Muazzinlik qilar bulbullar

0
107
marta koʻrilgan.

(Erkin Vohidov gʻazaliga muxammas)

 

Bu chin izhor, bu chin iqror: seningdirman, seningdirman,

Boʻlay sobit va yo sayyor, seningdirman, seningdirman,

Magar sogʻman va gar bemor, seningdirman, seningdirman,

Vatan, to tanda jonim bor, seningdirman, seningdirman,

Tanim xok oʻlsa ham sen yor, seningdirman, seningdirman.

 

Raqib tegsa hamiyatga dilimni qoʻzgʻagan orsan,

Yigitlik sozida baravj vafoni kuylagan torsan,

Ajab ruhiy safo mavjud, vujudim ichraki yorsan,

Jahon kengdir, falak kengdir, yurak kengdir chu sen borsan,

Seningsiz ikki dunyo tor, seningdirman, seningdirman.

 

Agar xosman – senga mosman, senga xoslik ulugʻ neʼmat,

Teray rizqimni kiprik-la quchogʻingda qilib gʻayrat,

Sening ishqingki betaʼma, sening mehringki beminnat –

Menga begona ellarda nasib gar oʻlsa yuz rohat,

Chekay bagʻringda ming ozor, seningdirman, seningdirman.

 

Qadimdan bu qadim gʻozdir, meningdirsan, meningdirsan,

Boshim magʻrur, sarafrozdir, meningdirsan, meningdirsan,

Soʻzim darding-la mumtozdir, meningdirsan, meningdirsan,

Agar shodliklaring ozdir, meningdirsan, meningdirsan,

Magarkim gʻamlarim bisyor, seningdirman, seningdirman.

 

Senga manzur bitik bitsam salaflardin boʻlak, ayru,

Shudur oliy menga matlab, biroq undan buyuk orzu –

Sadaf bagʻrida dur yangligʻ nihon tutgan duoim bu –

Bugun bor, erta yoʻq jismim, vale ruhim uchun mangu

Sening manguliging darkor, seningdirman, seningdirman.

 

Abad jismingga mos isming qolur jon toqida zarnaqsh,

Senga Rustam bu taxmisni umid birlan etibdur baxsh,

Sharaf – dil koʻziga garding surishkim toʻtiyo aylash,

Sening ishqing bilan yondim, ketar jonimda bu otash,

Seningdirman, yana takror, seningdirman, seningdirman.

 

Rustam MIRVOHID

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.