Men seni izladim, men seni topdim…

0
70
marta koʻrilgan.

URGANCHGA SAFAR

 

1

Qarib boraverar asrim yilma-yil,

Milodiy muhabbat,

hijriy muhabbat, —

Urganchda kun koʻrgan intizor koʻngil,

Bir seni izlagan, bir seni, faqat, —

Faqat, ogʻir kelgan gʻamda pishmoq ham,

Oʻzini har kimga atab erta-kech,

Birdayin qulamoq, birday uchmoq ham.

Bir shaharda yashab uchrashmaslik hech,

Bir shaharda yashab ayro tushmoq ham.

 

Ruhidan qaygʻusin aylab badargʻa,

Masrurlik qidirgan, soʻngra topgan ranj.

Bir yoʻl koʻrsatmagan Yorga ketarga,

Eskirgan boʻlsa ham es kirmas Urganch.

 

Nasib qilolmagan shodlik vaslini,

Minglagan lahzadan yop-yolgʻiz palla.

Ismimga qoʻshmagan Yorning ismini,

Na Dishon qalʼayu,

Na Ichon qalʼa.

 

Men seni kashf etdim.

Yoʻq, undan avval

Betoqat kunlarning sochi oqardi.

Umrimdan kunlarim uchdi — darbadar.

Endi anglayapman, balki, u mahal

Hislarimni oʻqiy olmasdi shahar,

Oʻgʻuz lahjasida yomgʻir yogʻardi.

 

Sen unda bedoru men bunda bedor,

Sen unda sokinsan va men bunda jim.

Bu yolgʻon umrida bir haqiqat bor —

Men seni izladim,

men seni topdim…

 

2

Huzuringga chorla,

ayni subhidam,

Ikkimiz kezaylik bu yerlarni to, —

Koʻnglimga koʻnglingdan yetti olam jam,

Ruhimdan ruhingga yoʻllar sallamno.

 

Koʻksingda zarracha qolgaymi hasrat,

Axir ketaversak ishqqa sari biz.

Doston qilar edi,

bu shahar — hazrat,

Sheʼrga aylanardi yuraklarimiz.

 

Hayotiga kirib bamisli oftob,

Qalamidan toʻkib, bir nurni — saxiy.

Bizning ishqimizga axir bobma-bob

Bagʻishlov yozardi Munis, Ogahiy.

Qismat birlashtirgan u goʻzal damlar,

Qattiq boʻlajakdir orzuying, axding.

Qirq kun shodiyona qilar odamlar,

Qirq kun tantansi tugamas baxtning.

 

Bu yolgʻon umrimda bir haqiqat bor —

Men seni izladim,

men seni topdim…

 

 

* * *

Brodvey.

Eng ulkan fonus ostida

Shoshib borarkanman, bildim, shu safar:

Sheʼr bu — sogʻinch asli,

sheʼr bu — bir sitam,

Uzoqqa choʻzilmas baxtning talqini.

Oq-qora suratlar — tomoshabinlar,

Bunda jim kuzatar, ikki koʻzi loʻq.

Telba daraxtlar tevaragimda

Gitara chalarkan erkalanib, shoʻx.

Ipak yomgʻirlarga oʻrangan shahar,

Yallo aytayotgan koʻchalar boʻylab,

Sen qaydan

       bilarding

              kezmoq zavqini…

 

Sen buni bilasan, sen bilasan, yoʻq…

Xayoling doʻnganda ahvolim oʻylab —

Barcha shodliklarni yigʻib kelasan,

Iztirob yoʻqotar ranggin koʻzlardan.

Yugurib kelasan yoʻlkalar boʻylab,

Metrolardan shoshib chiqib kelasan,

Tushib kelasan huv avtobuslardan.

 

Bagʻrimda uygʻonar sochlaring hidi,

Birma-bir ohista kaftlar qovushar,

Birma-bir ohista lablar qovushar,

Birma-bir ohista taftlar qovushar…

Jim yursang, bu baxtmas, xato boʻladi,

Sen gapir.

Bu vaqtda shodlik bolalab.

Qoʻlinga tegmoq-chun fido boʻladi,

Oʻzini bandidan kesgan lolalar.

 

Men sheʼrlar oʻqiyman yoningda masrur:

“Bagʻrimda uygʻonar sochlaring hidi…

Bagʻrimda uygʻonar sochlaring…

Bagʻrimda uygʻonar…

Bagʻrimda…”

 

 

* * *

Yomgʻirlar yogʻadi

sen bor shaharga,

Yoriqlardan bir-bir sakrab oʻtar tun.

Umringni tilaysan daqiqalarga,

Umring — taloshmi, ayt,

qismat — talotum?

Men esa umringda oniy yildirim,

Gumburlab-sumburlab, chaqnab oʻtarman.

Boru yoʻq ishqimni senga bildirib,

Faqat anglamogʻing xohlab oʻtarman.

 

Yomgʻirlar yogʻadi

sen bor shaharga, —

Ikkimiz boramiz yomgʻirlarga doʻst.

Sevgilim, barisi roʻyo, ichikma,

Jonim, unutilar bari saharda.

Yomgʻirga qoʻshilib maydalanar soʻz:

“Ijara uyingga borgin, kechikma…”

 

Panaga gizlanib jon saqlaydi, jon

Yelkasi ivigan minglab halovat.

Odamlar oʻzini urar bekatga,

Sen esa,

ketmaysan, sen esa faqat

Koʻkka qoʻndirasan moviy koʻzingni, —

Va koʻzimga boqib toʻymaysan mening.

Zaminga oqlikni tilanar osmon,

Yomgʻirlar tinmaydi, tomchilar ming-ming,

Yigʻib ololmayman faqat oʻzimni,

Yomgʻirlar yogʻadi

sen bor shaharga…

 

Seskanib qoʻyadi mushtoq bagʻirlar,

Yomgʻirlar mavsumi…

Yanvar, fevral, mart.

Axir, sen bilmaysan, balki yomgʻirlar —

Koʻchada unutib qoldirilgan dard.

 

Yomgʻir — baxt.

Baxt bizning yanoqdan oʻpdi,

Yomgʻirpoʻsh ostida qiynalmas joning.

Sen bor shaharlarning yomgʻiri koʻpmi,

Yomgʻirlari koʻpmi

sen bor dunyoning?

 

 

Rahmat Bobojon

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.