Koʻngil toshayotir qirgʻoqlarimdan

0
263
marta koʻrilgan.

* * *

Ketayapsiz, men ham ketyapman,

Oʻrtamizdan oʻtolmas sabo.

Zulfingizni xayolday eshar,

Martning koʻksin toʻldirgan havo.

 

Ketayapsiz, men ham ketyapman,

Jon boricha koʻkarar yashil.

Daraxtlarning uchlari bilan,

Shivirlashib quvonar fasl.

 

Siz faslga kirasiz, fasl

Kirib kelar olamga yonib.

Qaldirgʻochday vijirlar toshlar.

Yoʻl chetiga qushlarday qoʻnib.

 

“Ey, Gul, qaydan va qanday qilib,

Buncha latif, buncha sirlisiz?”

Soʻralmasdan oʻlar savollar,

Ham quyoshli, ham yomgʻirlisiz.

 

Bunday ozod, ixtiyorlisiz,

Bunday titrab olasiz nafas.

Barmogʻingiz bir qoʻshiq boshlar,

Barmoqlarim qilyapti havas.

 

Vujudimga chopar bir shovqin,

Tuygʻu selday koʻpirar qonda.

Koʻkragimga Tangri osgan qulf

Kalitlari sizda ekan-da.

 

Bunday boqmang, nigohlaringiz,

Hayotimni besas qamchilar.

Yelkangizga qoʻnmoqlik uchun

Koʻkdan tushmay turar tomchilar.

 

Ketayapsiz, men ham ketyapman,

Shamol erka, koʻzlar beqaror.

Koʻngil kabi tozargan yoʻlda,

Ikkalamiz, muhabbat, bahor.

 

* * *

Onam xasta edi, betob edi oʻgʻlim,

Gulning tikonlari toʻsdi yoʻlimni.

Jonimni qonatdim, labimni tishlab,

Koʻnglimni asradim, faqat koʻnglimni.

 

Yurakning toʻriga qochdi, berkindi,

Hasrat berib boqdim tuygʻularimni.

Tegramda kalxatday aylandi boʻron,

Koʻnglimni asradim, faqat koʻnglimni.

 

Chiroqni oʻchirdi ichimdagilar,

Kechaga surinib buzdim yoʻlimni.

Qushqoʻnmas gulladi bahorlarimda,

Koʻnglimni asradim, faqat koʻnglimni.

Qaldirgʻoch in qurdi kuraklarimga,

Holin soʻrolmadim mungligʻ singlimni.

Dunyo koʻchib ketdi yuraklarimdan,

Koʻnglimni asradim, faqat koʻnglimni.

 

Kunlarim yoʻl edi, yoʻlovchisiz yoʻl,

Sagʻirday qabartdi oyoq-qoʻlimni.

Parli yoyday tortdim, lekin otmadim,

Koʻnglimni asradim, faqat koʻnglimni.

 

OʻRGANDIM

Toshday uchib, qushday qoʻnishni oʻrgandim,

Dard jondin oʻtganda, kulishni oʻrgandim,

Hech nima topmadim, desam bu – yolgʻon,

Toshkentda sovqotmay yurishni oʻrgandim.

 

Oppoq tulporlarday bir tonglar otdi,

Orzusi tugagan shomlar tosh qotdi,

Oylar ufqqamas, yelkamga botdi,

Tunlarga oy bilan borishni oʻrgandim.

 

Boshga yulduz tekkan jonon kechalar,

Dil bu buroq ondin qanday kecholar?

Koʻzlarda goh yashil, oq tangachalar,

Jimirlab turganda sevishni oʻrgandim.

 

Hasrat yuragimda sayrashni oʻrgandi,

Fursat toliqqanda toʻxtashni oʻrgandi,

Kulfat chin koʻngildan yigʻlashni oʻrgandi,

Ularning baridan yashashni oʻrgandim,

Baridan mard boʻlib oʻlishni oʻrgandim.

 

XALQONA

Yaxshi otaning bolasi yetim boʻlar, qul boʻlmas,

Yaxshi erning ayoli beva boʻlar, tul boʻlmas.

Ogʻizliga soʻz boʻlmas, oyoqliga yoʻl boʻlmas,

Shu bobo soʻzlardan soʻng, men otani sogʻindim.

 

Yuragingdan oʻtgani yuraklarga yetadi,

Puli Sirot aslida shu koʻkrakdan oʻtadi.

Nodon buni bilguncha dunyo oʻtib ketadi,

Oʻtib ketdingmi dunyo? Men xatoni sogʻindim.

 

Ochiq edi eshiklar, behisht darvozasiday,

Hoy botirim, degani toʻyning ovozasiday,

Har kim kelib ketaru, lekin ota borida

Kelguchi mehmonniyu ham gadoni sogʻindim.

 

Hukm qilmang qozilar, bilmam ne soʻz yozilar,

Koʻksim – koʻpkari havor, oʻynar kuchuk, tozilar,

Hey otali oʻgʻlonlar, hey qoʻchqorli qoʻzilar,

Hey koʻksi togʻ sultonlar, sizni Xudo rozilar,

Koʻnglida ne amri bor, shu Xudoni sogʻindim,

Men otani sogʻindim-yey, men otani sogʻindim.

 

MAKTUB

Olamni suv olgan, birgina orol –

Shu qogʻoz. Men esa yarador qushman.

Aytmoqqa chogʻlangan, lek aytilmagan,

Yurakda siqilib turgan tovushman.

 

Yoʻq, men yozmayapman, toʻkilayapman,

Yurak tomayotir barmoqlarimdan.

Bulutdan tomchidek yiqilayapman,

Koʻngil toshayotir qirgʻoqlarimdan.

 

Satrlar – sahroda adashgan karvon,

Yulduz – koʻzlaringga qarab yoʻl tortar.

Satrlar – Tangridan umidi borlar,

Chapda quyosh chiqar, oʻngda oy botar.

 

Jonim, boshqa birov imlomni bilmas,

Mangu gʻussalaring izohi oʻzim.

Ochiq qolgan koʻzday sening hukmingda

Boru yoʻgʻing oʻzim, guvohi oʻzim.

 

Mana, qoʻllaringda turibman titrab,

Yoqsang bir hovuch kul, asrasang borman.

Sening kunlaringning sharhi bitilgan,

Maktub boʻlib kelgan Parvardigorman.

 

Shodmonqul SALOM

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 9-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.