Koʻnglim berib yuboraman shabbodalarga

0
209
marta koʻrilgan.

 * * *

Bir qush boʻlsam, qanotlari zumrad boʻlsam,

Saning rozing koʻmilgan bir uzlat boʻlsam.

Nigohingni ichgan malak tiynat boʻlsam,

Manzilingni berarmiding?!

 

Ul nozanin qaygʻularga sirdosh boʻlsam,

Har yuborgan darding-la koʻzu qosh boʻlsam.

Yana oshiq fasllarga talosh boʻlsam,

Manzilingni berarmiding?!

 

Doʻst aylasam dilni qora tuproq bilan,

Bezab yursam har kunimni firoq bilan,

Yoqib qoʻysam umidimni chaqmoq bilan

Manzilingni berarmiding?!

 

Eski ishqning qissasini vayron etsam,

Sen deb tortgan hijronimni jonon etsam,

Adam dashti uzra jonni jayron etsam,

Manzilingni berarmiding?!

Osmoningga yuragimni ekib qoʻysam,

Nafasing har tekkanda entikib qoʻysam,

Koʻzlarimni oyogʻingga tikib qoʻysam,

Manzilingni berarmiding?!

 

Kulib aytsam: “Majnun dilimni suz qani”,

Sarxush etsa pok xayoling manda, mani,

Qon yigʻlatib telba qilsam Halimani,

Manzilingni berarmiding?!

 

 

* * *

Osmon moviylanar, yirtilar bulut,

Tongning yelkasiga tegadi yelkam.

Tiriklik kemasi uzra shamollar,

Derazam pardasin qiladi yelkan.

 

Xasis hisobchiday umrimni, tajang –

Boʻlaklarga boʻlib tashlaydi soat.

Yorugʻlik va zulmat yigʻindisida,

Yurak ura boshlar yana betoqat.

 

Qurumsoq soatni yomon koʻraman,

Vaqtdan tashqarida yashaydi koʻnglim.

Shoshib kelganingda, aldab kelganda,

Soatga naqadar oʻxshaysan, oʻlim.

 

Qirmizi chuchkurdi shaftoli guli,

Yalpizni sanadi donalab bahor.

Raqamlar ichida adashib, tolib,

Yodimga tushdingiz, janob Pifagor.

 

Nahotki, siz haqsiz, nahot dunyoni,

Raqamlar boshqarib keladi mangu.

Siz aytgan raqamga sigʻmasdi axir,

Qachondir jonimda tugʻilgan orzu.

Osmon moviylanar, yirtilar bulut,

Bagʻrimni tirnaydi moviy shabboda.

Ufq ildizida, vaqt shiddatida –

Nomaʼlum son kezar gulgun havoda.

 

…Eslayman, boʻsh edim hisob fanidan,

Dedim, kimga kerak shu fan, titrab ovozim,

Avval gʻazablandi, soʻng esa sokin

“Algebra – bu hayot”, – dedi ustozim…

 

Qaysi kun bir shoir qabrin topolmay,

Dilimga sapchidi allaqanday gʻam.

Soʻrasam qabriston xizmatchisidan,

Dediki: “U qabr nechanchi raqam”?..

 

Balki charx aylandi, boshim aylandi,

Raqamlarning behad istigʻnosidan.

Chiqib ketgim keldi boshimni olib,

Raqamlarga oshiq shu dunyosidan.

 

Halloslab sanaydi kimdir pulini,

Kimdir boyligini hisoblaydi shod.

Puldorlar oldida vafodor itday,

Jilpanglay boshlaydi, raqamli hayot.

 

Behisob raqamlar ketyapti ana –

Allakim shoshilgan, birov xotirjam,

Boʻgʻzimni yirtadi alamli savol,

Men nechanchi raqam, nechanchi raqam?!

 

Balki umrim oʻtdi behuda, besas,

Raqamlar zanjirin sudrab bemajol.

Yoki adashdimmi, bogʻlarda kezgan

Nomsiz shamoldirman ehtimol…

 

Mayli taslim boʻlay, mayli ustimdan –

Yashillanib kulsin oqsuyak bahor.

Ammo koʻnglimdagi ishq xazinasin,

Qani sanab bering, janob Pifagor.

 

* * *

Yoding tonglariga ayladim safar,

Maysa doʻstim boʻldi, qushlar sirdoshim.

Koʻnglimga chanqagan kunni keltirdim.

Va unga ichkazdim totli koʻz yoshim.

