“Men mudrayman kaftlaring belanchagida”

0
63
marta koʻrilgan.

MAZISI KUNENE

(1930 y.)

 

Mazisi Kunene Durbanda tugʻilgan. Natal universitetini tamomlagan. Bir necha yil oʻqituvchilik qilgandan soʻng Londonga koʻchib ketgan. Zulus sheʼriyati boʻyicha koʻp ilmiy ishlari mavjud. 1970 yilda “Zulus sheʼrlari” nomida sheʼriy toʻplamini eʼlon qildi.


 

Doʻstlar

 

Meni asta-sekin eltadi uyqu,

Garchi asal singaridir sening soʻzlaring.

Sen soʻngsiz hikoya aytasan menga,

Men mudrayman kaftlaring belanchagida,

Hozircha alamlar teshgan tanimni tebratasan.

Oʻrab-chirmaysan uni mehribonlik bilan,

Pichirlaysan, pichirlaysan.

Bilasan-ku, axir, men biribir eshitmayman seni.

Ammo pichirlaring yuragimdan haydaydi

Yolgʻizlikning bedorligini.

 

Temir tamaddun

 

Men koʻrdim u zotlarni – boshi qirilganlarni,

Shaq-shaq yurarlar temir tishli boshmoqlarda,

Mis chaqaday koʻzlari chaqchayib…

Men koʻrdim u zotlarni,

Temir mehroblar oldiga

Sanoqsiz podaday tiqilishardi:

Bolalarni ezib oʻldirganlari joyda

Tillari osilib turishardi.

Men koʻrdim, tirnoqlari oʻtkir temir but,

Quchoqlarida yondirardi chaqaloqlarni.

Boshqalari laqillab yurishadi yoʻllarda,

Qon va sutdan boʻlgan homilasin tashib,

Temir but qarshisida tiz choʻkishadi.

Men koʻrdim: sut oqimlari boʻylab yurib borardi temir.

Tuproq bujmayardi.

Dunyoda mavjud barcha mexanizmlar uning bagʻrida guvillardi.

Tuproq uvillardi.

Endi inson degan narsa yoʻq edi,

Endi ayol degan xilqat yoʻq edi,

Muhabbatni otdilar bozor koʻchalariga,

Oltinni toʻzlarga uloqtirganday,

Ularning temir bayramlari uchun

Kerakli tovarday, sovunday.

Ularning oltin qazib chiqaruvchilari esa

Toshyoʻllarning toshlarida yotarlar akashak boʻlib.

Quyunlarda oʻldirilib.

 

Men koʻrdim ularni – temirga sigʻinuvchilarni,

Ogʻizlarin siqib yotishardi…

 

Vidolashuv

 

Necha yillar sizlarga qoʻshiqlar aytdim,

Mana endi men ketyapman.

Aloqa tamom.

Choʻkib ketar bu qora nihol botqoqda,

Shamollar yigʻisida choʻkar urugʻlar,

Ularni sochib tashlar shamol choʻllarga,

Men ishonaman: ulugʻ kun keladi,

Birlashtirar bizni yoʻllarda.

Shaffof suvli koʻzalar sari kelsangiz,

Tarqataman tanimdan sahro mudrogʻin,

Meva tugar chogʻi anjirlar,

Majnuntollar soyasi soʻlim titrarkan,

Biyobonlar ohusi oʻtarkan hurkak,

Otalar boʻsagʻasi uzra oʻtirib,

Yechamiz tugunlarni bir-bir, kun boʻyi.

 

Yaqinlik

 

Bizni ajratishga urinar mudroq,

Ammo uyqular kelar – lang ochilar soʻngra qopqalar.

Qoʻngʻiroqchalar jarangi ostida keng uy oʻrtasiga

Asta-asta tushib kelasan sen

Va oʻynashasan yungi oʻsiq itlar bilan…

Men sharq eshigining tavaqalarin uzib olaman-da,

Uloqtiraman gurillab yonayotgan gulxanga,

Gulxan sening yuzlaringni yoritar,

Har xil rangli tuproq goʻzalligiday goʻzal u.

Jilmayganin yashirib ortga oʻgirilar u.

Ammo uzoq bir yerdan seni kimdir chaqirar –

Va sen gʻoyib boʻlasan indamay, men bilan gaplashmay,

Va yuzing chizgilarini saqlab qolar ichimdagi gʻam-gʻussa.

 

Boshqalar

 

Koʻnglimda hech qanday istak qolmaganda

Qoʻlimga shu savatni bering, ichida saqlangan urugʻi bilan.

 

Men uni boshqalarning istaklari bilan toʻldirib,

Yoʻli sahrolarda choʻzilgan odamlarga berayinki,

Shoʻrliklar ochlikni bilmasinlar.

 

Qaysar shoira Alisiya Medinaga

 

Ey, samolar qizining qizi,

Bu dunyoda, ishon, koʻzyoshlarsiz qoʻshiqlar yoʻq.

Rangdor kamalak qoʻshiqlarining hammasi yerdan chiqqan,

Ularda yerning chirishi muhri bor!

Kunlaringni yerda bekor oʻtkazma,

Qaldirgʻochlar bilan parvoz qil koʻklarga!

Mana ular,

Eng ulugʻ qoʻshiqlar, tubsiz yer ostining aks sadolari,

Koʻzyoshlar bilan toʻla.

Tongotarda ular, ular qondirishar olomonning chanqogʻini,

Har narsaga qodir soʻzlarning chanqogʻini.

Bilimsizlik beshigingni tashlasang-chi endi,

Yuragingni lang ochib qoʻy shamollarga.

Shunday kun keladi – yerga sharillab yogʻar

soʻqirlarning qoʻshiqlari,

Mangu daryolarning gurullashlarin takrorlab.

Soʻng yana gullaydi daraxtlar,

Charchaganlarga soyasi bilan madad berib,

Oʻz ulugʻvorlik mevalari bilan qondirar ularning ochligini.

 

Rus tilidan Miraziz AʼZAM tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.