Koʻz oldimdan ketmaydi bu hol

0
275
marta koʻrilgan.

Bobur Elmurodov Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Alaqoʻyliq qishlogʻida tugʻilgan. 2007-2011 yillarda Oʻzbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetini, 2012-2014 yillarda magistratura bosqichini tamomlagan.

 

 

***

 

Bitta cholni koʻrdim sahroda,

Peshonasi yaltirar terdan.

Qum titkilab, issiq havoda

Tangasini axtarar yerdan.

 

Quyosh nuri soʻngunicha to,

Koʻrinmadi yilt etgan narsa.

Chol zorlandi: “Topib ber, Xudo,

Shu tangamni, iloji boʻlsa.

 

Nahot shunday chorasiz qolsam,

Moʻjiza qil, tangamni topay.

Shubha uygʻotmagin ushbu dam,

Borligingga butkul ishonay”.

 

Bir chekkada yigʻlayman tinmay,

Koʻz oldimdan ketmaydi bu hol.

Nahot hozir tangasin topmay

Yaratgandan yuz oʻgirsa chol.

 

Qoʻrqib ketdim, axir keksa jon,

Yuragimdan oʻtdi bir tuygʻu.

Bitta tanga otdim chol tomon,

Seni yoʻq deb oʻylamasin u.

 

 

***

 

Bir kun yigʻlamasa ahli bolalar,

Bir kun och qolmasa ularning qorni.

Bir kun uzilmasa alvon lolalar,

Oʻsha kun kelarmi, oʻsha kun bormi?

 

Bir kun otilmasa hech kimsaga oʻq,

Jallod ham qurmasa oʻsha kun dorni.

Bir kun motam tugab, kiyilmasa koʻk,

Oʻsha kun kelarmi, oʻsha kun bormi?

 

Bir kun tirik qaytsa uyiga ohu,

Nish urgan maysalar koʻrsa bahorni.

Bir kun ilon zoti sochmasa ogʻu,

Oʻsha kun kelarmi, oʻsha kun bormi?

 

Bolalar uylari boʻsh qolsa bir kun,

Dardi qiynamasa bir kun bemorni.

Bir kun kengligini his qilsa ochun,

Oʻsha kun kelarmi, oʻsha kun bormi?

 

Bir kun koʻngli borlar qurishsa turmush,

Bir kun koʻngli yoʻqlar chalmasa torni.

Balki oʻngda boʻlar, yo boʻlmasa tush,

Oʻsha kun kelarmi, oʻsha kun bormi?

 

Azizim, nima ham berdik dunyoga,

Bir kunlik totgani faqat ozormi?

Qachon ishonarkan hamma Xudoga,

Oʻsha kun kelarmi, oʻsha kun bormi?

 

 

***

Moʻmin edi otaxon chindan,

Faqirlikni qilgandi odat.

Kunduzlari qolmadi ishdan,

Tuni bilan qildi ibodat.

Bir zolim ham yashadi bunda,

Shayton bilan oshna boʻldi u.

Yuz koʻngilni sindirib kunda,

Qancha gunoh boʻlsa qildi u.

Ne boʻldi-yu, oʻzgardi birdan,

Yer teskari aylandi shu on.

Zolim tavba qilar chogʻ dildan,

Bir zum gunoh qildi otaxon.

Oʻsha kuni chaqmoq guldirab,

Loy ariqlar yomgʻirga toʻldi.

Qismat ekan, oʻshanda yo Rab,

Ikki zot ham bir kunda oʻldi.

Kimga oʻngdir, kimga esa tush,

Bu xatoni qilgan koʻp edi.

Avom esa juda ham xomush,

Turli rivoyatlar toʻqidi.

Balki rostdir, boʻlmasa mish-mish,

Bir savoldan ogʻriydi bu jon.

Zolim, nega Jannatlardasiz?

Nega Doʻzaxdasiz, otaxon?

 

 

* * *

 

Balki tushkun edim oʻsha kunlari

Avtobusga chiqdim, horgʻin va xomush.

Odam tirband edi, shunga qaramay

Mendan sal narida – bitta oʻrin boʻsh.

 

Hali oyogʻimdan ketmagan mador,

Oʻzimcha navqiron edim hoynahoy.