Joʻr boʻldim yaproqlar xirgoyisiga,

Yoding tonglarining shavqi bilan mast.

Oʻshanda bulutlar oʻpdi poyimdan

Falakni koʻtardim boshim uzra dast.

Garchi bilar edim: yoʻling koʻp olis,

Ammo xushboʻy edi juda ham, xush boʻy.

Oʻshanda suv bilan yalpiz sevgisin –

Kayvoni sabolar qilar edi toʻy.

Sen kirib kelganding onam oq suti

Va quyoshning shaffof nurida jonga –

Men koʻrganman anjir gullari qanday

Maʼyus boqqanini sirli osmonga…

Yoding tonglaridan qachon ketdim men?

Ismsiz soyaga aylandim qachon…

Yurganimda izgʻib tiriklik aro,

Axir sen mehribon eding, mehribon.

Koʻnglimda oʻlmagan edi Layli ham,

Yoding tonglariday sof edi jismim.

Negadir, ogʻirlik qiladi baʼzan –

Bugun oʻzimniki boʻlmagan ismim.

Yoding tonglaridan nega ketdim man?

Senda farishtalar bor, derdi bibim.

Bugun boʻm-boʻsh boʻlib qolgan vujudning

Ichida ayuhannos solar allakim…

Eslayman, qachondir yoʻlimdan urib,

Ishqidan naqsh chizib toʻrtta tomonga:

Menga yor boʻl dedi, essiz yor boʻldim…

Hayot haqqi qasam ichgan shaytonga

Va bildim, bu xato ayriliq edi,

Sening sogʻinchingdan, yodingdan ketdim.

Oramizda qolgan bir quchoq bulut,

Nur, daryo, quyoshga qayrilmay oʻtdim.

Oʻtdim, oʻtaverdim loqayd kun kabi,

Va oʻzin unutgan soyalarga xos…

Angladim ogʻuga toʻlgan yuragim,

Men shayton ishqidan boʻlganda xalos…

Bugun manzilingni izlab yuribman…

Yoding tonglariga borar yoʻl qani?!

Balki jilmayasan koʻshkinda turib,

Koʻyingda giriftor koʻrganda mani,

Kechir, yaratguvchim, adashdim, toldim.

Yoding tonglaridan ketib qaysi kun.

Kechirgil, xayoling ortida turib,

Bu hayotni qattiq sevganim uchun.

Men seni sogʻindim, bir quchoq bulut,

Nur,

daryo,

quyosh,

Va

dilga ortib hijron gʻamini,

Va senga aytishga shoshilyapman,

Yuragim shafaqqa aylanganini…

 

* * *

Har kun sezgum vujudimda tuproq hidi bor,

Lablarimda lovullaydi ufqning qoni.

Koʻzlarimning juda-juda ichkarisida

Choʻkib ketgan, bilolmayman kimning osmoni?!

Qismatimning tomirida bir daryo oqar,

Uning telba toʻlqinlarin tinglayman bot-bot.

Baʼzan meni qamab qoʻyib gʻaflat ichiga.

U daryoga kirlarini yuvadi Hayot…

Sezayapman: vujudimda tuproq hidi bor,

Ammo ruhim bogʻlarining boʻyi muattar.

Oʻsha bogʻlar jununida jununlanaman,

Sochlarimning uchidan to tovonim qadar.

Va boqaman bu olamga shu junun bilan.

Shu lahzada Xudo toʻlar olti tarafga

Va hidlayman oʻn sakkiz yosh tong yuragini-

Olmadayin koʻtargancha titragan kaftda…

Yuzimdagi ajinlarni erkalataman

Oq sochimga xinolarni qilaman oshiq.

Musiqachi suvga sarkash koʻnglimni berib,

Deyman: uni qoʻshiq qilgin, chiroyli qoʻshiq…

Va sheʼrimga kirib kelar samo yogʻdusi,

Shabbodalar, yomgʻir hamda gulobiy ifor.

Yarim tunda chertib koʻnglim darichasini.

Mast ovozda qichqiradi sogʻinch: Hoy kim bor?

Kim bor deyman, bu dunyoda men ham basma-bas,

Umidimning gullarini hidlaguvchi kim?!

Va hayo-huy qilgan koʻcha shamollari ham

Nimagadir, nimagadir boʻlib qolar jim.

Sezayapman, vujudimda tuproq hidi bor,

Va ruhimda oʻn sakkiz ming olam boʻlar jam.

