Koʻzlaringda porlar chaqinlar

0
176
marta koʻrilgan.

Maktub

 

Uloqtirdi taqdir uzoqqa,

Hayo-huv, deb olib ketdim bosh.

Sen  darvozang oldida menga,

Roʻmolingni silkding, qalamqosh.

 

Qayga sochgan taqdir nasibam,

Endi uni termogʻim  darkor.

Meni chorla umid-la,  erkam,

Eshigingga kelganda bahor.

 

Chorla meni  avji saraton,

Mevalar gʻarq pishgan kezlarda.

Yomgʻirlarin quyganda osmon,

Xazonrezgi  zaʼfar kuzlarda.

 

Dema, qismat hijron ekan-da,

Tushlarimga tez-tez kirib tur.

Sogʻinch meni toliqtirganda,

Uzoqlardan, erkam,  kulib tur.

 

Koʻkragimda sargʻaygan surat,

U kunlardan oʻchmas  xotira.

Huzuringga borarman, albat,

Umidingni gullarga oʻra..

 

* * *

Avji yigitlik chogʻimiz,

Yashnar chaman gulbogʻimiz,

Gulga toʻla soʻl-sogʻimiz,

Yoʻqdir yurakda dogʻimiz.

 

Koʻzlar boqar oʻtli, magʻrur,

Qadamimiz shitobi zoʻr,

Lovullaydi koʻkka gur-gur,

Qoʻrli, qutli oʻchogʻimiz.

 

Umrning erta, kechida,

Sevgi-muhabbat ichida,

Qizlar boqar koʻz uchida,

Lov-lov yonib yanogʻimiz.

 

Tolemizdan ochib-da fol,

Kulib tursa mudom iqbol,

Oʻgʻil-qizlar topib kamol,

Shoxlari larzon bogʻimiz.

 

Kunlarning bagʻri jonfizo,

Har damimiz zavqu safo,

Shamollarni etsak gʻizo,

Toʻyib qorin – qursogʻimiz.

 

Tin bilmaydi umri aziz,

Goh magʻrur, goh choʻkkalab tiz,

Hayot – ahdi yolgʻonchi qiz,

Tinglamas dilda ohimiz.

 

Xiralashsa nigoh – shamlar,

Oh, degaymiz koʻzda namlar,

Sharbatimiz shimib gʻamlar,

Otar chetga poʻchogʻimiz.

 

Keldi, ketdilar bizgacha,

Xandon kuldilar oʻzgacha,

Yashnab ochilib kuzgacha,

Soʻngra fano tuprogʻimiz…

 

 

***

Bir kuni meni yoʻqlasang, sevgi,

Qanot boylab, ayt, borarmanmi?

Huzuringda qilgan, qilmagan

Gunohlarim men soʻrarmanmi?

 

Oyda-yilda kelsam  yoningga,

Koʻzlaringda porlar chaqinlar.

Goʻyo  ishqning choʻng ummonida

Yutar meni asov toʻlqinlar. 

 

Bir kun meni yoʻqlasang, sevgi,

Gunohlaring kechirdim, desang.

Koʻzlaringda charaqlab kulgu,

Eriydimi koʻksingdagi sang?

 

Bir kun meni  yoʻqlasang, sevgi,

Qolmasmanmi aqldan ozib?

Oyogʻingga boshimni qoʻysam,

Boʻlarmanmi senga munosib?

 

 

***

Begʻubor u  yoshlik chogʻlarda,

Seni koʻrdim Surxon yoqlarda,

Otash chaqnab pok nigohlarda,

Gullar terdik chaman bogʻlarda.

 

Muhabbatning shavqi ila mast,

Kapalakday uchib basma-bas,

Dilni dilga etgancha payvast,

Yurganlarim yodimdan chiqmas.

 

Ohu kabi hurkak va sodda,

Yerga boqqan nigohing  yodda,

Sizni deyman faqat hayotda,

Degan, vaʼda, soʻzlaring yodda.

 

Gul-gul yashnab gulgun yanoqlar,

Yolqin sochdi otash nigohlar,

Qalbda yonib umid chiroqlar,

Bilmas edik hajru firoqlar.

 

Shoʻx daryoday yugurik, asov,

Togʻu dashtda  yelardik ikkov,

Afsus, hijron berahm va dov,

Ikkimizni ayirdi darrov.

 

Duch kelmay deb qargʻa, zogʻlarga,

Kezmam endi chaman bogʻlarda,

Talpinsam-da yoshlik chogʻlarga,

Qaytolmayman Surxon yoqlarga…

 

 

***

Olis masofalar, yillar soʻngida,

Chehrang nigohimda boʻlar namoyon.

Bir-bir jonlanadi koʻzim oʻngida,

Yoshligim bogʻlari toza, navqiron.

