Kutganimga juda oʻxshaysan, bahor!

0
125
marta koʻrilgan.

Qish ertagi

 

Pagʻa-pagʻa qor edi,

Qish oʻchogʻi tor edi.

Oʻz uyimda oʻz inim,

Tur, uyingga bor, dedi.

 

Qotib qoldim dafʼatan,

Qor urar har tarafdan.

Izgʻirinda qotmagan,

Karaxt boʻldim bir gapdan.

 

Tinmas osmon elagi,

Yerni oqqa beladi.

Shunday oppoq olamda

Zirqiradi yuragim.

 

Boʻron boshlar diydiyo,

Yupun qishloq zim-ziyo.

Koʻcha tomon uvillar,

Boʻrimidi, itmi yo?

 

Tutun purkar moʻrilar,

Ayozdan ham zoʻr ular.

Endi ichimda gala –

Uvillaydi boʻrilar.

 

Pagʻa-pagʻa qor edi,

Qish oʻchogʻi tor edi.

Oʻz uyida bir odam

Oʻz oʻrniga zor edi…

 

* * *

 

Bahorlar ortidan bahorlar kelsa,

Faqat gurkirasang, faqat yashnasang.

Bagʻringga muattar epkinlar essa,

Boʻgʻar tugmalarni yechib tashlasang.

 

Varrakday havolab uchsa yuraging,

Olis-olislarga soʻzingni eltsa.

Soʻrasang, eng oliy kunlar soʻragin,

Koʻklam haqqi, shoyad, ijobat etsa.

 

Garchi, chorlamakka andak kechikdim,

Yana oʻzing kelding holim soʻrarga.

Sogʻindim. Ovundim. Kuydim. Ichikdim.

Majol axtaraman xayol surarga.

 

Quchogʻing toʻldirib nurlar ola kel,

Unut boʻlayozgan kuylarni uygʻot!

Sarkash hayotimni izga sola kel,

Muz qotgan tuygʻular, oʻylarni uygʻot!

 

Fasl tanlamayman, qilmayman irim,

Axir, har mavsumning oʻz hikmati bor.

Koʻproq sen bilanmi bogʻliq taqdirim,

Kutganimga juda oʻxshaysan, bahor!

 

* * *

 

Kir yuvishdan boʻshamas onam,

Bor umrini yasha(y)di shunday,

Togʻoraga dardini aytar –

Tushunmaydi gʻamsuymas olam.

 

Bitib ketgan ziraksiz quloq,

(Topilmadi yoʻqolgan sirgʻa.)

Toza kirlar ilinar simga,

Quyoshbobo quritar uzoq.

 

(Ermaktalab arzanda koʻnglim

Jigar tusab qolar shu tobda.

Kuyib ketdi onam oftobda –

Qovriladi – oʻchoqboshi dim.)

 

Bir gʻalayon boshlanar qoʻrda,

Nogoh esib shabboda – yengil.

Otam qurgan qoʻlbola dorda

Hilpiraydi tozargan koʻngil…

 

* * *

 

Hademay yorishib ketadi osmon,

Tim qora bulutlar chekinar birdan.

Men, axir, boshqa bir dunyoning xasmi,

Bosh olib ketaman bu malʼun yerdan.

 

Yurak tilga kirsa, soʻzlamas yolgʻon –

Hali kunlar kelar – yorugʻdan-yorugʻ.

Bir oliy maslakda birlashar oson

Ayro tushib qolgan vujud ila ruh.

 

Boshimdan aylanib, oʻrgilar samo,

Koʻksimda nimadir yarq etar shu tob.

Yerdan bir fatvoga oʻxshagan duo:

Yulduzingni qidir, yulduzingni top!

 

Falakka qorishib ketarman oxir,

Haqiqat tongiga uygʻun tushlarim.

Hech kimga, hech kimga botmaydi ogʻir

Tole yulduzimning jilmayishlari…

 

* * *

 

Yurak urmay qoʻygan anchadan beri,

Koʻpdan buyon ruhning harorati past.

Oʻksinganim sari, kuyganim sari

Armonlar jonimga qilaverar qasd.

 

Tim qora tunlarim, tiniq tonglarim –

Oʻzimday oʻyga oʻch, soʻzimday gʻarib.

Nechun birdan bari ketmas oʻnglanib,

Ne uchun tobora bemaʼni bari?

 

“Qoʻlingdan kelgancha oʻyna, oʻynab qol!”

Qoʻshilmam dunyoning eski naqliga.

Hali absurd hislar etmasdan ishgʻol,

Duolar qilurman hayot haqqiga.

 

Axir, koʻngil koʻzi ochilur hali,

Kurtaklar koʻzida umid yashirin.

Goʻdaklar kulgusi bergay tasalli,

Hali siyqa emas poklik qoʻshigʻi…

 

Behzod FAZLIDDIN

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–10

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.