Meni taʼqib etar tinmay bir nigoh

0
142
marta koʻrilgan.

 MUHLAT

 

Ne baxtki, tiriltirdi bugun ham,

Sabolar sevgini sochdilar.

Oʻldirgandi qattol, sovuq gʻam,

Buloqlar oʻzicha toshdilar.

 

Esla, erta tingan soʻnggi soʻzingni,

Burchlaring tigʻiz bu lahzada.

Oy koʻzgusida kuzatgin oʻzingni,

Koʻrinmas zanjirni parchala!

 

Erta kelmas hech qachon bu on,

Senikidir mana shu muhlat.

Qutlugʻ qilgin qoningni, ey jon!

Yashab yashamaslik musibat!

Togʻlarga safarla ruhingni,

Uloqtir choʻqqidan xoin bor.

Zanjirlab qoʻysang-chi uyqungni,

Uygʻoq boʻl, uygʻotdi asl Yor.

 

* * *

Koʻnglim choʻkib bordi juda ham qattiq,

Yugursamda yoʻlim unmayin ketdi.

Hayot lazzatining toʻlovi achchiq,

Kechagi doʻstlarning izlari yitdi…

 

Vafo, manzilingga yetding qay ahvol?

Aslo tanimadi qarshilagan hur.

Nafsning poygasida topdingmi zavol?

Bagʻringni kuydiradi chorlayotgan nur…

 

Orzu va aʼmolingga misli jigarband,

Bormi bitta koʻngil, Soʻzingga ilhaq?

Mayli, dahri dunni qilma hech pisand!

Boʻloldingmi koʻngil Haq rohida xalq?

 

Koʻnglim choʻkib bordi juda ham qattiq…

Ishqim lahza-lahza goʻzal dor ildi.

Bahor chaqmogʻiga ishondim ortiq,

Kuzning soʻnggi kuni menga yorildi…

 

* * *

Hammasi oʻtadi, oʻtmagan kun yoʻq.

Guvlar shamollarga izillab jiyda.

Chayqalar mast emaslar, aldovdir yoʻriq,

Bolalikdan qotgan nechun bu diyda.

 

Shekspirni kim oʻqir Hamletdan boʻlak…

Ofeliya nomusi koʻchmanchi doʻkon.

Ezilgan, lallaygan, sevgisiz yoshda,

Kalaka qiladi seni gʻoʻr armon…

Gʻiybat mushoirasi joningdan oʻtdi,

Odamlardan qochging keladi nari.

Yagʻir doiraning jarchisi butdir,

Boʻgʻzingdan oladi qargʻalgan darding…

 

Buncha qoʻrqmasang-chi vos-vos nazardan

Ayiqning inidan chiqmagan ming yil…

Taʼma roʻyxatida yoʻqsan darbadar,

Dorga talabgor yoʻq boshqa bedildan!

 

* * *

Yashab oʻtdim soʻqmoq ustida,

Suvga qatnar edi bir dilbar.

Dilbarning nigohi koʻksimda,

Yillar oʻtsa hamki ul dilbar…

 

Bu tomonga oʻtmas endi hech,

Nigohlari meni titratar.

Tul koʻnglimga oqshom tushdi, kech,

Gunohlarim meni titratar.

 

Qaradim shafaqqa nigoron,

Qoraygan, yulduz ham koʻrinmas.

Yuragim qaqshagan, nogiron,

Yoʻlimda bir doʻst ham koʻrinmas.

 

Aldadilar obdon azizlar,

Koʻz yoshimni toʻkdim, oʻkinch yoʻq.

Siyladilar har chogʻ xasislar,

Chechaklarni oʻpdim, sevinch yoʻq.

 

Ketsam, eslagaymi ul dilbar,

Tepkilasa tuprogʻim mayli.

Borsam, soʻzlagaymi ul dilbar,

Imomiman telbalar xaylin…

 

Yashab oʻtdim soʻqmoq ustida…

 

* * *

Koʻnglim zulmatlarda, juda ham toldim…

Balki sobit turar hech bir tizim yoʻq.

Qismat-da! Togʻlarning ostida qoldim,

Menga kun yoʻq bunda, menga toʻzim yoʻq,

Oʻzimdan oʻzim hey, juda uyoldim,

Ravo koʻrganlaring Oʻzingga soldim!

 

Porlatding shafaqda, onim shu nafas…

Ummonda nahanglar dardimni aytsin!

Soʻngsiz neʼmatingdan boʻlgancha alas

Koʻnglim shuʼla boʻldi, hurlar ham yetmas!

Shuncha sharaf koʻrdim, men bir ojiz, bas!

Ravo koʻrganlaring Oʻzingdan qaytsin.

 

* * *

Shamol haydayotgan asalarilar galasi

Yonimdan oʻlim sharpasidek gʻuvillab oʻtdi.

Men uchun shamolni chaqardi asalarilar,

Jon beraymi, shamoljon, koʻngil beraymi?

Senga evrilishni qaysi shoir orzu qilmaydi!

 

* * *

Har narsa ilonday koʻrinadi sayhonda.

Oqibat har narsa uygʻotadi ilonlarni…

Bahor uyqusidan, yoz qutqusidan…

Har narsa kutsa boʻladi oqibat…

 

* * *

Meni olib borgin Haq huzuriga,

Adash boʻlib chiqdi yorqin, soz yoʻllar…

Yolgʻiz oyoq soʻqmoq boʻlsang ham mayli!

 

* * *

Daftarim qolib ketdi tik qoyada,

Qasamimni shafaqda yozganman,

Oʻzim boʻgʻzimgacha botib botqoqda…

 

* * *

Qarz olsang ol oʻzingdan,

Oʻzingdan ol olsang dard!

Yashadim deb hisobla

Qola bilgan boʻlsang mard.

 

XAT

Senga atalgan xatimni

Koʻzlaringgagina yozaman

Koʻzlarim bilan…

 

Vafo FAYZULLOH

 

“Yoshlik”, 2014 yil 11-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.