Mongane Uolli SEROTE
(1944 y.)
Mongane Uolli Serote Yohannesburg biqinidagi Sofiyataun degan kichik shaharda tugʻildi. Aleksandr, Lesoto va Soetoudagi ingliz maktablarida oʻqidi. Yuqori sinflarda qoralarning oʻz-oʻzini anglash harakatida qatnasha boshladi, Afrika Milliy Kongressiga kirdi. Zanjilarning sheʼriy yigʻinlariga bogʻlandi. 1969 yilda bu harakati uchun qamoqqa olindi va toʻqqiz oy turmada yotdi. U yerdan chiqqach, maktabni tashlab, jurnalistlik bilan shugʻullana boshladi. 1972 yilda “Qoramolning oʻkirishi” nomli birinchi sheʼr toʻplami nashr etildi va u 1973 yilda Ingdid Yonker mukofotiga sazovor boʻldi. 1974 yilda Kolumbiya universitetiga kirib, 1979 yilda nafis sanʼatlar magistri darajasini qoʻlga kiritdi 1986 yildan Afrika Milliy Kongressining Londondagi sanʼat va madaniyat boʻlimida ishlay boshladi. 1990 yilda Janubiy Afrika Respublikasiga qaytib keldi. 1972–2004 yillar ichida toʻqqizta sheʼr toʻplami nashr etildi.
Yohannesburg shahri
Shunday qilib, sizlarni qutlayman:
Qoʻlim ishga undaydi shimimning orqa choʻntagida
Yoki pidjagimning ich choʻntagida.
Hayotim Yo’burg shahrida oʻtadi.
Qoʻllarim och ilonday choʻntaklarimni shishirib turadi,
Kartmonim yupqa, oriq,
Qornim Yo’burg shahrida, doʻstona tabassum bilan
Ochlikdan ingraydi.
Qornim qozonlarni ham, hujjatlarni ham
Yamlamay yutadi, shuniyam bilmaysizmi?
Yo’burg shahri, e, men sizni qutlayman,
Hammasi tugadi, avtobuslar guvullashi tugadi,
Muhabbatim ham orqada qoldi,
Bundan bu yogʻi kulgili uylar, odamlar, changlar uyurmasi,
Qarabsizki, oʻlimim ham yetib keladi,
Menga shunday deb koʻz qisib qoʻydi
Yo’burgning odamlari.
Men qoralar va oqlar orasiga boraman,
Ammo koʻp yoʻllar bekitilgan
Sizning yoʻgʻon temir nafasingiz sharofati bilan.
Yo’burg shahrida, ertalab soat oltida nafas olsangiz,.
Kech soat beshda nafasingizni chiqarasiz.
Men shunday paytda keldim dargohingizga,
Kelganimda neon gullaringiz
Elektr shamollarda oʻzini koʻz-koʻz qilardi
Qoloqlik zulmatini yashirib.
Sizning sement daraxtlaringiz naqadar goʻzal.
Men kelganimda, mening muhabbatim,
Chang-toʻzlarim, mening xalqim, mening oʻlimim,
Jism aro keskir olmosday zulmatda bekinib turgan
oʻlimim,
Ildizlarimni his qilaman.
Kemam langarini bogʻladim
Qudratim va zaifligim shunda
Jismimda, aqlimda, qonimda.
Hamma menga siz haqingizda soʻzlaydi, yaʼni
Yo’burg shahriga mendan nima talab
qilinishini soʻzlaydi…
Yohannesburg! Men sizga bir gap aytaman:
Xotinlar va erkaklar sizni dunyoga keltirishganda
Siz dunyoga kelganingizda
Aftingizda shunday sovuq ifodalar bilan,
Yemirilgan tuproqdagi egatlar kabi
Koʻzyoshlari ham boʻlgan ifodalar bilan –
Bunda hech qanday huzur-halovat boʻlmagan.
Yo’burg shahri – siz qoqsuyak oʻlim singarisiz
Yo’burg shahri, Yohannesburg, Yo’burg shahri…
Juda muhim dialog
Qoʻrqmang, Baas.
Mening paydo boʻlganim oddiy gap.
Mening yuzlarim kabi shu qora tunda
Yuzlarimiz uchrashdi.
Qoʻrqmang –
Siz meni kutmagan paytingizda
Har doim uchrashib turamiz.
Men, menday qora tunda,
Paydo boʻlaveraman.
Qoʻrqmang –
Mendan qoʻrqishingizda
Yuragingiz aybdor.
Sizdan qoʻrqishimda
Yuzim kabi qora tunda
Aqlim aybdor.
Qoʻrqmang, Baas,
Mening yuragim dengiz kabi keng,
Sizning aqlingiz tuproq kabi.
Bu hayajonli eʼtirof, Baas,
Qoʻrqmang.
Rus tilidan Miraziz AʼZAM tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–4