Kipriklarim nayzasiga ilingan osmon

0
181
marta koʻrilgan.

 * * *

“Chorgoh”mi, “Ushshoq”mi yoki “Munojot”,

Shamollar qanday kuy?..

Titraydi havo.

Bugun avlodlardan izlarmi najot

Changlarni toʻzgʻitib bu sharqiy navo?!

Odamlar tinglamas,

Odamlar loqayd,

Shamolning kuyligin yo olmas payqab.

Bunday befarqlikka qilolmay toqat

Daraxtlar, maysalar turar bosh chayqab.

 

* * *

Yurak osmonida azob naysoni,

Toʻsadi nurlarni – sevinchlar yoʻlin.

Boʻgʻziga tiqilar Harorat joni,

Begʻubor Cheksizlik koʻtarar qoʻlin.

Yurak ham boʻgʻilar yetmay nafasi,

Tumanlar ortida ingraydi surur.

Tinadi yuzlarda kulgilar sasi,

Iztirob – izgʻirin toʻkadi gʻurur.

 

Sovuq soʻz!..

Vujudni – yurak olamin,

Qahraton qahriday qoʻydi sovutib.

…Sevinchlar yoʻlini ochadi sekin,

Muzlagan koʻngilni kimdir ovutib.

 

Nurlardan yorishgay yurak osmoni!..

 

U ShUNDAY KUCHLIKI…

 

Oʻrol Tansiqboyev xotirasiga

 

U shunday kuchliki…

Boʻshliqni yoyday –

Zamin tepasiga qoʻyolgan egib,

Tip-tiniq osmonni balandroq chizgan

Ketmasin deb qushlar qanoti tegib.

 

U shunday kuchliki…

Chizgan zavolsiz –

Yerga toʻktirmasdan oʻrik gullarin.

To gʻuj-gʻuj dovuchcha tugmagunicha

Oʻzi toʻsib turgan shamol yoʻllarin.

 

U shunday kuchliki…

Hayron qolmagan

Pagʻa bulutlarni paxtadek ushlab.

Turnalar uchmoqda suvratlarida

Uzun va yaltiroq nurlarni tishlab.

 

Chizolgan bir vaqtlar sevgani bilan

Kezgan qirgʻoqlarni,

Qalin bogʻlarni.

U shunday kuchliki,

Oʻz xonasiga –

Kiritib qoʻyolgan qorli togʻlarni!

 

TAXTADAGI IXTIRO

 

Boʻr bilan yozildi buyuk ixtiro,

Doskaga chizilar noayon shakli.

Jam edi unda nur, fikr, ehtiros,

Hech bitta narsaga yoʻq edi taqlid.

 

Koʻp ishlar bajarar oddiy shisha nay…

Olimlar qaytishar hayrati katta.

Soʻng shuncha qudratni odatdagiday

Oʻchirib tashlaydi chirigan latta.

 

SOMON YOʻLI

 

Somon yoʻli. Bosilmaydi bu yoʻlning changi,

Uxlamaydi oʻtib ketgan karvonlar zangi.

 

Kipriklarim nayzasiga ilingan osmon,

Shu tigʻ bilan oʻrtasidan tilingan osmon.

 

Yulduzlar-ku olov tuyoq tevalar izi,

Koʻzlarimni ochtirmaydi changlari toʻzib.

 

Yulduzlarning yon-girdida boʻshliq huvullar,

Yutmoq boʻlib bu sahroda boʻri uvillar.

 

Kipriklarim nayzasida ingraydi osmon,

Naq ustimga qulamoqchi cheksizlik shu on.

 

Somon yoʻli surat yangligʻ qoqilgan koʻkka,

Ikki uchi ufqlarga sanchilgan tikka.

 

KUMUSHBIBI AZASI

 

Kulfat rangi sachragan yorugʻliklar qoraydi,

Qil sigʻmagan yurakday olam bagʻri toraydi,

Endi faqat Otabek gʻussalarga yaraydi,

Oʻn toʻrt kunlik oy kabi toʻlganding, Kumushbibi,

Soʻnggi jonga ilinib toʻlgʻonding, Kumushbibi.

Endi jonsiz sevgingni shul qaro yer koʻtargay,

Yigʻlab qaro tobutni Otabek er koʻtargay,

Mening koʻz yoshlarimni titrab bu sheʼr koʻtargay,

Nurmas, yigʻi-dodlarga choʻlgʻonding, Kumushbibi,

Soʻnggi jonga ilinib toʻlgʻonding, Kumushbibi.

 

Qolmadi-ku dunyoda yonib bagʻri butunlar,

Koʻkraklarda tugʻilib koʻkda oʻlar tutunlar,

Char-churs yonar oromlar boʻlib gʻamga oʻtinlar,

Har yurakda “oh!” boʻlib uygʻonding, Kumushbibi,

Soʻnggi jonga ilinib toʻlgʻonding, Kumushbibi.

 

Sen kuylarga oʻxshatgan seravj soy ham yigʻlaydi,

Nuray-nuray yarimta boʻlgan oy ham yigʻlaydi,

Seni oʻzi yaratgan Julqunboy ham yigʻlaydi,

Nogoh quchgan baxtingday kulganding, Kumushbibi,

Soʻnggi jonga ilinib toʻlgʻonding, Kumushbibi.

 

QOʻShIQ

 

Oh urdirma, oh ursam

Togʻlar toshi qulaydi.

Yolgʻiz borsam, yor seni,

Qashqadaryo soʻraydi.

 

Sensiz yellar oʻraydi,

Uraydi-ku yoʻlimni.

Holimni kim soʻraydi,

Soʻnik koʻrsa feʼlimni.

 

Baqaterak, jon terak,

Xoʻp toliqdim, boʻl tirgak.

Kelinim bir koʻray deb

Onaginam jonsarak.

 

Eʼzozga zor bu tuproq,

Sogʻinchlardan tirnalar,

Olislarga uchadi,

Qarang, elchi turnalar!

 

Baland Hisor past boʻlib,

Shosh suluvin koʻray, der.

Yolgʻiz borsam, yor seni,

Qashqadaryo soʻraydi!

 

Nazar ShUKUR

 

“Yoshlik”, 2014 yil 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.