Koʻkka choʻzilgan qoʻllar

0
44
marta koʻrilgan.

Sosyun Fukagava

 

Xirosima shahrini shartta

Qoq ikkiga boʻlib, ayqirib,

Qirgʻoqlarga boshini urib

Oqar daryo – moviy va katta.

Suyak koʻrdim tubida nogoh,

U dahshatli kundan bir guvoh…

Kimniki bu qordek oq suyak,

Mana bu qoʻl, mana bu iyak?

Koʻz oldimga keldi nogahon

Tundek qora sochli jononlar,

Shu sochlarni oʻpolmay, armon –

Girdobida qolgan oʻgʻlonlar…

Ayting, qachon boʻladi unut

Bu sharpalar dahshati, qachon?

Hamon ajal ufuradi dud:

Yosh jonlarning otashi hamon

Suv ichra ham yonib turibdi,

Yillar osha kezib yuribdi!

Koʻkka choʻzgan qoʻllariga boq,

Boq ularga, doʻstim, yaxshiroq!

Shularmasmi mehri bir jahon

Tundek qora sochli jononlar,

Yo shu sochni oʻpolmay, armon –

Girdobida qolgan oʻgʻlonlar?

Quloq sol-chi, shivir-shivirga,

Bu na suvning qalqib oqishi,

Na oʻt, yaproq bolqib oqishi.

Bu bemahal qum, tuproq, yerga –

Aylanganlar qalbi sadosi!

… Koʻzni bosar dahshat pardasi…

Kimniki bu qordek oq suyak,

Mana bu qoʻl, mana bu iyak?

Suvdan kelar inson tovushi:

Onti, nafrat, faryod, qargʻishi…

“Endi majruh boʻlmasin aslo

Sizning yorqin, beqiyos dunyo!”

 

Shuhrat tarjimasi

 

ziyouz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.