Ko‘ngil kuylari

0
35
marta ko‘rilgan.

“Turob To‘laning qo‘shiqlari shoirga haqiqiy shuhratni taqdim etdi”, degan edi akademik shoir G‘afur G‘ulom. Bu fikrni davom ettirib Said Ahmad: “Xalqimiz – o‘quvchilar bu shoirni sevib qoldi. Uning biror kuni yo‘qki, o‘z xalqi bilan kuylamasa” deb yozgan edi. Haqiqatan, O‘zbekiston xalq shoiri Turob To‘la qalamiga mansub qo‘shiqlar hamon jaranglab turibdi.

Turob To‘laning yaqinda “Ilm-Ziyo-Zakovat” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Tanlangan asarlar” kitobini varaqlar ekansiz, ko‘ngilga yaqin qo‘shiqlar bilan birga “Qari qiz”, “Qizbuloq”, “Quvvai qahqaha” singari dramatik asarlar, “Yetti zog‘ora qissasi”, jahon adabiyoti namoyandalari V. Shekspirning “Qiyiq qizning quyilishi”, F. Shillerning “Mariya Styuart” dramalari tarjimasi, maqola va suhbatlar bilan tanishasiz. Bir so‘z bilan aytganda, ustoz adibning ijodiy merosi haqida to‘la tasavvurga ega bo‘lasiz.

Ushbu kitob sahifalaridan olingan qadrdon qo‘shiqlar e’tiboringizga havola etilmoqda.

 

Toshkanim, onam

Buncha yaxshi bo‘lmasang,

Toshkanim, onam!

Seni birpas ko‘rmasam,

Ko‘zlarimda nam.

 

Kimsan o‘zing, nimasan,

Sehrgarmisan?!

Bunchalar qiynamasang,

Zulfi zarmisan?!

 

Yurolmadim yiroqda,

Seni sog‘inib.

Bamisoli firoqda

Yonib, oh urib.

 

Sensiz xayolim, holim,

Parokandadir.

Qayda bo‘lsam, xayolim,

Ko‘nglim sandadir.

 

Buncha yaxshi bo‘lmasang,

Azizim, onam!

Seni birpas ko‘rmasam,

Ko‘zlarimda nam.

 

 

Laylomisan san

 

Kimsan tasadduq, Laylomisan san?

Laylolar ichra tanhomisan san?

 

Shikasta nola kimga havola?

Ko‘ngil kuyiga oshnomisan san?

 

Ochildimi gul, ko‘yida bulbul,

Yashnab ochilgan ra’nomisan san?

 

Ko‘nglimni ochding bir-bir varaqlab,

Ko‘nglimdagi shul ma’nomisan san?

 

Mavjiga oldi, daryoga soldi,

Oshiqlar o‘tgan daryomisan san?

 

Ko‘nglimni guldek orolading xo‘b,

Ko‘nglimga shuncha oromisan san?

 

Orolaringdan o‘rgilsa jonim,

Oh, sevgi shuncha a’lomisan san?

 

 

Oybuloq

 

Oymoma cho‘milgan oybuloq,

Oybuloq, ko‘nglimni yoy, buloq.

Kuylagan tilingdan o‘rgulay,

Anvoyi kuylarga boy buloq.

 

Bu tashna dilimni shod qil,

Shod qil hamda obod qil.

Men aytay dilimning rozini,

Sen uni avaylab yod qil.

 

Yod qil avaylab, kuyga sol,

Kuyga sol, kuy bilan dardim ol.

Dardim ol kuyimni yangratib,

Eshitib qayrilsin u xiyol.

 

U xiyol qayrilsa, bas, menga,

Bas, menga, u kirsa azmingga.

Nahotki shunchalar suyganim,

Shunchalar kuyganim oz menga?..

 

Oymoma cho‘milgan oybuloq…

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.