Jonim ichindagi jonimsan, Vatan!

0
317
marta koʻrilgan.

Baxtiyor GENJAMUROD

 

VATAN

Yalang oyogʻimga sanchilsa tikan,

Tan ogʻrib, qon koʻpchib, ingranadi jon.

Oʻzni sendan oʻzga sanamadim men,

Tanimsan, qonimsan, jonimsan, Vatan!

 

Tan – koʻzga koʻringan savlatim mening,

Qonim-chi, jonimga, ruhimga makon.

Maqtashga soʻz yetmas vasfingni sening,

Tanam ichindagi tanimsan, Vatan!

 

Million yil sahroda guldek ochilgan,

Sir, Surxon, Zarafshon, Oʻkuzdaryosan.

Yuragimdan vujud ichra sanchilgan

Qonim ichindagi qonimsan, Vatan!

 

Jon – Alloh neʼmati: biz uchun iqbol,

Erkin ruh – insonni yuksaltirgan shon.

Xalqimning kamoli, baxti Istiqlol,

Jonim ichindagi jonimsan, Vatan!

 

BIY OGʻA

Tangrim bizga ortiq dunyo bermadi,

Ming bora bisyor ishq berdi, biy ogʻa.

Sogʻinch shamshirini Laylim sermadi,

Toʻralik toʻningni bugun kiy, ogʻa.

 

Oh, yurak-bagʻrimni tilmoqda olmos, –

Bu Xudoydan bizga kelgan siy, ogʻa.

“Kel…” deb chaqirar yor, bormasam boʻlmas,

Koʻzimga tor boʻldi Nukus – uy, ogʻa…

 

Alloh neʼmatidir sevgi-muhabbat,

Bizga visol yoʻlin koʻrsat, biy ogʻa.

Oʻchsin yo oʻrlasin yurakdagi oʻt,

Boʻzadan toʻldirib yana quy, ogʻa…

 

DOʻST UCHUN

Sevimli oyim qizlar, meni ayamang!

Doʻstlikni muhabbatdan baland qoʻyaman.

Yordan jafo koʻrdim, vafo koʻrmadim,

Ayting, bu dogʻni men qanday yuvaman?

 

Sevimli gul bekalar, meni ayamang,

Doʻstlikni ishqingizdan baland qoʻyaman.

Zindonband etdingiz menga may quyib,

Alpomishdek chohga tushib kuyaman…

 

Sevimli xonimlar, meni ayamang,

Doʻstlikni boʻsangizdan baland qoʻyaman.

Yor deb oʻzni fido etmasman endi,

Doʻstga jonim qurbon – jonim “soʻyaman”…

 

MING MANZILDAN UZOQ

“Ming manzildan uzo-o-oq…” Makrit bogʻidan

Tushimga kiradi har tun bir uzum…

Uzumning suvini – mayni sogʻindim,

Qalbimda oq kaptar uchmoqda. U – kim?..

 

Qarshi choʻlidan oq bulutlar kelar

Qora tovga – gulsiz, uryon toshlarga.

Oʻkuzdaryoda tong… goʻyo sel yogʻar,

U – tilla uzukning koʻzyoshlarimi?

 

Chap qoʻlimda qadah, oʻng qoʻlda sharob,

Oʻz-oʻzimga qadah soʻzi aytarman.

Oq bulutdan oppoq kaptarni soʻrab

Mast boʻlib tunlardan tongga qaytarman.

ODAM ATO VA MOMO

HAVO QISSASI

Tangrim eng birinchi Soʻzni yaratdi…

Soʻng cheksiz olamni, sayyora – Yerni,

Dunyoga ilohiy nurni taratdi.

Yerga tirikchilik berdi.

 

Qirq yil gʻam buyurdi –

Yogʻdirdi qorni,

Qirq yil baxt yogʻdirdi –

Sel boʻldi jahon.

Qaygʻu va shodlikning tuprogʻin qordi,

Vujudni yaratdi, ato etdi jon.

 

Tangrim unga “Odam” deya ot qoʻydi…

Yerga podshohlikning huquqin berdi.

 

Choʻllarning, suvlarning podshosi – Odam!

Toʻqaylar, togʻlarning podshosi – Odam!

Baliqlar, qushlarning podshosi – Odam!

Maxluqlar, jonzotlar podshosi – Odam!

 

Yuragi negadir intizor edi,

Negadir kimnidir sogʻinar edi…

 

Alloh – bilguvchidir, bildi bu sirni,

Odamni ilohiy uyquga soldi.

Uning manglayiga yozdi Taqdirni,

Bir juft qobirgʻasin sindirib oldi…

 

Jigari, yuragidan kesib Odamning,

Boʻtaka, buyragidan kesib Odamning,

Tomiri, oʻpkasidan kesib Odamning,

Aqli va esidan kesib Odamning,

 

Nur-la yelimladi juft qobirgʻani…

Jon ham ato etdi Tangri taolo.

Xudoning mehriga ming bora shukur!

 

Silkinib uyqudan uygʻondi Odam,

Oyparini koʻrdi, sochi yoyilgan:

“Bu olam chiroyin, husnu jilvasin

 

Barchasin mujassam etgan oʻzinda,

Tungi yulduzlarning sirli shuʼlasin –

Barin jam aylagan maston koʻzinda.

Bu kim?.. – bila olmay lol qoldi Odam.

Yuragi, jigari va oʻpkasiga

Sanchildi ishq otli uch oltin igna… –

Suyib yashash! Kuyib yashash! Kechirib yashash!

 

Yetti qat osmondan keldi bir sado:

“Bul – Havo Ona!

Ul – Havo Ona!

Gul – Havo Ona!..”

 

“Qoshimga kel!..” dedi Havoga Odam,

Tovushi togʻlardan oshib yangradi.

Biroq dunyoga u podshoh boʻlsa ham

Havoni qoshiga keltirolmadi.

 

“Kerak boʻlsam senga, oʻzing kel buyon!” –

Dedi goʻzal Havo suzilib koʻzi…

Bilmay koʻndi Odam.

Oʻshandan buyon

Er yalinib borar ayolga oʻzi…

 

Ajab, buyuk Tangri karomat etdi,

Odamdan yaratdi Havoning oʻzin.

Necha minglab yillar, asrlar oʻtdi…

Doim qiz yigitni, erkakni xotin

Oʻz izmiga soldi, oʻtkazdi soʻzin.

 

Goh minglab chaqirim yursak ham yiroq,

Qoʻl telefonlardan beradi buyruq.

Yuragimda gʻazab oʻt olsa, biroq

“Sen Odam emassan!” deb uraman doʻq.

 

– Sen Odam emassan! Ha, ha, Havosan!

Kechir, kislorodsan – toza havosan…

Oyimsan, quyoshimsan, yulduzimsan sen,

Hayotimsan, dardimga oʻzing davosan…

 

Mening yuragimsan – sen yagonasan…

Sen Odam emassan! Havo Onasan!

 

Erkakning oldida erkak tiz bukmas,

Jonlarim, siz uchun boshim egaman.

Bu yorugʻ dunyoda siz Odam emas,

Havo boʻlganingiz uchun sevaman!

 

Qoraqalpoqchadan

Rustam MUSURMON tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.