“Kulgingdan benasib aylama zinhor”

0
96
marta koʻrilgan.

BEQAROR

 

Yonimdan bexos oʻtgan

bugʻdoyrang qiz izidan

ergashib ketdi koʻzim.

Qorachadan kelgan qiz biram kelishgan,

zumurrad uzumdek tovlanardi, oh,

 

gupurdi oʻqlovdek tomirimda qon –

asov jiyron kabi depsindi yomon.

 

Men esa el ichra ketaverdim jim.

 

Yonimdan oʻtar bexos malla sochli qiz,

Qirmizi olmaday yonoqlari ol.

Durkun mevalaridan oʻzi mast-sarmast.

Ogʻzim ochilib qoldi uning izidan,

Toʻlqindek sapchidi tomirimda qon,

Bamisli yashindek chaqnadi yomon.

 

Men esa el ichra ketaverdim jim.

 

Ammo sen tomonga

bir qadam bosmay turib,

Hatto oydek jamolingni

bir bora koʻrmay turib,

qonim ham, lablarim ham,

talpinar sen tomonga,

olisdagim,

bugʻdoyrangim mening,

mallasochlim mening,

doʻmboqqinam mening,

jajjiginam mening,

polvonginam mening,

nozikkinam mening,

xunukkinam mening,

suluvginam mening,

hamma oltinlardan qimmatroq,

barcha kumushlardan aʼloroq,

dunyodagi barcha bugʻdoydan

er yuzidagi barcha tuproqdan,

jamiki daryolar suvidan,

jamiki ummonlar dolgʻasidan

mening qoʻlim uchun yaralgan,

mening labim uchun yaralgan,

mening qalbim uchun yaralgan,

mening baxtim uchun yaralgan,

mening dardim uchun yaralgan.

 

SENING KULGING

 

Gar istasang meni nondan mahrum et,

mayli, havodan ham mahrum et meni,

benasib aylama faqat kulgungdan.

Atirguldan ayirma meni,

sen ilkis oʻqtalgan nayzadan ayirma,

quvonsang, qaynagan buloqdan,

“qah-qah”lasang jaranglagan

kumush toʻlqinlardan ayirma meni.

 

Juda mashaqqatli ishim, kurashim,

uyga qaytaman charchab,

nigohim horgʻin,

hatto kipriklarimni ham

koʻtarmoq ogʻir,

chunki,

oʻzgarishlar,

evrilishlarga boʻysunmagan yerni

koʻraverib koʻzlarim tolgan,

uyga kelsam, kulgung qush kabi

qanot qoqib peshvoz chiqadi menga

hayot va ishonch darvozasining

tavaqalarini keng ochib.

Qora kunlarimda

sevgilim, sepib yubor

nurafshon kulgungning oltin donlarin

agar,

yoʻlda koʻrib qolsang nogahon

toshlarga toʻkilgan qizil qonimni,

kulgin, sevgilim,

chunki, sening kulging tigʻ boʻlar,

oʻtkir qilich boʻlar qoʻlimda.

 

Kuzgi dengiz sohilida sening kulging

oʻrkach-oʻrkach toʻlqin boʻlib

koʻpirsin-toshsin,

bahorda esa, sevgilim,

kulgingni qoʻmsayman zoru intizor,

kulging – visoliga zor aylagan

                           koʻklam chechagi,

 

yashil gulbarg aro atirgul – kulging,

Ona vatanimning hidi anqigan   

                       atirgul.

Qah-qah urib kul, sevgilim,  

                      oy ustidan,

tun ustidan

kun ustidan,

oroldagi qingʻir-qiyshiq yoʻl

                      ustidan,

seni sevgan besoʻnaqay oshiq bola,

jinkoʻchada chopgan oʻsmir – goʻl

                       ustidan

kul, sevgilim,

kul, sevgilim.

