Kelinchak

0
272
marta koʻrilgan.

Oʻrik shoxlariga qoʻngan qormikan,

Qoʻllaring xinomi yo gulgun chechak?

Hanuz masrurmisan, baxtiyormisan,

Bagʻdod bogʻlarida qolgan kelinchak?

 

Kimni aziz tutib ketding, azizam,

Kimning haroridan gullading, oʻsding?

Bir lahza koʻzimni koʻrayin desam,

Kipriklaring bilan koʻzingni toʻsding.

 

Boshingda daryodek mavjlangan roʻmol…

Shamol qulogʻidan tortar barglarni…

Shamol, uchirolmay dilgirdir shamol –

Roʻmolingga qoʻngan kapalaklarni.

 

Olam bir alamdir, sim-siyoh cheti,

Alam bir olamdir endi, sevarim.

Oʻrik gullaridek sochilib ketdi

Kaftimdagi bir juft sitoralarim.

 

Meni chorlayverdi yovvoyi kenglik,

Jayronlar koʻzidan koʻzim qamashdi.

Senga gullagan bogʻ yarashganidek

Menga sargardonlik gashti yarashti.

 

Oʻrik shoxlarini bukkan qormikan…

Qoʻllaring xinomi yo gulgun chechak.

Seni koʻrgim kelar, omon bormisan,

Mening tushlarimda qolgan kelinchak…

 

Iqbol Mirzo

 

1992

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.