Maʼyus bir yogʻdu

0
86
marta koʻrilgan.

Nikolay RUBSOV

 

Esimda

 

Uchgin, uchavergin, umr yelkanim,

Hayot ummonida tinma bir nafas.

Faqat yillar oʻtib – qarilik manim

Bukilmas vujudim dol qilmasa, bas!

 

Lekin xotiralar chulgʻab damodam,

Koʻnglim tublaridan ketmaslar nari;

Guyo suzib chiqar tuman ichidan

Olis bolalikning manzaralari.

 

Esimda – chanada sirpangan qirlar,

Qirov oynalarga muhr etgan naqshlar.

Esimda – chorpahil, alpqomat erlar

Kuylagan qoʻshiqlar, jaydari raqslar.

 

Esimda – bugʻdoyzor adir bagʻrida

Sergak yumronqoziq – boqar men sari.

Esimda – kech kuzning saharlarida

Junjikkan qushlarning gʻamgin saslari.

 

U payt sirli edi ufqlar – yiroqlar,

Moʻjiza uchrardi qadamda – har on.

Endi ular barin yodida saqlar

Quyuq qayinzor va archazor oʻrmon…

 

Uydan chiqib ketganda

 

Shamolni sevaman baridan koʻproq,

Boʻzlashi yurakka solgaydir titroq!

 

Axir, kim uningdek tinmay oh tortar,

Oh tortgani sayin hasrati ortar!

 

O, shamol! Qulogʻim ostida zuvlar,

Tegramda tirik jon misoli uvlar!

 

Betaskin dard ila qalbing tilar u.

Senga dunyo gʻamin soʻylay bilar u.

 

Rahmat, shamol! Ayon angladim barin –

Ham azob, ham taskin menga dardlaring!

 

Tanishdir sendagi har nola, har un,

Men ham tashlab ketdim uyimni butun!

 

Fyccaga limmo-lim mening ham qalbim,

Biroq sendek boʻzlay olgaymi dardin?

 

Yoʻlim hech unmaydi – ufqlar xira,

Biroq shamol uvlar. Tin olmas sira…

 

Elegiya

 

Qoqdim bir choʻntakni – unda yel oʻynar,

Qoqdim ikkinchisin, eh, boʻm-boʻsh u ham.

Chiroyli fikrlar, o, zoʻr fikrlar –

Ketdilar qaygadir olmoq uchun dam.

 

Biroq, unutgum men turmush zahrini,

Shamolga chiqaman boshyalang, yupun –

Kechgan yillarimning hasratlarini

Qolgan sochlarim-la yupatmoq uchun.

 

Toʻkilar oʻylarim qoʻlimdan qumdek,

Oyogʻim ostidan sirgʻalar yoshlik.

Botuvchi har bir kun umrgadir chek,

Surursiz damlardan – koʻngilda gʻashlik.

 

Qoqdim bir choʻntakni – unda yel oʻynar,

Qoqdim ikkinchisin – oʻylarim mahzun…

Bir kun mashhur boʻlib ketsam men agar,

Boraman Yaltaga dam olmoq uchun…

 

 

Qaragʻayzor

 

Yana ruhim chirmar xayollar,

O, bu goʻsha – tengsiz ochunda!

Kumush yellar, oqtoʻsh shamollar

Bahslar qurib tinmaydi bunda.

 

Oʻris qavmin tuqqan qishloqlar,

Shovullagan, o qaragʻayzor!

Qorayarkan ufq, oʻtloqlar,

Qalbim mening nurlanar takror.

 

Ovloq tuman mehmonxonasi,

Oʻltiribman oʻqib, yoqib pech.

Tun uyqusiz kechar, chamasi,

Bunday paytlar uxlab boʻlmas hech.

 

Qandoq uxlay, zulmat komidan

Kelar moziy saslari shoyon

Va roʻbaroʻ derazalardan

Qorga tushar shuʼlalar hamon.