 

Biroq koʻzlarimni ochgan paytimda,

hamda koʻzlarimni yumgan paytimda,

qadamlarim nogoh olis ketganda,

qadamlarim nogoh yaqin kelganda

meni nondan mahrum et,

mayli, havodan ham mahrum et,

nurdan ham, bahordan ham mahrum et,

biroq mahrum etma faqat

                    kulgingdan,

kulgingdan benasib aylama zinhor,

kulgingsiz oʻlaman.

 

KULOL

 

Badaning bir idish,

unda noz-neʼmat bor menga atalgan.

 

Qoʻlimni choʻzsam, bas,

“gah” deyishimga intizor

kabutarlar qoʻngay pitirlab.

Toza tuproq,

pokiza loydan

oʻzim uchun yasaganman seni, sevgilim,

oʻz qoʻllarim bilan.

Sening koʻksing, beling, qomating,

oyogʻingga zor boʻldim bugun,

zarur boʻlding, oʻrning bilindi,

tanang oʻyib olingan yer,

jisming bichib olingan yer

boʻm-boʻsh, qaqragan,

ikkimiz birlashib ketganmiz,

birikib qoʻyilganmiz

bitta daryo kabi,

bitta qum kabi.

 

OʻGʻIL

 

Oʻgʻlim, oʻz-oʻzingni bilurmisan, oh,

Qanday bino boʻlding, qayerdan kelding?

Oppoq chagʻalaylar,

och-nahor chagʻalaylar

seni olib kelgan olis koʻllardan.

Qish. Suv muzlagan.

Qiynalib oʻt yoqdik, qip-qizil gulxan,

men va u kuydirib lablarimizni

choʻqqa bosdik – yurakni oʻpdik,

olovga tashladik hayotimizni,

boru yoʻgʻimizni gulxanda yoqdik.

Mana shunday kelding dunyoga.

 

Onang meni koʻrish uchun,

seni koʻrish uchun onang

suzib oʻtdi ulkan dengizdan.

Men esa,

uning xipcha belidan quchmoq uchun

mana shu yer yuzini kezdim,

togʻlar oshdim, sahrolar oshdim,

oyoqyalang tikonlar bosdim,

urush, jangu jadallar kechdim.

Mana shunday kelding dunyoga.

Turli unsurlardan yaralgansan sen,

suvdan va tuproqdan,

olovdan va qordan,

yoʻl yurib, moʻl yurib kelgansan uzoq

 

olovdan va qordan,

yoʻl yurib, moʻl yurib kelgansan uzoq

onang ikkimiz-la uchrashmoq uchun,

bizni bir-birovga zanjirband etgan

shafqatsiz sevgidan yaralgansan sen

va bilishni istardikki,

sen oʻzi qanaqasan

va nima deb soʻzlaysan oʻzi,

chunki,

biz senga baxsh etgan dunyo haqida

bizdan koʻra koʻproq bilursan,

Ehtimol, bugun.

 

Kuchli boʻron kabi

hayot daraxtini tebratamiz biz,

er ostida nihon ildizlarigacha,

qildek tomirlarigacha

tebratamiz hayot daraxtin

va shunda sen paydo boʻlasan

bir paytlar onang ikkimizning

qoʻlimiz yetmagan

eng yuksak, eng baland

qoʻl yetmas novdalarda yangragaysan

yangroqlarning qoʻshigʻi misol.

 

“SAVOLLAR KITOBI” dan

 

I

Nechun samolyotlar

cayrga ergashtirmas bolalarini?

Qanaqa sap-sariq qush

limon – tuxumlarni tugʻadi?

Vertolyotga kim oʻrgatar

quyoshdan bol yigʻishni?

Qayerda saqlar toʻlin oy

un toʻla qora toʻrvasin?

 

II

Agar oʻlib koʻrmasam –

kimda sinayman vaqtni?

Farang bahori qaydan

topar shuncha koʻp xazon?

Arilar quvlaganda

qayga qochar koʻr odam?

Sargʻish rang tugab bitsa,

nimadan yopamiz non?

 

III

Atirgul – yalangʻochmi,

Yo qizilmi koʻylagi uning?

 

Nechun yashirar daraxt

nurafshon ildizlarin?

