Men axir gullarning jamolidirman

0
229
marta koʻrilgan.

Bitta Vatan

 

Odamlar begona ellarda yurib,

Sayohat zavqidan aylarmish huzur.

Eng goʻzal oʻlkaga yoʻllasalar ham,

Men bunday huzurni tuymadim, uzr.

 

Yaxshidir ehtimol begona elda

Baland binolardan hayrat topmoqlik.

Men uchun yaxshidir oʻz uyginamning

Eshigini har kun ochib-yopmoqlik.

 

O derlar, voh derlar oʻzga yurtlarni,

Sayr ila sayohat aylagan doʻstlar.

Ular aytadilar gʻalat emishman,

Feʼlimda bor emish koʻp kamu koʻstlar.

 

Bilaman, oʻz yurtin telbadek sevgan

Bitta bemorman men doʻstlar nazdida.

Ha, menga sharafli jimgina yashash,

Vatanni asrabon yurak ostida.

 

Aytarlar: istasang, hamma yurt – vatan,

Makon aylash mumkin har ne chamanni.

Yoʻq! Men Xudoyimdan soʻrab olganman

Bitta peshonamga bitta Vatanni.

 

Dilozorning qoʻshigʻi

 

Dilozorman, dilozor,

Ey, mendan hamma bezor,

Menga insof ber oʻzing,

Toʻzim ber, Parvardigor.

 

Dilozorman, dilozor,

Boshimda salanglar dor.

Ayting, keskir qilichdan

Mening nima farqim bor?

Dilozorman, dilozor,

Koʻnglim oʻzimdan ham xor.

Shunchayam berahmmi

Mening kabi bir dildor?

 

Dilozorman, dilozor.

Ichimda bir ilon bor.

Shu ilonni oʻldirsam,

Olam boʻladi gulzor.

Dilozorman, dilozor,

Ruhimga yogʻadi qor.

Qahratonni tugatsam,

Boshlanadi gulbahor.

 

Dilozorman, dilozor,

Hech kimga emasman zor.

Shu zulmkor dildorga

Bormi biror xaridor?

 

Dilozorman, dilozor,

Oʻzimdan qilaman or.

Yomon boʻlsam ham nega

Sevasan, Parvardigor?

 

Mensiz ham

 

Balki farishta ham asramas meni,

Yomonman-ku, balki urmas meni jin.

Lekin, iltimosim, hech qachon aytma,

Mensiz ham hayoting chiroyliligin.

 

Mensiz ham baxtiyor, shod yana xurram,

Koʻzingda quvonchlar bilan yashasang.

Mensiz ham xotiring boʻlsa agar jam,

Bogʻingda gullasa gullar turfa rang.

 

Mensiz ham har kuning oʻtsa osuda,

Mensiz ham baxtdan shod va mamnun kulsang.

Agarki sen meni sogʻinsang juda,

Jannat chorlasa ham bormasman, bilsang.

 

Sevmay qoldim dema, bu soʻzdan qaytgil,

Bilaman bu taqdir azalligini.

Faqat qandoq qilib tushunay, aytgil,

Mensiz ham hayoting goʻzalligini.

 

Shoir

 

U nurlar bagʻriga kiradi sekin,

Ilohiy harflar koʻringach zarhal.

Sheʼr uni bagʻriga oladi sokin,

Ruhida vulqonlar uygʻongan mahal.

 

Ishq kelib qalamni tutar qoʻliga,

Boshlanar ogʻriqlar, dod solar gʻamlar.

Yaqinroq boradi olis oʻlimga,

Dengizlar tubida yonadi shamlar.

 

O, bu sheʼr azobi, toʻlgʻoqlarida

Bilinmas ranglarning qoʻngʻir, oqlari.

Hayot va oʻlimning qirgʻoqlarida

Bong urar ruhining qoʻngʻiroqlari.

 

Nihoyat, tugʻilar muqaddas soʻzlar,

Yuz berar hayot va oʻlim visoli.

U endi lazzatli uyquga ketar,

Koʻzlari yorigan ona misoli.

 

Oshiqlik

 

Yuragida azoblar ulgʻaygan beshikdirman,

Ostonasi gʻam kirgan, baxt kirgan eshikdirman,

Avji sen bilan baland betakror qoʻshiqdirman,

Ishq boʻlmasa olammas, shunchaki boʻshliqdirman,

Sen Xudoga oshiqsan, men senga oshiqdirman.

