Jon nisor aylay sango

0
6
marta ko‘rilgan.

* * *

 

Bahor ayyomida ul xatti rayhonimni sog‘indim,

Ki, ya’ni, hurvash, zulfi parishonimni sog‘indim.

 

Saropo ishva birla dilrabolar xayli yaktosi,

Nazokat kishvarida shohi davronimni sog‘indim.

 

Qadi – tubo, yuzi – gul, sochi – sunbul, ko‘zlari – jodu,

Bu yanglig‘ nozparvar ofati jonimni sog‘indim.

 

Netarman nola qilmay, ul jafojo‘ hasratidinkim,

Firoqida damodam ohu afg‘onimni sog‘indim.

 

Edim bir lahza tinmay zarravash yonida beorom,

Yo‘qotib emdi ul xurshidi raxshonimni sog‘indim.

 

Qizil guldek yuzi yodi bilan har kechalar tinmay,

Chu bulbul aylag‘on man xasta ilhonimni sog‘indim.

 

Qolibman, Sidqiy, ul shahdu shakarlabning firoqida,

Suxanvar to‘ti yanglig‘ shakkaristonimni sog‘indim.

 

 

* * *

 

Nisor aylay desam, jono, na bo‘lg‘ay xonumon tanho,

Kel emdi, sadqa aylay jonlar, ey ruhi ravon, tanho.

 

Vafo maydonida tanho bosh o‘ynamoqlikni tamosho qil,

Meningdek notavon tanho, hama ahli jahon tanho.

 

Qalamdek midxating yozmoqda tilni pora aylaykim,

Qilarmen qaysi vasfing bo‘lsa, og‘zimda zabon, tanho.

 

Hilol oso tanim za’f etti so‘zi shiddati darding,

Kelib so‘rmaymusan holimni, ey qoshi kamon tanho.

 

Kamoli shafqat izhorin qilib, bir yo‘l qalaysan, deb,

Na bo‘lg‘ay bir kecha kulbamg‘a bo‘lsang mehmon, tanho.

 

Raqibi ro‘siyahlar qo‘ymadi ko‘yungg‘a bormoqg‘a,

Ki, yuz surtub o‘par erdim man anda oston, tanho.

 

Bosh urma emdi Sidqiy, har tarafqa yig‘labon har dam,

Sanga yetmasmu gar haq lutfi bo‘lsa soyabon tanho.

 

 

* * *

 

Ishqida o‘ldumki, vah, ul yor kelmaydur hanuz,

Ko‘rsatay deb manga bir diydor kelmaydur hanuz.

 

Oh urub har dam yurak-bag‘rimni hajrida ezib,

Yig‘lasam to subh ul dildor kelmaydur hanuz.

 

Bodai la’li labidin shod edim doim, vale,

Bo‘lmisham ko‘rmay yuzin bemor, kelmaydur hanuz.

 

Dard ila hasratlarimni ul sanamg‘a sarbasar,

Arz etib aylay desam izhor, kelmaydur hanuz.

 

Jomi vaslidin damodam mast erdim, hayfkim,

Ketti tashlab aylabon xummor, kelmaydur hanuz.

 

Otashin ruxsorig‘a shaydo qilib men xastani,

Qilg‘ali holimni istifsor kelmaydur hanuz.

 

Nazm ila Sidqiy muvashshah aylab oning nomig‘a,

Ayladim jon bo‘ynig‘a tummor kelmaydur hanuz.

 

 

* * *

 

Lablaringdur shahdu shakkardin maleh,

Gul yuzing gulshanda nastardin maleh.

 

Xatlaring bordur tarovat bobida

Sunbulu rayhonu anbardin maleh.

 

Kokuling bo‘yi mashomi jonima

Bordurur ul mushki azfardin maleh.

 

Oy yuzingni bandasidur nechakim,

Orazing xurshidi xovardin maleh.

 

O‘z tengida qaysi bir shoir so‘zi,

Bor erur Sidqiy suxanvardin maleh.

 

* * *

 

Bo‘lmasun hech kimsa mandek sango, aslo, mubtalo,

Bo‘lmadim xurram dame, bo‘ldum sango to mubtalo.

 

Bo‘lmagay oshiqlaring ichra maningdek, nechakim,

Ishq iqlimida yo‘q mandek saropo mubtalo.

 

Kishvari hajring aro bir shuhradori so‘znok,

Mandin o‘zga topilurmu noshikibo mubtalo.

 

Dardu g‘amdur mahramim, ohu fig‘ondur hamdamim,

Toki bo‘ldum man sango, ey hur siymo, mubtalo.

 

Har sahar afg‘on chekar chun qumri Sidqiy tinmayin,

Ul magar bo‘lmish sango, ey sarvi ra’no mubtalo.

