, choʻkdimmi, choʻqindim.

 

Koʻzimga koʻringan ul – meʼroj

Va yoki koʻrindi eski xoch?

Ey, odam, bir koʻrsat kamolin,

Bir koʻray nur toshgan jamolin.

 

Izlayman bir balqqan husnni,

Koʻnglimda nur oqqan husnni.

 

Qay sori burdi u yoʻlimni?

Bogʻladi koʻzimni, qoʻlimni.

 

Chiqolmam u chizgan chiziqdan,

Kul boʻldim u sochgan issiqdan.

 

Koʻraman men uni har joyda,

Tuproqda, quyoshda va oyda.

 

Har yerda koʻraman men uni,

Har ashyo koʻrsatar har kuni.

 

Shom, kecha – zulfining zulmati,

Oq tonglar – yuzining ulfati.

 

Zulfining zulmi bu, zulfining,

Bu tugun sirlari qulfining.

 

Husnidan beringiz bir qatra,

Soʻng, mayli, oʻldiring ming marta.

 

Zarrasi, zarrasi kifoya,

Shu zarra aylagay himoya.

 

Bir qatra dengizga berar rang,

Bir zarra togʻ bilan qilar jang.

 

Butunni butlaydi bir qism,

Koinot chanogʻi bir ism.

 

Kunduzni kechadi yulduzlar,

Yulduzdan kuyadi kunduzlar.

 

…Oy, sendan koʻzimni uzmayman,

Koinot tartibin buzmayman.

 

DARVESh

Hijrondan oʻtganda har safar,

Visolda yondirsa har nazar.

 

Hirqangni kuydirsa vujuding,

Olovni suydirsa vujuding.

 

Kiyiklar oʻpganda koʻzingdan,

Bulbullar bol shimsa soʻzingdan.

Shamollar sochingni yoyganda,

Qadamlar saharda toyganda.

 

Oldinda borganda tobuting,

Suyakdek toʻkilsa sovuting.

 

Yoʻllarda boʻldingmi unga esh,

Choʻllarda tunga yo kunga esh?

 

Oʻzingni tuproqqa koʻmdingmi

Yo ishqqa gavhardek choʻmdingmi?

 

Boshingga tushdimi ming savdo,

Muhabbat qildimi huvaydo?

 

Kelyapsan horigan tevada,

Soʻzlaring ishq degan shevada.

 

Sevgidan keltirgin iqtibos,

Sevgidan keltirgin bir asos.

 

Ishorat etsa gar ul meʼmor,

Xashak ham boʻlgaydir tosh devor.

 

Istasa, koʻzdan suv chiqorgʻay,

Koʻzangni oshiqu ishq qorgʻay.

 

Dunyo – bu toʻkilgan obida,

Biz goʻdak muhabbat bobida.

 

Bu dunyo chokidan soʻkilgan,

Soʻtilgan kitobdek oʻqilgan.

 

Ho, darvesh, qoʻlingda bul aso,

Bu koʻngil ochmoqdan muddao.

 

Yoʻllarda koʻrdingmi uni sen,

Yurt kezgan poyingni oʻpay men.

 

U yurgan yoʻllardan mitti gard,

Yo alvon, yo pushti yoki zard,

 

Poyingga, ehtimol, yuqqandir?

Manzillar yoʻllarni tuqqandir.

 

Bilasan, xavf nima, ne xatar,

Topib kel sen menga xush xabar.

 

Aks emas, yetkazgil, togʻ, sado,

Ruhimda ingraydi bogʻ – sato…

 

Yetkazgil sen menga daragin,

Yetkazgil ul menga keragin.

Sochlari uzunmi sumbuldek,

Ovozi ucharmi bulbuldek?

 

Qatlimga tayyormi qoshlari?

Bor menga atalgan toshlari.

 

“Men tomon bir qadam bosma!” – der,

Shu zahot seskanib ketar Yer.

 

Duch kelsa, qochadi qirgʻoqqa,

Men esa sigʻmayman sigʻnoqqa.

 

Koʻray deb sudralib boraman,

Oʻzimni balchiqqa qoraman.

 

Oʻtadi koʻchaning chetiga,

Tupurdi odamning betiga.

 

Kimlarga ayttirib urdirdi,

Men esa koʻchasin supurdim.

 

Qanchalar boʻlsam men sharmanda,

Otadi shunchalar shoʻx xanda…

 

Jonimga yopishgan bu balo,

Etgaydir jononga mubtalo.