 

Ayoldir ilk bor Odam Atoni sevgan odam,

Sevaman degan soʻzni, sadoni sevgan odam,

Xatolardan dars olar, xatoni sevgan odam,

Bandani sevmaydimi, Xudoni sevgan odam?

Sen Xudoga oshiqsan, men senga oshiqdirman.

Ruhimni telba etdi ruhingdagi oppoq nur,

Ishq dengizidan paydo boʻyningdagi oppoq dur,

Kel, baxtiyor yashaylik, Isrofil chalguncha sur,

Ey, zimiston ruhimni oq nurga toʻldirgan hur,

Sen Xudoga oshiqsan, men senga oshiqdirman.

 

Shaʼn davralar

 

Bir joyda depsinib turganim yetar,

Men shaʼn davralarga ketmogʻim kerak.

Kengliklar bagʻriga bagʻrini bosib,

Olis manzillarni sogʻindi yurak.

 

Xandon kulgularim, oʻzimga keling,

Yashamoq zavqiga toʻldi borligʻim.

Naqadar sharafli, qanchalar yaxshi

Bu yorugʻ dunyoda mening borligim.

 

Shukr, ogʻriqliman ishq dardi birlan,

Ruhimning osmondan homilasi bor.

Ne uchun charaqlab yonmasin koʻzim,

Yuzimdan boʻsalar olganda bahor.

 

Yoʻlimni toʻsmangiz, qoching, boʻhtonlar,

Men bitim tuzganman qaygʻular bilan.

Va butun umrimni yashab oʻtarman,

Eng yorugʻ, eng goʻzal tuygʻular bilan.

 

Ey, kir qoʻllaringni tort mendan, fosiq,

Qoch, choʻchitma nurni, toʻsma ziyoni.

Men axir GULlarning JAMOLidirman,

Gullarga toʻldirib ketay dunyoni!

 

Safarda

 

Ketishimga ozgina qoldi,

Oʻz yurtimning diydorin koʻrgum.

Koʻz yoshlarim ariydi endi,

Chin kulguga aylanar kulgum.

 

Oʻz tilimda soʻzlayman endi,

Zavqu shavqlar, bahralar bilan.

Bugun qutlugʻ uchrashuvim bor

Fayzli, ochiq chehralar bilan.

 

Soddaginam, munisim xalqim,

Tomchi-tomchi singding qonimga.

Qandoq qilib oʻrnashib olding

Bor borligʻim, jon-jahonimga.

 

Oʻzbekiston degan ismni

Manglaydan yurakka koʻchirdim.

Diydoring koʻrmagan kunlarni

Umr daftarimdan oʻchirdim.

 

Fidolikda topay oʻzimni,

Qolayin Vatanning yodida.

Chunki faqat tiz choʻkish mumkin

Xudo va Vatanning oldida.

 

Onasin sogʻinganlar

 

Sogʻindim onamni, mustarginamni,

Munisim, mushfiqim, rangparginamni,

Soʻlimim, chiroylim, dilbarginamni,

Yoʻl bering onasin sogʻinganlarga.

 

Sochiga oq gullar ekibdi hayot,

Yuziga imzolar chekibdi hayot,

Onam xoʻp choʻkibdi… toʻkibdi hayot.

Qoʻl bering onasin sogʻinganlarga.

 

Koʻp mehr bermadim, xizmat qilmadim,

Qachon xizmat qilsam, minnat qilmadim?

Balki pushaymonim shundan, bilmadim.

Dil bering onasin sogʻinganlarga.

Juda koʻp yurdim men oʻzimni sevib,

Endi koʻz yoshlarda qolayin ivib,

Yurak zanglarini olsinlar yuvib,

Kul bering onasin sogʻinganlarga!

 

Har tirik jon borib onasin koʻrsin,

Kechikib qolmasin, ildamroq yursin,

Qabrigamas, borib qoʻliga bersin,

Gul bering onasin sogʻinganlarga.

 

Yoʻl bering onasin sogʻinganlarga,

Sogʻindim onamni…

 

Guljamol ASQAROVA

 

“Yoshlik”, 2015 yil 9-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.