Ammo kimga boqsam imlardi meni,

Nigohlari bilan koʻrsatardi joy.

 

Menga ogʻir edi bu xilda ketish

Tushay desam hali manzilim yiroq.

Nahot chiqmas endi biror bekatdan

Mendan yoshi ulugʻ va bechoraroq.

 

Qoʻrqib borayapman yoʻl yurgan sari

Oʻzimni qanchalar bardam tutsam ham,

Qoʻrqib borayapman, Yaratgan Egam,

Oʻzimdan horigan zotni kutsam ham.

 

Oʻtinib ketardim endi taqdirdan

Bunday xulosani sira tan olmay,

Horigan yoʻlovchi, tezroq chiqaqol,

Eng bechora odam men boʻlib qolmay…

 

 

Yuk

 

Biz tomonga kelar ikki zot,

Olis togʻlar bagʻirlaridan.

Biri yoydek egilib borar

Toʻrvasining ogʻirligidan.

 

Hamrohining qoʻli esa boʻsh,

Na yuki bor, na bir nasabi.

Mungʻayardi xomush negadir

Yuk koʻtargan sherigi kabi.

 

Chiqar edi turfa xil nigoh,

Sayyohlarning oʻngu soʻlidan.

Bari bir xil – horigan cholning

Toʻrvasini olar qoʻlidan.

 

Gʻamga botar edi bunday payt,

Yoʻldoshining qorachiqlari.

Ogʻirlashib borardi uning

Chap koʻksida turgan yuklari.

 

Oʻtib borar odamlar toʻp-toʻp,

Ortda qolar sargʻaygancha yoʻl.

Nahot ular bitta koʻngilni

Koʻtarishga uzatolmas qoʻl?!

 

 

Begona oʻt

 

Ildizidan yulaverding xoʻp,

Begona oʻt deding alafni.

Hosiling kam, bolalaring koʻp,

Oʻylar eding ikki tarafni.

 

Yulaverding, axir sen – tanti,

Bir soniya chekinmay ishdan.

Bechora oʻt zada boʻlgandi

Ekinzorlar ichra oʻsishdan.

 

Ayt-chi, alam qilmasmi unga,

Oʻz yerida begona boʻlmoq.

Oʻzga yurtlik ekin oldida

Ming toptalmoq, ming bora oʻlmoq.

 

Shu bir maysa baridan avval,

Oʻsmabmidi yerda tugʻilib.

Biz-chi, uni yigʻlatib har gal,

Ildizidan oldik sugʻurib.

 

Taqdir ekan, boshqa ne derdim,

Bir oʻlanga shuncha gʻam kammi?

Tushun, juda sogʻinib ketdim

Shunday yashaydigan odamni…

 

 

Karkidon

 

Yashashning qizigʻi qolmagan goʻyo,

Tumshugʻidan sizib oqayotir qon.

Shoxidan ayrilib, olomon ichra

Ketib borayotir bitta karkidon.

 

Hech narsa yemaydi, chiqarmaydi un,

Kimsasiz tarafga ketar norozi.

Himoya qilgani yoʻq biror qonun,

Shikoyat qilgani yoʻq biror qozi.

 

U yoqda mushtini koʻksiga urib,

Ovchi maqtanadi oʻljadan sarxush.

Bu yoqda koʻzyoshi qonga qoʻshilib,

Karkidon yotadi tumshuqlari boʻsh.

 

Chorlasam, bu tuproq begona unga,

Qaydan boshqa manzil topayin shu dam.

Axir shoxi yoʻq deb rad etib tursa,

“Hayvonot bogʻi”ning xoʻjayini ham.

 

 

Kurash

 

Gavjum edi bu galgi davra,

Hayqirardi tinmay olomon.

Ota kurash tushgan shu palla,

Tomoshaga keldi yosh oʻgʻlon.

 

Ayyor chiqdi raqibi picha,

Kurash derlar buning otini.

Ota nogoh olomon ichra

Koʻrib qoldi zurriyodini.

 

Shunda yodga oldi har doim,

Farzandiga oʻrnak boʻlganin.

Koʻrib chidolmadi oʻgʻlining,

Koʻzi jiqqa yoshga toʻlganin.

