“Koʻhna qoʻshigʻimni kuylar bu falak”

0
410
marta koʻrilgan.

Ataylab

 

Ataylab qoʻngʻiroq qilmayman… Sen ham

Ataylab men tomon joʻnatmaysan xat.

Ataylab qalbingda qoʻzgʻayman alam,

Ataylab sen meni qilasan diqqat.

 

Ataylab…

Nogahon kelib qolsak duch,

Ters yonga ketamiz birdan qayrilib.

Bizni itaradi ikki musbat kuch,

Bizni dilbandiday suyar ayriliq.

 

Sen xayol surasan tinmay men haqda,

Men sheʼrlar yozaman seni sogʻinib.

Bormoqchi boʻlaman yoningga shaxdam,

Toʻzgʻitib, qulatib gʻurur togʻini.

 

Va, lekin poyimga tushovdir koʻlkam,

Oʻzimning soyamni hatlay olmayman.

Yuragim goʻyo shu qismatga koʻngan –

Qoʻngʻiroq qilmayman, xatlar olmayman.

 

Sahroday choʻzilib yotar masofa,

Holimizga kular Majnun va Layli.

Chayonday chaqadi hijron – kasofat,

Berahm gʻurur va uyat tufayli.

 

Goʻzalim!

Malomat qilma,

Sen tushun,

Men senga muhtojman, zorman aslida.

Sen bilan hamnafas boʻlmoqlik uchun,

Ataylab tugʻildim ushbu asrda…

 

Koʻhna qoʻshiq

 

Tanho tinglayapman osmon kuyini,

Yulduzlar pirpirab kuylaydi qoʻshiq.

Kuylashar ohista, gʻamgin, kuyinib,

Ohangga mening ham ohimni qoʻshib.

 

Tingla,

Tuygil sen ham,

Koʻzlaringni yum:

Koʻhna qoʻshigʻimni kuylar bu falak.

Million yilki, uni qiynaydi kuyim,

Senga yetkazolmay sevgimni halak.

 

Ortiq bobo

 

Yon qoʻshnimiz – sodda, doʻlvor Ortiq bobo,

Ismi – bir kam dunyosidan tortiq bobo.

Shuncha yashab biri ikki boʻlmadi hech,

Koʻngli kemtik, hamon oʻsha – yorti bobo.

 

Kulib turar – ichida hech olasi yoʻq,

Kim aytadi, lekin, uning nolasi yoʻq?

Chang koʻchaga koʻmar barcha alamini –

Yetmish beshga kirdi, ammo, bolasi yoʻq.

 

Choponining etagini tortib qoʻyar,

Namli koʻzin yengi bilan artib qoʻyar.

Tushunmadi, bu dunyoning savdosiga –

Odamzotga qanday talab, tartib qoʻyar?

 

Axir, qanday yigit edi – dasti baland,

Sira pisand emas edi pastu baland.

Qirq yil beshik sotib oldi tushlarida,

Endi esa, qismatiga qasdi baland.

 

Kampiri ham unday elar gʻussasini,

Qaygʻu battar ezgan mushtday jussasini.

Koʻngli anor tusagan yosh kelinchaklar

Pichirlashar uning gʻamgin qissasini.

 

Ortiq bobo! Har bolaga qand beradi,

Ayrimlari oʻsib hali pand beradi.

Dilbandiday koʻrar barcha jujuqlarni,

Bagʻri toʻlib, goho mamnun qad keradi.

Biroq, soʻnggi yillar qoldi sal oʻzgarib,

Orzulari singari u toldi qarib.

Orqasida bolalarin yigʻlatib zor,

Teng-toʻshlari ketdi yolgʻiz choldir gʻarib.

 

Endi botar, ogʻir-ogʻir oʻylarga u,

Termiladi qiy-chuv toʻla uylarga u.

Hadeganda, aralashmas el ichiga,

Boshin egib kirib-chiqar toʻylarga u.

 

Ortiqchaman endi elga, netay, dermi

Yo yukimni olib butkul ketay, dermi?

Bu dunyoda yetmadim bir tilagimga –

U yoqlarda niyatimga yetay, dermi?

 

Ey, Xudojon, yetsin senga nolalari,

Yostiqni hoʻl qilgan issiq jolalari!

Jannatingda kutib olsin chugʻurlashib –

Bu dunyoda tugʻilmagan bolalari!..

 

Tinish belgilari

 

Meni sevasanmi,

Sevasanmi, ayy,

Yigʻlaysanmi meni sogʻinib goh-goh?

Tushlaringga olib kirasanmi,

Ayt,

Koʻzimni kesadi shu keskir soʻroq?!

 

Bexos kelarkanman senga roʻbaroʻ,

Koʻzlaringga qaray olmayman, qiziq –

Goʻyo pistirmada sirli kas boru

Goʻyo oʻrtamizga qoʻyar u chiziq.

 

Xayollar suraman gʻamgin, parishon,

Tunlar qovrilaman achchiq anduhda.

Qalbimda kurashar shubha va ishonch,

Koʻzimdan tomadi tuyqus koʻp nuqta.

 

Sen, mayli, oʻzingga beraver oro,

Baxt-iqbol qasridan dur teravergil.

Kulaver, kulaver – har kulging aro

Jilmayib, jilmayib qoʻyayin vergul.

 

Faqat hislarimni qilmagin payhon,

Faqat xayolimga qoʻyma toʻsiq, gʻov.

Men seni sevaman,

Kiprigi paykon,

Koʻksimga sanchilar shu oʻtkir undov!

 

Ketasan…

Holimni qilmas hech kim sharh,

Qaygʻum oʻzimniki – qaydan el bilar?!

Ketasan…

Lek, meni etmas sira tark

Qalbimdagi tinish… tanish belgilar!..

 

Ketmas

 

Kiprigimga ilashgan

Yoshimdan aksing ketmas.

Qulogʻim pardasidan

Titragan sasing ketmas.

 

Girdob aro qoldi dil,

Koʻzimga toʻldi qumlar.

Quyun kabi tegramda

Aylanib raqsing ketmas.

 

Bu ne rasm boʻldiki,

Suvratga sajda qilmoq?

Yuragim devoriga

Oʻyilgan rasming ketmas.

 

“Boqma, qoʻy!” deydi aqlim,

Chirillab yigʻlar koʻngil.

Oʻrtada ovora jon,

Ruhimdan bahsing ketmas.

 

Doʻstlar, avramang meni,

Unutsang ketgay, debon.

Soxta tasalli bermang,

Behuda – taskin, ketmas.

 

Koʻz yumib oʻtgum oxir,

Bu olamdan, nachora?

Koʻz ochsam, qarogʻimdan

Nigohing, baskim, ketmas!

 

Nodir JONUZOQ

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–8

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.