Koʻklam

0
190
marta koʻrilgan.

Salim Ashurga

 

Koʻklam, men koʻnglimni ochmasdan hali

Qat-qat hasratimni ilgʻagan koʻklam,

Meni deb chorboqqa tortib baxmalni,

Qoʻziqorin bilan mixlagan koʻklam,

Mening sharafimga yashin yashnatib,

Mushakdek portlatgan momaqaymoqni,

Xatti shikastada maktublar bitib,

Shoxlarga bogʻlagan har bir yaproqni,

Koʻklam, sendek toza oshno koʻrmadim!

Toʻqqiz oy yashadim yuragim yutib,

Tiriklik hurmati, oʻlim hurmati

Toʻqqiz oy oʻtkazdim mavluding kutib.

 

Koʻklam, sabolaring ila sarmastman,

Meni gumonlardan aylagin xalos.

Men sendan dunyolar talab qilmasman,

Men sendan muhabbat tilayman, xolos!

Yomgʻirlar yogʻildi, izlar yuvildi,

Ammo ravshan tortdi dilimdagi iz.

U qizning qalbidan mangu quvildim,

U mening koʻnglimdan ketmadi hargiz.

Koʻklam, chegara yoʻq saxovatingga,

Sening davlatingdir tole va iqbol.

Ismimni gʻunchadek bogʻla yodiga,

Butkul qurimagan boʻlsa bu nihol.

 

Senki, chaqmoq tutgan buyuk jahongir,

Oʻlim vodiysidan yuragimgacha

Ruhimdan tortib to Sahroi Kabir

Inqilob ulashding va sochding chechak.

 

Sen sabab istaklar uygʻondi takror,

Koʻzlarda aks etdi yulduz yolqini.

Iliq kechalarda yangrar beozor

Olis dengizlarning sokin shovqini.

Sen bilan ketolsam edi zora men,

Mayli, nasim boʻlib oʻtsaydim sarson,

Mana, bedazorni kechib boraman,

Chigirtkalar suvday sachraydi har yon.

 

Kelmoq-ketmoqlikning bordir muddati,

Vaqti bilan bino boʻlgandir koʻk ham.

Yuragim hurmati, sevgim hurmati,

Meni oʻz vaqtida yoʻqlagin, koʻklam.

Yoʻlingga qarayman hadikka toʻlib,

Toʻqqiz oy qiynaydi shirin visoling,

Yashayman dilbandi oʻlik tugʻilib,

Yangi farzand kutgan ota misoli.

 

1995

 

Iqbol Mirzo

Oldingi sahifaOnajon
Keyingi sahifaYoʻlim boshqa
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.