Ko‘nglimda rabboniy bir huzur

0
25
marta ko‘rilgan.

 NAJOT

 

Halokatdan qutqarar uldir,

Bir imdod keladi olisdan.

Izhor qilmaganing javohir,

Sezaman, naqadar xolissan.

Tong otadi endi boshqacha,

Chopib, horimasdan yashayman.

Uchqur umr ko‘zdan qoshgacha,

Nimanidir anglay boshlayman.

Oq bulutga boqqancha masrur,

Telba shamollarda tizib bayt.

Ko‘nglimda rabboniy bir huzur,

Eng yorug‘ xayolni etgan sayd.

Karvon yo‘li ustida kulbam,

Nomangni intizor kutadi.

Dunyo go‘zal kutayotgan dam,

Badbaxtlar kutmasdan qon yutadi.

Ufq qadar cho‘zilgan dalam,

Yulduzlarga yetgan tog‘larim.

Umidvordir mendan har jilg‘a,

O‘qilmagan sodda chog‘larim.

Saharlar uyg‘onib ketaman,

Xontaxtamda azaliy reja.

Eng ardoqli so‘zni bitaman:

“Qur’oni karim”ni hijjala!

Zangori hislarga limmo-lim,

Ko‘klardan tushadi shu’lalar.

Mana shu kunlarda kimdir-kim,

Aytajakdir ojiz ko‘lkalar.

Halokatdan qutqarar uldir,

Bir imdod keladi olisdan.

So‘zlar o‘stirasan ko‘nglingda

Orziqib, entikib bir hisdan.

Kun sanayman, bilmay o‘zimni,

Irodamni toblaydi bo‘ron.

Davralar poylaydi so‘zimni,

Har odimim saslari burhon.

Bordir gurunglarda bo‘sh o‘rnim,

Hech kim bosolmaydi qadrimni.

Savollarga tirband huzurim,

Hech kimga bermasman dardimni.

Opichlayman g‘o‘r xirgoyini,

Elim ruhiyati pistoqi.

Ho‘plagancha Chinning choyini,

Xaltamdagi tugaydi qoqi.

Baribir, ishonib Rabbimga,

Tikilaman olisga juda.

Anduhlar ketadi qalbimdan,

Yig‘lamagin sen ham behuda.

Yaqin jaranglajak ko‘ng‘iroq,

Yaqin senga yetar kunlarim.

Yaqin chorlab turgan ko‘k chiroq,

Yaqin juda yorug‘ tunlarim.

Halokatdan asraydi kema,

Yo‘lga otlanganning sayri xo‘b.

Men haqimda hech nima dema,

Sen haqingda aytajagim ko‘p…

…Hur onlar ko‘ksimni to‘ldirur,

Uyg‘otadi ismimni sunbul.

Rahmonim shaytonni o‘ldirur,

Ne tong, menga yo‘l berar bulbul.

Shijoatda ekan bor ma’ni,

Olam – tasavvurlar poygasi.

Keltirganim Haq buyurgani,

Sen oychehra esa doyasi.

Tugamaydi ko‘ngil izhori,

Tushimiz ulanar xayolga.

Nodir juda ruhning ro‘zgori,

Chap berib hamisha zavolga.

Dars olamiz dars bergan kabi,

Shamol, yomg‘ir yo‘lga o‘rgatar.

Shivirlaydi terakning labi,

Qarg‘alar beshikni tebratar.

Halokatdan ozod dilimga,

Keladi olisdan bir imdod.

Qaytmagayman aslo yo‘limdan,

To‘xtama der, donishmand hayot.

 

OVORA

 

Yo‘limga ko‘z tutdi rayhonlar,

Men qo‘limni uzatolmadim.

Juda sog‘inadi osmonlar,

Bormadim ham, xat tutolmadim.

Do‘stim seni unutolmadim,

Yo‘lingga ham ko‘z tutolmadim…

Chumolilar yo‘lidan borar,

Olmalar pishmasdan uzildi.

Pattasiz qumursqalar bong chalar,

Kimningdir yonog‘i ezildi.

Qurtga sadoqatdan so‘zladim,

Qishga xiyonatni tuzladim…

Zag‘izg‘onlar holimdan kular,

Chumchuqlar tanirmi sho‘x boqib?

Boyo‘g‘li, xotira o‘rtanar,

Marhumlarning uyiga sohib.

Ketganlarla, ketmay bo‘zladim,

Izlaringni ko‘kdan izladim…

O‘n tandir non yopadi qishloq,

Yuz tandir non so‘rar to‘dalar.

Shunday chigal ma’sum yashamoq,

Shamol oqsoq bo‘ri sudralar.

Ufqqa botmadi tizlarim,

Yulduzga ham yetmay izlarim…

Istiqomat ro‘yxatida men yo‘qman:

Shahar aslo ilmaydi ko‘zga.

Sahro uchun daydi jo‘jiqman,

Qo‘nalg‘asiz ninachiman bir o‘zga.

Kirib-chiqar bolalikka hislarim,

Olamlarda unutgandir do‘stlarim…

Qabristonga qarab ketgan yo‘l,

Sog‘inishdan bezgan teraklar.
Ochilmagan xasmim nomsiz gul,

Nag‘masiz shaharsoz yuraklar

Bo‘lolmadim, qishloq ko‘rmadim,

Pishgan shaftolilar, o‘rgilolmadim…

 

Vafo FAYZULLOH

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.