Men seni uchratdim sendan ayrilib

0
123
marta koʻrilgan.

Olisdagi yaqin goʻzalim

 

Men seni yoʻqotib men seni topdim,

Men seni uchratdim sendan ayrilib.

Sendan yiroq ketib sen tomon chopdim,

Senga yuzlanyapman har yon qayrilib.

Choʻgʻ kabi sovqotdim qaro kunlarda,

Oq-oydin tunlarda  gurladim muzday.    

Hayqirdim, dod soldim soʻzsiz – gunglarday,

Ne ajab, barg yozdim bemavrid, kuzda.

Oʻylasam, hayotim tush kabi, roʻyo,

Tushlarim hayotdir endi men uchun.

Yuksalganim sari choʻkyapman goʻyo,

Tobora sensizman, huvillar ochun.

Bu qanday azobdir, bu qanday baxtdir.

Sevgi avvalimdir, sevgi azalim.

Sen – achchiq qismatim, sen – yorugʻ taqdir,

Mening olisdagi yaqin goʻzalim.

Men seni yoʻqotib men seni topdim,

Men seni uchratdim sendan ayrilib.

Sendan yiroq ketib sen tomon chopdim,

Senga yuzlanyapman har yon qayrilib…

 

 

Navoiyning navosi

 

Zanglagan idrokingni

Naqsh etadi Navoiy,

Oʻzingga oʻzligingni

Baxsh etadi Navoiy.

Sheʼriyat osmonida

Yulduz emas, oy emas,

Mangu osmon singari

Aks etadi Navoiy.

Oʻrgatadi hayotni,

Qalbingni koʻrsatadi,

Boyimassan balki, lek

Shaxs etadi Navoiy.

 

Afgʻon togʻlari

   Afgʻonchi Xoliyigit buvamga

 

Hamon tushlarimga kiradi Afgʻon,

Yuragimni tirnar iztirob tigʻi.

Eslasam, toʻladi koʻzlarimga qon,

Qalbimni oʻrtaydi koʻhna dogʻlarim,

Kechalar qaydandir keladi yigʻi –

Hamon tushlarimda Afgʻon togʻlari…

 

Yigʻlab qoldi gʻamxoʻr, jonkuyar onam,

Yigʻlab qoldi suyuk qalam qoshligim.

Olis oʻlkalarga boʻldim ravona,

Qonlar kechib oʻtdi maʼsum chogʻlarim,

Afgʻon togʻlarida qoldi yoshligim,

Hamon tushlarimda Afgʻon togʻlari…

 

Har kuni falakka boqib koʻzlarim,

Matonat soʻrardim, duoda qoʻlim.

Goʻdakday yigʻlardi majruh doʻstlarim,

Jangga kirar edi qolgan sogʻlari,

Har kuni jaholat, har kuni oʻlim,

Hamon tushlarimda Afgʻon togʻlari…

 

Kim uchun kurashdim oʻzi, aslida

Urushni boshlagan befahm gumroh.

Men kuzakka yetdim bahor faslida,

Xazonga koʻmildi hayot bogʻlari,

Qirqqa kirmasimdan qaridim, ey voh,

Hamon tushlarimda Afgʻon togʻlari…

 

Urushda magʻlub yoʻq, yoʻq unda gʻolib,

Urushlar hamisha hissiz, mazmunsiz.

Tunlar uygʻonaman choʻchib, toʻlgʻonib,

Yigʻlasam, boʻgʻzimda qotar ohlarim,

Kechalar yigʻlayman tovushsiz, unsiz,

Hamon tushlarimda Afgʻon togʻlari…

 

Telbani koʻrganday boqadi olam,

Yuragimda bitmas hasrat, ozorlar…

Holimni bilmaydi hattoki bolam.

Har biri qadrdon doʻst-oʻrtoqlarim –

Jasur botirlardan qolgan mozorlar,

Hamon tushlarimda Afgʻon togʻlari…

 

Arafa

 

Albatta, ertaga kuladi quyosh,

Albatta, ertaga eriydi muzlar.

Quvonchdan chechaklar toʻkadi koʻzyosh,

Ohista nozlanar gullar, yalpizlar.

Ertaga daraxtlar ochadi bagʻir,

Nasimlar barchani erkalar birday.

Kim ham sogʻinmaydi bahorni, axir,

Axir, kim ham sayr qilmas yomgʻirda.

Qor ostidan oʻtlar koʻtaradi bosh,

Boshimizni silar beozor yellar.

Boʻronlar tinadi tortishib yuvosh,

Boshlanar koʻklamgi bayram, sayillar.

Qushlar qoʻshiq aytar erta sahardan,

Nolalar boʻlmaydi dilni oʻrtagan.

Qaytib kelgan kabi olis safardan

Yurakdan koʻrishar hamma ertaga…

 

Xulosa

 

   Bu dunyoninng ishlari chalkash…

                           Anvar Obidjon

 

Bu dunyoning ishlari chalkash –

U dunyoning borligi toʻgʻri.

Imonsizmas har bitta alkash,

Sotqin emas har qanday oʻgʻri.

Qafas ichra hayqirsa sherlar,

Yuragimni siqadi bir dard –

Nokasga goh omad berilar, 

Suyanadi sabriga goh mard.

Inson oʻtar balanddan, pastdan,

Lek bir holat dilni gʻashlaydi –

Kimdir yashab oʻladi asta,

Kimdir oʻlib yashay boshlaydi…

Nomard erur nomardga esh kim,

Haq yoʻlida boʻl sobitqadam –

Erkak boʻlib tugʻilmas hech kim,

Erkak boʻlib ulgʻayar odam.

 

Davlatjon KARIM

1991 yili tugʻilgan. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.

Sheʼrlari matbuotda eʼlon qilingan.

 

“Yoshlik”, 2018/2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.