 

Kim koʻrdi odam urgan

avtomobil tavbasin?

 

Selda qolgan poyezddan

achinarliroq ne bor?

 

IV

Koʻkda necha mehrob bor?

 

Nega nahang tegmaydi

shoʻx-shaddod sunbullarga?

 

Tutun bulutga soʻzlar?

 

Umidni shabnam bilan

sugʻorish zarur, rostmi?

 

XII

Guruch kimga kulib tabassum qilar

shuncha durdek oppoq tishlari bilan?

Mudrayotgan yillar ne uchun

siyoh bilan yozar, koʻrinmas?

Atirgulning koʻylagi yuzta,

karakaslik suluvda nechta?

Adabiy navkarlar kabi burgalar

nechun meni buncha chaqadi?

 

XXXII

Pablo Neruda deb atalishdan koʻra

bemaʼniroq mashgʻulot bormi?

 

Kolumbiya osmonlarida

bulut toʻplovchilar bormikan?

 

Nechun anjumanlari uchun

shamsiyalar yigʻadi London?

 

Sabo malikasi Bilqisning qoni

argʻuvoniy rangda derlar. Rostmikan?

 

Bodlerning koʻzidan tirqiragan yosh

qora edi, derlar. Shu toʻgʻrimikan?

 

JAJJI ChILI

 

Xaritada chizilgan yerga qarasam,

Lotin Amerikam mening,

sevgan yorim kabi koʻrinadirsan

mana bu mis togʻlar – bu sening boshing,

mana bu koʻkraging – yetilgan bugʻdoy,

endigina yoqqan qorlar,

nozik qomatlaring – mavjlangan daryolar,

xushboʻy maysazorlar, mayin adirlar,

ushbu jugʻrofiyaning adogʻi

eng chekka, eng sovuq, janubda

ikki uzun yombi – oltin oyoqlar.

 

Sevgilim,

tekkizgan paytimda senga qoʻlimni

nafaqat lazzatni sezaman,

balki, tuproqni ham, novdalarni ham,

suvni ham, noz-neʼmat mevalarni ham,

huzurbaxsh bahorni, dashtdagi oyni

his etaman, sezaman qoʻllarim bilan,

kabutarning toʻshidagi

mayin patlarini silayman,

dengiz va daryolar toʻlqini

silliqlagan toshlarni

ipakdek silayman,

alvon changalzorlarni,

meni ochlik va tashnalikka

mahrum etguvchi

odam oʻtolmaydigan oʻrmonlarning

butazorlarini

his etaman seni erkalab.

 

Bepoyon vatanim

meni mana shunday bagʻriga bosar –

bu sen, sening zuryoding – chaqaloq,

bu diyor.

quchoqlaganingda,

(menga qarab yonboshlab yotganingda)

sening badaningda

pishgan sulining rangini koʻraman

mening mehrim ila yetilgan,

sening yelkang osha boqadi menga

macheta bilan shakarqamish oʻrayotgan

kubalik zahmatkash dehqon

kuyib-pishib,

manglayidan qora ter oqib,

sohildagi zax kulbalarda

sening ovozing bilan

baliqchilar kuylaydilar

koʻngildagi eng aziz tuygʻu haqida.

Sening yoningda

ana shunday erkalanib yotar

sevimli chaqaloqqinam – Chili.

Boʻsalar uzilib qolar toʻsatdan

Lotin Amerikasining surati.

Xalqlar va yerlar namoyon boʻladi.

Sening goʻzalliging, sevgilim,

qalbda miltillagan

ishq oʻtini lovullatar,

koʻngilda muhabbating yashnatgan

yolqin nurlanar,

saxiy zamin meni chorlar bagʻriga,

hadya etar

menga yetishmagan tansiq hayotni,

oʻpaman,

ogʻzimga kiradi ozgina tuproq,

kuchayar sevgining lazzati, taʼmi,

meni mangu asraydigan yerning

boʻsasini sezaman arang.

 

Rus tilidan Rustam MUSURMON tarjimalari

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.