Koʻkda quyosh botar, yana lov yonar

0
57
marta koʻrilgan.

Kay Valeriy KATULL

 

Lesbiyaga

 

Yashaymiz, sevamiz, mening rafiqam!

Gʻazablangan chollar vaysasin, mayli,

Biz uni olmaymiz sariq chaqaga!

Koʻkda quyosh botar, yana lov yonar,

Biz uchun bir onli nur oz-moz soʻnsa,

Boshlanar yorishmas, qalin bir kecha![1]

Meni oʻp: yuz marta, ikki yuz marta,

Koʻproq oʻp: ming marta, yana yuz dafʼa.

Yanadan ming marta, yana yuz marta.

Yuzlarni, minglarni biz koʻp sanaymiz.

Shuncha koʻp oʻpishni zimdan payqagan

Kundoshlar bagʻrini yoqmaslik uchun

Oʻpish sanogʻini soʻng unutamiz![2]

 

Chumchuqning oʻlimiga

 

Yigʻla, Venera, siz ham, sevinchlar, yigʻlang!

Qalbida mehr-shafqat boʻlgan yigʻlasin!

Oʻldi jononimning boyqish qushchasi.

Boyqish qushcha[3], jononim sevgisi edi!

Unga qadrli edi oʻz koʻzidan ham,

Asaldan totliroqdi, oʻz bekasini –

Qizcha oʻz onasini sevgandek sevdi.

Mehribon bekasining tizzasidan u

Tushmas va yolgʻiz unga shirin “chiy”lardi,

Oʻyin qilib har yonga qanot qoqardi.

U endi ketar tuman bosgan yoʻllardan[4]

Bir dahshatli diyorga; undan qaytish yoʻq.

Senga laʼnat, mahshargoh, kecha ogʻushi,

Hamma goʻzallikni sen halok qilasan!

Sen bir ajib chumchuqni olding-da ketding!

Oh, gʻaddorlik! Hayot! Baxtsiz, bechora qushcha!

Achchiq koʻz yoshlaridan goʻzalning kichik

Koʻzlarini qizartding va xunob etding.

 

Oybek tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1


 

[1] Boshlanar yorishmas, qalin bir kecha – bu satrlarda Katulldagi umidsizlik alomatlari koʻzga tashlanadi. Bu dunyoning bevafoligiga mangu oʻlim uyqusi qarshi qoʻyiladi. 

[2] U n u t a m i z – sheʼr Katullga xos sunʼiy kutilmagan xotima bilan tugagan.          

[3] Boyqish qushcha – bu yerdagi takror Katull lirikasining xalq sheʼriyatiga yaqinligini koʻrsatadi            .

[4] U endi ketar tuman bosgan yoʻllardan – sheʼrning bu satridan keyin taʼziya nutqlarining koʻtarinki uslubiga xos satrlar boshlanadi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.