 

Koʻp chirandi, ammo ishoning,

Yetmas edi raqibga kuchi.

Oʻgʻil qarab turar – otaning

Ogʻriqlarga toʻlardi ichi.

 

Koʻnikolmay bu holga sira,

Bosolmasdi bir dam gʻazabin.

His qilardi oʻgʻil oldida,

Yiqilmoqning ogʻir azobin.

 

Axir, ayting, yengilsa, uni

Oqlarmidi bir juft qora koʻz.

Yerda yotgan ota holini

Izohlashga topilarmi soʻz.

 

Yozgim kelmas hech qolganini,

Yurak sanchar oʻsha joyida.

Axir qulayotgan daraxtni,

Koʻrish ogʻir nihol poyida.

 

 

***

Bir tosh boʻlar ekan “Langar ota”da,

Juda ham qadimiy hamda gʻaroyib.

Uni koʻrolmadim, aytishlaricha

Bir kechada boʻlib qolganmish gʻoyib.

 

Dunyoning ikkinchi bir tomonida,

Bir tosh koʻpchilikni qilmishdir shaydo.

Uni ham koʻrmadim – aytishlaricha

Bir kechada boʻlib qolganmish paydo.

 

Taqdirlar ham koʻchmish toshlar singari,

Bir yerda yaralib, bir yerda oʻchib.

Yuradi qaysidir ajdod qismati

Qaysidir avlodning umriga koʻchib.

 

Koʻchadi mening ham barcha sirlarim,

Shodliklarim koʻchar, qaygʻularim ham.

Koʻchadi tuzalmas injiqliklarim,

Koʻchadi poyonsiz tuygʻularim ham.

 

Ammo qoʻrqamanki, dilgir davomchim,

Mening qismatimga qilarmi havas.

Ishqilib dunyoning bir chekkasida

Bir odam oʻksinib yashamasa bas.

 

 

***

 

Qayerga bosh olib ketdi muhabbat,

Axtaring, unga hech ziyon yetmasin.

Axir ulkan emas biz turgan sarhad,

Tagʻin chegaradan chiqib ketmasin.

 

Agar shunday boʻlsa tugar barchasi,

Koʻngilning aytgani boʻlmaydi toʻgʻri.

Turmushga chiqmaydi sevib Xonqizi,

Baxtli boʻlolmaydi biror Boyoʻgʻli.

 

 

***

 

Chiqmay turib biror mansabga,

Tushmay turib biror amaldan.

Qay bir modda bilan yuragim

Qovurgʻamga nohaq qamalgan…

 

 

***

 

Jon ham bitta koʻchmanchi,

Qololmas ekan tanda.

Soʻzga koʻchib oʻtarkan

Vujuding keksayganda.

 

Shunday dedi xasta chol,

Koʻrdim: soqoli qorday.

Jon qolmagan tanida

Soʻzlarida jon borday…

 

 

Kimyogar doʻstimning oʻylari…

 

Sunʼiy gul yasab tongda

Biroz xayolga toldim.

Unda bol izlab kelgan

Arini koʻrib qoldim.

 

Buni uzoq oʻyladim,

Tajribam tugaguncha.

Sheʼrda ikki ogʻiz gap

Ilmda keng tushuncha.

 

Oʻyladim, moddalarning

Birlashuvi bir chaqa.

Qanday birlashgan ekan

Toshlar bilan toshbaqa.

 

Ishonmadim muhabbat

Koʻngilda yashar desa.

Bilmadim, sevib qolish

Fanda qanday hodisa?

 

Bagʻritosh dedi bir qiz,

Oshib ketgandim haddan.

Tuni bilan oʻyladim

Koʻnglim qaysi moddadan?

 

Bilmas edim ne uchun

Koʻzimga yosh toʻlishin.

Bir tomchi yosh qurimay

Qayerlardan kelishin?

 

Mening gunohim qayda,

Qayda mening savobim.

Gul yasamayman boshqa

Shudir mening javobim.

 

Sunʼiy gulga termulib

Yigʻlab, oʻy surib qoldim.

Axir unda jon bergan

Arini koʻrib qoldim.

 

 

Onamning peshonasi

 

Uyquda edimmi,

qimirlabdi Yer…

Bir chiziqni koʻrdim shiftda ajinday.

