Mayin qoʻshiq yoyilar har yon

0
299
marta koʻrilgan.

 MEN OʻTGAN UMRGA

 

Hayot kitobimni bexos varaqlab,

Men oʻtgan umrga achinmay qoʻydim.

Tabassum oʻrnida kuldim charaqlab,

Suyish kerak boʻlsa – telbacha suydim.

 

Kiyganim ipakmi, chitmi yo kimxob,

Yurak boyligidan qilmabman parvo.

Meni ogʻushlagan hayot naq oftob,

Yangi qoʻshiq talab unda har saboh.

 

Men oʻtgan umrga achinmay qoʻydim,

Hech kimda koʻrmayin umrimga oʻxshash:

Suydim,

Erkalandim,

Ayrildim,

Kuydim,

Izzat nima – bildim.

Shu-da bir yashash!..

 

 

SEN QAYDASAN, YURAGIM

 

Qalb boʻlganda yiroqda

Iroda ekan ojiz.

Doʻstlar ham koʻp atrofda,

Ammo men yakka-yolgʻiz…

 

Birdan qalbim keksarib,

Qon ham qochdi yuzimdan.

Sen, sirdoshni axtarib,

Xayol ketar izingdan.

Qayga ketding, yuragim,

Bitdi bardosh va toqat.

Suhbatingdir tilagim,

Tilda hasratim qat-qat.

 

Koʻpdir aytajak soʻzim,

Oʻgitlaringga zormen,

Yigʻlaysan deb doʻstlarim

Taʼna qilar. Netay men?

 

Sovush bermaydi menga

Yoqib ketganing olov.

Netay, yetmayman senga,

Oʻrtaga tashlangan gʻov.

 

Ishqqa maskan yuragim,

Topib ber deb qistaydi.

Nima qilay, berahm

Ruhim seni istaydi.

 

 

TUN

 

Togʻ ortiga oʻtib ketdi kun,

Sokin choʻkdi toza, salqin tun…

 

Men deraza ochganim chorbogʻ,

Sokin uxlar tun koʻrpasida.

Mayin qoʻshiq yoyilar har yon,

Esib oʻtgan yel sharpasida.

 

Suv oqadi allalab tunni,

Hamma uxlar, uyda men uygʻoq,

Parcha qogʻoz, kichik bir qalam

Boshim uzra porlaydi chiroq.

 

Tunda qancha xayol, qancha kuy,

Men berilib quloq solaman.

Soʻz topolmay ifodasiga,

Rang axtarib shoshib qolaman.

 

Sof yel esar… Parvona uchar,

Chiroq atrofida oʻrgilib,

Oʻzin urib part boʻladi-yu,

Stolimga tushadi kelib.

 

Men yozaman, yulduzlar oʻtar,

Har birisi soʻylar bir ertak.

Mana, Hulkar qarshimda chaqnar,

Yorqin tongdan keltirib darak.

 

Tun oʻtadi, yana chorbogʻdan

Koʻtarilar sahargi tuman.

Men-chi, asta chiroq soʻndirib,

Otayotgan tongni kutaman.

 

Koʻzlarimda erib ketdi tun,

Yoyilmoqda yorqin juvon kun…

 

 

KOʻRGANMIDING KOʻZLARIMDA YOSH

 

Sogʻinganda izlab bir nishon,

Qabring tomon olar edim yoʻl.

Keltirarding menga bir zamon,

Endi har chogʻ men eltaman gul.

 

Keldim. Uzoq qoldim men sokin,

Sening aziz boshingda yolgʻiz,

Osmon tiniq edi va lokin,

Parcha bulut yetib keldi tez.

Koʻkda mening boshimda turib,

Goʻyo yuragimda qalqdi u.

Koʻzimdagi yoshimni koʻrib

U ham toʻkdi yoshini duv-duv.

 

Biz yigʻladik tepangda shu kun,

Keldingmi deb koʻtarmading bosh.

Ayt-chi, sen-la baxtiyor onlar

Koʻrganmiding koʻzlarimda yosh?

 

 

NE BALOGA ETDING MUBTALO

 

Oʻtdi oylar gʻam bilan oqib,

Dil topmadi zarra tasallo.

Firoqingda qoldim tutoqib,

Ne baloga etding mubtalo!

 

Koʻz ochgani qoʻymaydi alam,

Boshim qoʻysam kuydirar bolish.

Yupatolmas kitob va qalam,

Misralarim koʻtarar nolish.

 

Nahot shuncha maʼsum, shuncha pok

Sevishmoqda alam bor shuncha?

Bardosh bermas iroda, idrok,

Tamoman lol aql, tushuncha.

 

Togʻday bor deb bilgan yuragim

Qush boshicha qolmadi chogʻi?

Gʻamni yengarman degan sarim

Yana ortar alami, dogʻi.

 

Erib ketmagandim sevgingdan,

Boʻlmaslik-chun baxtingdan judo,

Birga qolish uchun sen bilan

Kuyaman-u, boʻlmayman ado.

 

ZULFIYa

Oʻzbekiston xalq shoiri

 

“Yoshlik”, 2014 yil 11-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.