Sheʼrlarimni oʻqib koʻrib bir shoir yigit

Zaharxanda qilar: “Qarimas ekanda, odam…”

Shu lahzada qismatimning daryosi toshar,

Gullarini silkitadi ruhimdagi bogʻ

Va koʻnglimni xonasida yangi umidim –

Kelayotgan kunlar uchun yoqadi chiroq…

Degim kelar, uka, sen ham yigʻlaganmisan,

Soʻzlar nola qilganida, entikkanida,

Hech boʻlmasa mahzun tortib titraganmisan,

Qandaydir dogʻ yuragingda gul tikkanida.

Bilsang, mening vujudimda tuproq hidi bor,

Va ruhimning bogʻlarida muattar ifor

Toʻrt faslni bitta qilib mening bagʻrimga,

Shafaqlarning urugʻini ekadi bahor.

Men bilaman, mujdalar bor hali oldinda

Va sabzalar xayolidek shaffof afsona

Koʻzlarimga choʻkib ketgan osmon shuʼlasin

Ichib yana mast boʻladi oshiq parvona…

Men bir qushman, oʻz yoshini sanamay qoʻygan

Uchayapman, koʻryapsanmi ey, Parvardigor,

Qanotimda porlab ketar quyosh boʻsasi.

Ammo nechun vujudimda tuproq hidi bor?

Aytgin, nechun vujudimda tuproq hidi bor?

 

* * *

Bari oʻtdi, ilk sevgining shavqiday oʻtdi,

Oʻtdi nodon kunlarimning xarxashasi ham…

Ne uchundir daraxtlarga boqaman sarxush,

Vujudimni ruhim inkor etayotgan dam…

Va qarayman bir yoʻlovchi bulut osmonning

Yuragida nur surasin oʻqiydi takror.

Ovozida men koʻrmagan olis daryoning

Jununidan ortib qolgan chiroyli ishq bor…

Men qartaygan hislarimni quvib solaman,

Va oʻsha ishq yodi sari boraman behol.

Yuragimni xazon kabi oʻynab, kaftida –

Masxara qiladi, ishqni bilmagan shamol.

Kelgin deyman, falaklarning ortida boʻlsang,

Toʻyib ichgin koʻnglimdagi nur chashmasini.

Va hijob et, borligʻimga, tuygʻularimga

Majnun kuyga solgan, nola-soʻz nafasini…

Yoshlik oʻtdi…

kengliklarda nedir yoʻqolgan.

Vujudimdan men ham asta boryapman tonib

Goh oʻylayman: hayot asli bir shirin uyqu,

Vujudimni yechib qoʻygum bir kun uygʻonib.

Ammo meni tinch qoʻymaydi, nega, ne uchun

Men koʻrmagan eng dilrabo kunlar orzusi?

Tomirimni daryolarning tomirlariga,

Payvand etib charchamaydi, qismat kulgusi.

Va daryolar tomirida yashay boshlayman,

Xayollarning girdobi zoʻr, girdobi baland.

Va izlayman shodligimni, uni qayerga,

Qachon tashlab kelganimni bilmayman garchand…

Yoshlik oʻtdi…

Qumrilarning mast ovozini.

Shirinlikday shima boshlar bemor hislarim.

Maʼyus boqar koʻzlarimning derazasidan

Daydib yurgan gʻamlar – mening sodiq doʻstlarim.

Ammo mening koʻnglimdagi nur chashmasining

Porlashini koʻryapsanmi, mehribon Rabbim?

Ishqing bilan chayqalaman, mastona, telba.

Momo Havvo koʻz yoshiday tiniqdir qalbim.

O yosharib boryapti kundan-kun ruhim,

Garchi hayot – shirin uyqu, maʼnosiz – maʼno.

Toʻlqinlarning ovozida hayqiraman boz:

Yuragimga teginmagin, qartaygan dunyo!

” Yoshlik oʻtdi” –

men bu soʻzni yomon koʻraman.

Yuzimdagi ajinlarim jilmayadi shod.

Men bahorning naslidanman,

maysa naslidan,

Sen yonimdan oʻtavergin, yolgʻonchi, Hayot.

Boryapman, tong koʻzida oʻynagan shuʼla –

Umididan sarxush tortgan bemor singari.

Ey, olamning nigohini pok aylagan ishq –

Yoʻlga tushdim,

yoʻlga tushdim

yana sen sari…

 

Halima AHMEDOVA

 

“Yoshlik”, 2015 yil 2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.