Onam taskin berib,

kuyunmagin der:

Dunyoning ishlari hamisha shunday.

 

Nogoh ming chiziqni bir joyda koʻrdim,

Ajinday darz ketdi ichimda soʻzlar.

Xudodan yashirib, nima ham qildim

Onam peshonasi edi u, doʻstlar…

 

 

***

 

Yengil edi xazon yaprogʻi,

Shamollarda uchdi betinim.

Hayotimni bezay olmadi

Yengil oʻtgan har bitta kunim.

 

Yengil edi yozuqlarim ham,

Yengillikdan xavfsirab qoldim.

Yengil hislar boʻlmasa, yorni

Sevmas edim Vatandan oldin.

 

Hamma menga yaxshi soʻz aytdi,

Hech kim menga bermadi firib.

Mendan qasos oldi doʻstlarim

Hayotimni yengillashtirib.

 

 

***

 

Koʻp narsani koʻrmadik, doʻstim,

Koʻp narsa bor hali koʻrgulik.

Koʻp maysa bor yerdan chiqmagan,

Koʻp kimsa bor yerga kirgulik.

 

 

***

 

– Bobojon, oʻlim nima?

Koʻzni mangu yumishmi?

Tiriklik degani bu –

Nafas olib turishmi?

 

Bobomdan chiqmadi soʻz,

Oʻjar tilim soʻradi.

Devorda kulib turar

Yosh jangchining surati.

 

Oʻzi kim uzoq yashar,

Ayting, oxirgi marta…

– Qoʻy bolam, uning yoshi

Bizlardan ancha katta.

 

Nega bobom gapirmas,

Balki yetmas jurʼati…

Devorda kulib turar

Yosh jangchining surati.

 

 

Fotoapparat va men

 

Sen boqqan chogʻ nega odamlar

Xushsuratdir, kulgidan toʻygan.

Men termulsam – sargʻaygan oʻtlar

Va daraxtlar gullamay qoʻygan.

 

Sen koʻz solsang onam koʻp dilbar,

Otam bardam qad kerib turar.

Men boqqan chogʻ – onam mushtipar,

Otam esa hassada yurar.

 

Nigohingda doʻstim ulugʻvor,

Bekamu koʻst turar muloyim.

Men qarasam u bechorahol,

Oqsoqlanib yuradi doim.

 

Vaqt yalmogʻiz – uchar xotirjam,

Koʻrganlarim oʻxshamas chinga.

Baxtli boʻlib koʻrinay men ham,

Bir zumgina koʻz tashla menga.

 

 

Fil falsafasi

 

Qari filning tanasida,

Yashar edi koʻplab jon.

Qora qargʻa, ola qargʻa

Hamda kulrang koʻrsichqon.

 

Koʻrmagandim – vazminlikka

Bir kun oʻlim yoʻlashini.

Koʻrmagandim – ulkanlikning

Balandlikdan qulashini.

 

Qargʻa qanot qoqdi-ketdi,

Sichqon topdi boshqa in.

Harqalay, bu sinov edi,

Yarmi yolgʻon, yarmi chin.

 

Ogʻir edi bunday oʻylar,

Ogʻirlashib ketdi bosh.

Filning oʻychan koʻzlariga

Toʻlib ketdi ulkan yosh.

 

Yoʻl koʻrsatib turguvchi kuch

Hayvonda ham yurak ekan.

Oʻzing bilan qolish uchun

Baʼzan oʻlish kerak ekan.

 

 

Tanga

 

Oyni-da tanga qildik,

Shart bogʻlagan zamoni.

Menga qorongʻu taraf,

Senga yorugʻ tomoni.

 

Shunday boʻlishaverdik,

Hazil qilibmi boshda.

Koʻnglimiz bir edi-yu,

Koʻrgiligimiz boshqa.

 

Bahorni kutib uzoq,

Yetib qolibmiz kuzga.

Uchib ketardik, ammo

Qanot yetmadi bizga.

 

Oxir yer tanga boʻldi,

Boʻying yetgan zamoni.

Senga qay taraf tushdi?

Menga sen yoʻq tomoni.

 

Bobur Elmurodov.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.