 

 

* * *

 

Abro‘din tiyg‘i dudamlar oshkor aylar ko‘zung,

Go‘yiyo qatlim uchun bir zulfiqor aylar ko‘zung.

 

Manmu bo‘lg‘on nimnigahlar qilmoqingdin telbakim,

Bir boqib yuz men kabini beqaror aylar ko‘zung.

 

Xatlaringdin ofiyat sorig‘a yo‘l zohir, vale,

Dam-badam yuz ming balolarg‘a duchor aylar ko‘zung.

 

Sadqa bo‘lsun xasta jonim senga boqsam, ne uchun

Doimo bedodlig‘ni ixtiyor aylar ko‘zung.

 

Vah, na sohirdurki, jono, hech rahm etmay mango,

Bir boqib aqlimni mulkin tor-mor aylar ko‘zung.

 

Ishq bemori o‘lan mandek hama sargashtag‘a

Bir boqish birlan davoyi beshumor aylar ko‘zung.

 

Rishtai jonig‘a Sidqiyning damodam urg‘ali,

Bir necha nishtarni mujgandin qator aylar ko‘zung.

 

 

* * *

 

Telba bo‘lsam ne ajab, har lahza ul dildorsiz,

Kim junun daf’ig‘a bo‘ldum zulfidin tummorsiz.

 

Bah, nechuk tun erdi ul tunkim edi hijron tuni,

Bo‘lmas erdim bir nafas yodida ohu zorsiz.

 

Ravzai vasliga yetmoqlik muyassar bo‘lmadi,

Ne uchunkim bo‘lmadi, ul gul dame ag‘yorsiz.

 

Sunbuli zulfi xayoli birla har bir kechalar,

Ishqi otashxonasida bo‘lmadim zunnorsiz.

 

Va’dai vasli bilan har doimo dilshod edim,

Bas, nechukdin yig‘lamaykim, ul pari atvorsiz.

 

Nolai oshiqlari gardung‘a yetgan kechasi

Bo‘lmasun bazmi visoli g‘ijjagu setorsiz.

 

Xushklabmen bodai la’li labisiz onqadar,

Bir dame yo‘qturki, bo‘lsam, anda to xummorsiz.

 

Vasl umidi tirguzur, bimi firoqi o‘ldurur,

Ore, mundog‘, bo‘lmag‘ay ishq o‘ynamoq dushvorsiz.

 

Erdi ko‘nglum mulki oning yodi birla barqaror,

Negakim, vayron o‘lur mulk o‘lsa gar sardorsiz.

 

Javrlarkim, ul jafojo‘ hasratidin mandadur,

Bo‘ldi bir dardi ajab, ko‘nglum aro izhorsiz.

 

Harna kelsa shukr qil, Sidqiy, nigoring soridin,

Bo‘lmag‘ay vasli muyassar javr ila ozorsiz.

 

 

* * *

 

Ul shakarlab aylasa noz ila gar shirin navo,

To‘tii tab’im tuzar ul vaqt aro qandin navo.

 

Mutribo, ul dilrabo yodida sozing soz etib,

Jon nisor aylay sango, chun Zuhra tuz derin navo.

 

Beasar yalg‘on fig‘onim qayda yetqoy ul sori,

So‘zi dildin chekmas ersam, yig‘labon gar chin navo.

 

Tinmag‘ur ko‘nglum tinib, bir lahza orom olmag‘ay,

To oning ko‘yig‘a borib, chekmasa chandin navo.

 

O‘ylakim, chang aylabon, qaddim duto gar aylasam,

Shomi g‘amda o‘lturub bo‘lg‘ay manga oyin navo.

 

Yig‘lashur ahvolima, rahm aylashub vuhshu tuyur,

Dashti hajr ichra chu qilsam ingranib, garmin navo.

 

Qayda Sidqiy yetqasen gulgun qabolar vaslig‘a,

Chekmas ersang sidq ila har lahza sad rangin navo.

 

* * *

 

Ey dil, kelu bir navo etib ket,

G‘am sharhidin ibtido etib ket.

 

Vaqtingni bilib g‘animat emdi,

Azmi rahi muddao etib ket.

 

Uzlatda chekib o‘zingni, elning

Suhbatlaridin jalo etib ket.

 

Hosid talabig‘a yetmasun deb,

Har yerda esang duo etib ket.

 

Fazl ahlini hidmatin na yerda

Ersang, ani borho etib ket.

 

Ey yor, kelib so‘rub malolim,

G‘am vartasidin raho etib ket.

 

Oy kibi yuz(ing)ni ko‘rsatib to,

Baytul hazanim ziyo etib ket.

 

Hajring chekib o‘ldum asru bemor

Bemoringga bir davo etib ket.

 

Sidqiy, beribor yo‘lida yoring,

Joningni ango fido etib ket.

 

Sidqiy XONDAYLIQIY

(1884 – 1934)

 

“Sharq yulduzi”, 2017/9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.