 

Oʻchmas xotiramdan nigohing maʼyus,

Savollar charx urar: nimaga, nega?

Yashashga koʻnikdik bir-birdan olis,

Boʻysunib taqdiri azal izmiga.

 

Lablaring nenidir pichirlar asta,

Hovlini kezasan chalgʻitib oʻzing.

Ehtimol, koʻzlarim tushadi esga,

Iliq haroratdan titraydi koʻksing.

 

Bugun oʻrtamizda armonu firoq,

Yillar toqat tilar mening sabrimga.

Sening xayoling-la yasharman, biroq

Shirin bir tuygʻuni bosib bagʻrimga.

 

Faqat shu tasalli menga kifoya,

Eshigim ortidan boqayapti kuz.

Mabodo Allohim qilsa inoyat,

Tong-la qiyomatda koʻrisharmiz yuz.

 

 

Ey birodar

Dunyodagi barcha noshukur bandalarga

 

Ey birodar,

buncha tangu norozisan,

Baxt emasmi, xotiring jam,

joning omon.

Davralarda yigitlarning xoʻrozisan,

Yoru doʻsting hozir-nozir chorlagan on.

Tiling burro,

qadamlaring shaxdam-shaxdam,

Bilaging zoʻr, hatto filni agʻdarasan.

Arpangni xom oʻrgan kabi ahli olam,

Nega buncha achchiq tutun qaytarasan.

Tiriklikning asli oʻzi emasmi baxt,

Joʻshib-joʻshib qon chopadi tomiringda.

Ayt-chi, oʻzing

ekkanmisan bitta daraxt,

Bir niholga suv quydingmi umringda?

Elu elat dalalarda bel bukkancha,

Ter toʻkadi ertayu kech chekib zahmat,

Shosha-pisha yuguradi entikkancha,

Yoshu yalang maktabiga,

bu ham mehnat.

Bu dunyoning kamu koʻsti qachon toʻlgan,

Tilaklaring ezgulikka oʻradingmi?

Yaxshi-yomon kunlaringda tirgak boʻlgan

Xasta qoʻshning ahvolini soʻradingmi?

Parvonadir atrofingda qizu oʻgʻil,

Ishlaring zoʻr,

oshigʻing ham doim chikka,

Ey birodar,

ayt-chi, nedan toʻlmas koʻngil,

Ayyuhannos soladirsan yeru koʻkka?

Odam boshi Ollohimning toshi, bilsang,

Tushar borib, qayga otsa u bexato.

Chorigʻingni koʻtar, joʻna, chidamasang,

Chidaganga chiqargandir asli dunyo.

Oʻz-oʻzingcha boʻlar-boʻlmas chekib figʻon,

Osmonlarga sapchiganing kimga darkor?

Odamzotga bir kosa suv va burda non

Kifoyadir,

qolganlari bari bekor.

 

 

Doʻst ovozi

 

Xastahol edim men,

xayol parishon,

Taskin qidirardim borliq, dunyodan,

Hayotdan berarmi, deya bir nishon,

bir soʻz qidirardim,

olis samodan.

Xastahol edim men,

xazon bogʻlarga

Boqqancha koʻzimdan dumalardi yosh.

Havas-la termulsam bardam, sogʻlarga,

ular chehrasida koʻrardim quyosh.

 

Xastahol edim men,

darddan yengilgan,

Yoru doʻst yoʻliga mahtal boʻlardim.

Nasibam uzilgan, paymonam toʻlgan,

Sahroyi giyohdek

sargʻayib soʻlardim.

Xastahol edim men,

izlab tasallo,

Jovdirab boqardim chor-atrofimga,

Derdim, bu kuningdan oʻlganing avlo,

keraging qolmabdi endi hech kimga.

 

Xastahol edim men,

sovuq edi kun,

Sovuq hislarimdan, muzlagan xona.

Telefon simlari esa soqov, gung,

oʻzimni soʻkishga izlab bahona,

deyardim, bu ham kam senga aslida.

Xastahol edim men,

Gʻaribi diydor,

Soatning kapgiri urardi tiq-tiq,

Yoʻliga koʻz tikib tashna, intizor,

Kutardim kelishin bir doʻsti sodiq.

 

Xastahol edim men,

Pajmurda yurak,

Deyardim, yo Xudo, jonim ol, tezroq.

Shu payt jiringladi nogahon goʻshak,

Nogoh osmonimda chaqnadi chaqmoq.

Goʻshakni koʻtarsam,

Doʻstimning sasi

Olis-olislardan berardi sado.

Qaynoq kalomida

Hayot nafasi,

Meni yashamoqqa undardi goʻyo…

 

Abdumajid AZIM

 

“Yoshlik”, 2016-10

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.