 

Menda yoʻq gʻurur ham, toʻzim ham,

Aslida yoʻqman-ku oʻzim ham.

 

Ketardim boshqa bir makonga,

Yetardim boshqa bir zamonga,

 

Ne qilay, bu yerda u bor-da,

Shu sabab hayotim ozorda.

 

Kerakmas uningsiz hayot ham,

Ilhom ham, qogʻoz ham, dovot ham.

 

Uningsiz kirmayman jannatga,

Jannat ham oʻxshaydi minnatga.

 

Bir bora koʻrmasam zarurda,

Koʻzlarim, soʻzlarim ozurda.

 

Meni yoʻq qiladi kofir ishq,

Yo yoʻqdan bor qilar oxir ishq.

 

Charxingga solasan, ey falak,

Qalbimda qolasan, ey malak.

 

Ho, darvesh, olamga xabar ber,

Guvohdir koʻkda oy, pastda yer.

Yo Rabbim, koʻrsatgil nishona,

Ruhimda oqadi afsona.

 

Ho, darvesh, adashgan ho, banda,

Ustingga yopganing ne janda?

 

Shu janda koʻrgandir malakni,

Men unga tutayin yurakni.

 

Ho, darvesh, beparvo, ho, bedil,

Koʻrsang gar iziga tez egil.

 

Va menga yuborgil shamolni,

Hidida tuyayin visolni.

 

Bir koʻrsang, biz tomon uchib kel,

Yo sendan oldinroq kelar sel.

 

Jahonda oqadi bir oqim,

Jahonning bahosi bir toʻqim.

 

Kelyapsan, diydor bor kaftingda,

Yulduzlar oʻsadi taftingda.

 

Koʻnglimga qoʻr solgan sen – pok-o,

Aqlimni xoʻp olgan idrok-o.

 

May bilan, loy bilan qovushdim,

Savatda kulchadek uvushdim.

 

Dil kuydi, til kuydi ismingdan,

Men bunyod boʻldim bir qismingdan.

 

Boʻlsa gar oshiqning yuz ishi,

Boʻlmagay biri ham tuz ishi.

 

Holatim, holimdan sen ogoh,

Oʻzingni yoʻqotdim, men gumroh.

 

Darvesh bor, lek uni yoʻqotdim,

Bor na doʻst, na egar, na otim.

 

Ho, darvesh, ketaver yoʻlingda,

Koʻraman men uni gulingda,

 

Tuproqda, suvlarda, osmonda,

Koʻraman toʻrt tomon, toʻrt yonda…

 

Qalb degan koʻzada bir talab,

Sogʻarni ichaman labolab.

Darvesh – men, men esa yoʻq edim,

Azaldan yoʻqlikda toʻq edim.

 

Ho, darvesh, hoy oshiq, k-ey Men,

Charx urib izlading meni sen?

 

Bordan ham, yoʻqdan ham topmading,

Ochilgan eshikni yopmading.

 

Yuz burdim murassaʼ iqbolga,

Boz kirdim ul qadim aʼmolga.

 

Jonimga baqodan darak lab,

Kelibdi fanodan daraklab.

 

Bir chetga uyquni tong surdi,

Tonglasi qaygʻuda bong urdi.

 

Uyquda hukm etdi amaldor,

Qaygʻuga gar yetdi amal – dor.

 

Bodarang orazda nur oʻynar,

Bodada jon bila dur oʻynar.

 

Jon ichra oʻynaydi jin, jodu,

Jin, jodu jon ichra yonodu.

 

Qadahni kuydirgan shu boda

Oʻtida yonadi shabboda.

 

Lab tegsa, qaytadan tugʻildim,

Beshikdan ziyoga yoʻgʻrildim.

 

Koʻnglimdan yoyilar shoʻbalar,

Koʻnglimga quyilar tuhfalar.

 

Nur kelib ishq bilan uqbodan,

Haramlar sindilar taqvodan.

 

Izladim – qalbimda pinhon u,

Izladim – qalbingda nihon u.

 

Axtardim – dilimda nuroniy,

Axtardim – dilingda zulmoniy.

 

Assalom, tut qoʻlim, ayo Rab!

Assalom, bur yoʻlim, ayo Rab!

 

Qalb degan uyimga kel, ey Yor!

Kuyaman, kuyimga kel, ey Yor!

 

Salim ASHUR

 

“Yoshlik”, 2013 yil 11-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.