Kino tasmasiday charx urar hayot

0
315
marta koʻrilgan.

TUNGI NAVBATCHILIK

Bu bir shifoxona,

Bu yigit – talaba, shifoxonada

Navbatchilik qilar darsdan soʻng, tunda.

Ertasiga esa kun boʻyi

Yashaydi u hasratda, mungda.

 

Oʻrtasida qolgan u ikki oʻtning:

Yosh boʻla turib,

Sogʻ boʻla turib,

Sevgan qizi boʻla turib – dilrabo,

Uylangisi kelmas yigitning.

 

Koʻzning xotirasi boʻlmasa qani,

Unutardi koʻrganlarini.

Quloqning ham xotirasi bor,

Eshitganin chiqarmas yoddan.

 

Nahot, shuncha tubanlikka boradi odam,

Sotar nafsga nomus, orin.

Soʻng aldaydi

Boʻlajak yorin?

 

Zavqlarini bulgʻab koʻmirga,

Qanday yashar keyin u bilan birga?

Aldab boʻlmas, axir, bir umr,

Bir kun oshkor boʻladi-ku sir?

 

Qingʻir ishning qiyigʻi… degan gap bor-ku!

Qingʻir ishni qilganlar oxirda xor-ku!

Qimmatbaho moshinlarida

Boyvachchalar olib kelishar –

Bunda moʻmay pul evaziga

Shifokorlar juvonlarni qabul qilishar

Va jarrohlik yoʻli ila

Bokiraga aylantirishar,

Kelinlikka shaylantirishar…

Mahbubalarin…

 

Oyni etak bilan yopmoq boʻlishar,

Badboʻy ufuradi bu yerda riyo.

Kerakli, keraksiz kulishar,

Boʻlajak kuyovlarni mazax qilishar.

 

Xudoning-da qahridan qoʻrqmas,

Jahannamning qaʼridan qoʻrqmas –

Shifokor ham,

Boyvachchalar ham…

 

Hammasidan talaba boʻladi ogoh

Hamda ruhan soʻladi shu choq.

 

UKA

Hech kim oʻrgatmagan, hech kim aytmagan,

Yigʻinga opangni qoʻriqlab bor deb.

Qalb buyurganidan uka qaytmagan,

Kechgan oromidan gʻurur deb, or deb.

 

Ota-ona ruxsat berganin bilar,

“Yana nima kerak senga, ey ahmoq!..

Sobiq sinfdosh qizlar xalos yigʻilar”…

Opasin qoʻriqlab boraverar, boq!

Qiz bor joyda koʻz bor – qarovchi unga,

Soʻz bor otilguvchi – olddan, orqadan.

Garchand dimoq-firoq qilinar bunga,

Ammo baʼzilarga moyday yoqadi.

 

Opasidan avval olar kiyinib,

Borar – xohlaydimi-yoʻqmi, ergashib.

Opani tinch qoʻyish shuncha qiyinmi?..

Oʻltirar davrada figʻoni oshib.

 

Koʻchada, yigʻindan, koʻzdan panada

Qizir hangomasi ukalarning ham.

Qizlar davrasidan zavqda, maʼnoda

Ortiq boʻlsa borki, emas zarra kam.

 

 

“KICHKINA TABIB”

Shu nomli filmdan soʻng

 

“Bu uyda nimalar boʻlyapti oʻzi?

Nimaga bu uyda farishtalar yoʻq?”

Yangraydi kichkina tabibning soʻzi,

Zulmatliklar aro bamisoli oʻq.

 

Sanchilar u Mashrab aka koʻksiga,

Negaki, u barcha gapdan xabardor.

Soʻzlar ogʻzigamas, chiqar koʻziga,

Qaytadi qalbiga va beixtiyor.

 

Qasam ichgan, axir, yomon bir qasam

Ki maʼnosi zahar-zaqqum singari.

Qabohatni koʻrib, jim turgan odam –

Yaxshilikdan nari, yurakdan nari.

 

Bu uy osmoniga kichkina tabib,

Quyosh soʻrar, bulut soʻrar Xudodan.

Balki u koʻrinar bir tentak kabi,

Tentaklar ichida donishmand zotan.

 

Harom boylik yigʻib, harom yeganlar

Roʻshnolik koʻrganmi oxir-oqibat?

Yalangʻoch qolmasmi harom kiyganlar?

Qulamasmi bir kun harom imorat?

 

Bu bir uy, yaxshiyam mamlakat emas,

Vatan shundoq boʻlsa, ayting, netardik?

Mashrab aka tomga chiqib yigʻlar, bas,

Biz-chi? Qayga chiqib, faryod etardik?

 

Kino tasmasiday charx urar hayot

Gohida bizlarni adashtirar, hay!

Kichkina tabib, bu – kelajak avlod,

Qachongacha yashar bizni tushunmay.

 

Va tushunmagani uchun qaqshar zor,

Va shunday begunoh va shunday maʼsum.

Koʻrgisi kelmaydi kattalarni xor,

Bolalarni esa, dardmand va mahzun.

 

Va deyman bari bir oʻzim-oʻzimga:

Bir Mashrab akaning emas, hammaning –

Sening ham, mening ham yagʻir koʻksimga

Oʻsha oʻq muttasil sanchilsa qani!

 

Va oʻylasak qani biz ham gohida

Boshqa tashvishlardan, gʻamlardan ortib.

Farishtalar haqda, iymon haqida

Va gʻaflat loyiga qolmasak botib.

 

BOZOR VA SEVISHGANLAR

Nima bor bozorda sevishganlarga?

– Tadbirkorlar, bozorda doʻkoni bor-da.

– Sevishganlar – tadbirkor, demak!

– Lekin ular doʻkoniga xaridor kirmas.

Kirsa ham bular koʻrmas,

Eshitishmas, payqashmas hatto.

Soʻzlashadi bir-biri bilan –

Doʻkonda yoʻq narsa haqida,

Bozorda yoʻq narsa haqida,

Ishq haqida soʻzlashar ular

Va soʻzlari boʻlmaydi ado…

Bilinmas vaqt oʻtgani hatto

Yopiladi bozor, yopilmas

Doʻkoni sevishgan tadbirkorlarning.

 

ShOIRNING ENG KATTA UNVONI

Shoirning eng katta unvoni – yozish,

Xudo bergan boʻlsa gar buni – soz ish.

Haqiqatni kuylash bandalar aro

Sheʼr ahlining yuksak qismiga xos ish.

 

Shukur QURBON

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 6-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.