«Jondosh tuprogʻimda choʻzilgan yoʻlim»

0
114
marta koʻrilgan.

DENNIS BRUTUS

(1924 y.)

 

Dennis Brutus Janubiy Rodeziyaning Solsberi shahrida tugʻilgan. Vitvatersrand universitetini tamomlagan. Bir necha yil oʻqituvchi boʻlib ishladi. Irqiy ayirmachilikka qarshi olib borilgan juda koʻp kurashlarda, ayniqsa sport sohasidagi bunday hollarga hech qachon chidab qarab turmadi. Shunda zoʻravonlar uni turmaga tiqdilar. Qamoqdan chiqqach, Londonga koʻchib ketdi. Janubiy Afrika Respublikasining Kay viloyatida tub afrikaliklarni Transkey degan joyga yigʻib, soʻngra ularni eng ogʻir ishlarga, oltin va uran konlariga joʻnatadilar. Shoir jahon jamotchiligi eʼtiborini ana shu hodisaga qaratuvchi sheʼrlari va boshqa irqiy ayirmachilikka oid keskin ruhli asarlari bilan xalqning hurmati va muhabbatini qozongan.

Dennis Brutusning jurnalxonlrga tavsiya qilinayotgan quyidagi sheʼrlari “Sirens Knuckles Boots” (“Sirenalar, mushtlar, etiklar”) kitobidan olingan.


 

Tungi shahar

 

Sevgilim, iloho, uyqung tinch boʻlsin!

Tashda – sovuq dengiz, suv toshqinlari;

patrul mashinalar butun shaharga

suvaraklar galasiday oʻrmalab ketdi.

 

Ular azob toʻla kulbalarga yetdi,

bitlagan yostiqlar otildi koʻchaga;

jomlar titrogʻida dahshat yashirin,

qumloq, toshloqlarda harsillar gʻazab…

 

Osoyishta oʻtsin shu sokin kechang,

sevimli tuprogʻim, uyqung tinch boʻlsin!

 

* * *

Jondosh tuprogʻimda choʻzilgan yoʻlim.

Men – bir burgʻuchiman, yoʻqdir tinch onlar;

barglari shildirab kutar oʻrmonlar,

ularga shoshilib choʻzaman qoʻlim.

 

Taqiqdan iborat oʻngimu soʻlim –

fikrdan, orzudan kular hayvonlar,

pulemyotlar shaydir toʻkmoqqa qonlar,

ammo qoʻrqitolmas, bil, meni oʻlim.

 

Chalgancha boraman dam bermay burgʻumga.

Yaxshiligim uchun, haqligim uchun

chilvirin solishgan ular boʻynimga,

qattiqroq tortishar, koʻrsatib kuchin.

 

Qoraman-da, ular qilmaslar rahm,

oʻqlarin soyasi teshadi bagʻrim.

 

* * *

Urildik, surildik, lek omon qoldik,

sevgimiz soʻlmadi, haqqimiz oldik.

 

Qoʻpol timirskilar nur dastalari

notavon yalangʻoch tanlarimizni;

 

koʻchkilarning mangu dahshati kabi

tepamizda turar mustabid taqiq;

 

eshiklarimiz etiklar tepkisidan

yorilgan, joylaridan koʻchib ketgan.

 

Ayriliq, yoʻqotishlar, mahrumiyatlar

lekin yoʻq qilolmadi bizni.

 

Qorongʻi yoʻllarda patrullar hamon

hujumga shay turgan ming boshli ilon.

 

Eng yomoni shuki, ona tuprogʻim

xunuklashib ketdi bosqinlardan.

 

Tinkamiz qurigan, xormizu tarqoq,

xoʻrlangan boʻlsak-da, sevgimiz yashnoq.

 

Rus tilidan Miraziz AʼZAM tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.