 

Mayli, boʻlsin rejalar bekor,

Tongda pushmon olsin qasdiga,

Quloq, tutib yotgum men bedor

Qaragʻayzor shovullashiga…

 

 

Tungi tashrif

 

Itlar ovoz berdi bevaqt, dafʼatan,

Tagʻin – yarim tunda, bu qandayin hol?

Kimningdir sharpasi koʻrindi shu dam,

Kelardi dalani kesib bemalol.

 

Mehmonlar yoʻq edi – kelishdi mana,

Qancha gurung kerak – tinglagin, yayra!

Qirmizbarg tollarning ostiga yana

Shinam joy toʻshaldi – boshlanar bayram.

 

Kechirgin sen bizni, horigan dala,

Singil yo akadek kechirgin bizni:

Balki biz soʻnggi bor qilib hafsala,

Lovullatdik yurak gulxanimizni.

 

Balki oxirgi bor tashrifimiz bu,

Balki bizdan keyin kelmaslar istab.

Xazonrez bogʻ ichra – maʼyus bir yogʻdu,

Barglar shivirlaydi gʻamgin, ohista.

 

Joʻshdi dilda bir zum hislar taloshi –

Yurtim, farzandingman, boʻl mendan pozi!

Biz yana otlandik yoʻllarga shoshib,

Ortda qolib ketdi itlar ovozi…

 

 

* * *

 

Enkaygan yogʻoch uy qarorgohida –

Oqtan qayinlarni oralab xushhol

Kezaman, mevalar terib gohida –

Kech kuzak shafagʻi tovlanganda ol.

 

Koʻm-koʻk, moviy osmon bagʻrida bu dam

Uchadi turnalar solib argʻimchoq;

Qayiq iz qoldirib suvda kumush rang,

Jilar jimjit oʻrmon ichiga shu choq.

 

Havo junjiktirar va sof – naq billur,

Qirgʻoqni qiyoqlar hidi etmas tark.

Daraxtda – bir lahza titrar-da masrur,

Yerga uchib tushar namxush xazon – barg.

 

Oddiy tuygʻulardan vujud osuda,

Qalb esa qalqiydi ufqdan nari –

Koʻm-koʻk, moviy gumbaz osmon ostida

Uchayotgan bir toʻp qushlar singari.

 

Butun borligʻingni ajib bir gʻycca

Komiga soʻroqsiz tortar shu oni,

Bamisli sokin shom oydin bir shuʼla

Chulgʻay boshlagani yangligʻ dunyoni…

 

 

Xotirot

 

Tinmas bunda boʻronlar hargiz,

Qish qahridan tushmaydi sira.

Koʻrinar bir yogʻoch uy yolgʻiz,

Uchqunlagan qor ichra xira.

 

Esimdadir, yulduzlar bunda,

Nurin sochar edi ravshan, xoʻb.

Esimdadir, boʻrilar tunda

Izgʻir edi hadiksiz, toʻp-toʻp.

 

Bari singdi yoʻqlikka roʻyrost,

Ogʻriq tuyar dillarim mening.

Buncha shoshqin, buncha jaranggos –

Solib uchdi yillarim mening?!

O, men hamon koʻzimni yumsam,

Koʻraman u kulbani tagʻin.

Izgʻirinlar junjiktirsa ham

Jimirlaydi yulduzlar yorqin.

 

Tinmas unda boʻronlar hargiz,

Qish qahridan tushmaydi sira.

Koʻrinar bir yogʻoch uy yolgʻiz,

Uchqunlagan qor ichra xira…

 

Rus tilidan Mirpoʻlat MIRZO tarjimasi

 

 

Nikolay RUBSOV – 1936 yilda tugʻilgan. Gorkiy nomidagi adabiyot institutida oʻqigan. Shoirning “Toʻlqin va qoyalar”, “Dalalar yulduzi”, “Mudom qalbimda”, “Qayinzorlar qoʻshigʻi” nomli sheʼriy toʻplamlari nashr etilgan. 1971 yilda vafot etgan.

 

“Sharq yulduzi”, 2017/10

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.