“Jon desam, jondan azizsan, mehribonsan, onasan…”

0
186
marta koʻrilgan.

ONAMGA

 

Oyi, deb kirganim choq koʻngil boladek quvnoq,

Dildan ketar qudurat, dilim sochingizdek oq.

 

Siz borsizki, men bola, yashnayman naq gul-lola,

Tashlansam tizingizga misli erka qoʻzichoq.

 

Oromijon tizingiz, mehr toʻliq koʻzingiz,

Quyoshimdir yuzingiz, siz bor iqbolim porloq.

 

Boqishingiz doimo menga baxsh etar safo,

Shundan dilim musaffo, har soʻzingizda saboq.

 

Sizdanmasmi yoshligim, “yosh” boʻlsam-da boshligim,

Elga kiprik-qoshligim, oq sutingizdek qaynoq.

 

Siz bor, orzularim yosh, oltmishga kirsa ham bosh,

Ulkan xayollar yoʻldosh, orzularim argʻumoq.

 

Oyi, desam dilimda, bol mazasi tilimda,

Ona soʻzi emasmi hayotimda shamchiroq.

 

Yoningizda boʻzlasam, sizga koʻnglim soʻzlasam,

Yuz yoshingiz koʻzlasam, koʻngil koʻngilga mushtoq.

 

Men esam joningizda, yulduzdek yoningizda,

Sizning osmoningizda nur emib tursam porloq.

 

Baxtimga boʻling omon, boshimizga soyabon,

Siz borsiz, Shoislomjon sayroq, quvnoq, sharqiroq.

 

 

ONASAN

 

Jon desam, jondan azizsan, mehribonsan, onasan,

Tanga jon, qalbimga nur bergan, quyoshsan, yana san.

 

Navnihol, nozik nafas murgʻakka aylab jon fido,

Kechalar uyqu harom, bir necha bor uygʻonasan.

 

Gar tikan kirsa oyoqqa yoʻlga kirgan chogʻida,

Kipriging birla chiqarmoq boʻlasan, toʻlgʻonasan.

 

Urmagay qalbing meningsiz, tomirimiz ham bir tepar.

Shodligimda shodmonsan, gʻamda birga yonasan.

 

Odamu olam bezak istar esa ul senda jam,

Odamiylik parvarish topgan quchoq – gulxonasan.

 

Koʻp avaylab hamda eʼzozlab meni yer bagʻridan

Iftixor birla uchirding bul kuni osmona san.

 

Qondirib mehring bulogʻidan menga berding hayot,

Der Shoislom, onajon, mehrimga sen ham qonasan.

 

Shoislom ShOMUHAMEDOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.