Javobsiz savollar

0
129
marta koʻrilgan.

Manzara

 

Ufqqa tutashib yotar dasht.

Cheksiz temir izlar –

yoʻq bosh-adogʻi.

(Cheksizlik ham

yurakni siqarkan gohi.)

 

Yoʻlovchi

relsga choʻnqaygan chogʻi:

“Picha jiling”, deya, qisilib, beshasht

yoniga choʻkadi horgʻin

hamrohi…

 

* * *

 

Seni kunday sogʻindim oftob.

Seni tunday sogʻindim mohtob.

Tezroq oʻqisaydim

hijjalab,

bob-bob –

seni shunday sogʻindim…

 

* * *

 

Kapalak bogʻiga bir hafta

qatnash uchun topsang ham imkon,

tanish va qadrdon

kapalagingni

uchratmaysan

unda hech qachon…

 

* * *

 

Nastarinlar kechikdimi yo

Unutdimi taqvimni koʻklam?

Mart oʻtmoqda. Gullar buncha kam.

“Yupun chiqma”, deya, hali ham

Chimchilaydi har tongda sabo.

 

Shivalagan tungi yomgʻirdan

Borliq – namchil, umidlar – quruq.

Qaldirasa bulutlar bir dam

Yogʻardiya koʻkdan zambariq.

Borliq – namchil, umidlar – quruq.

 

Shoshmayotgan balki bahormas,

Yashash uchun shoshgan mendirman.

Boshim togʻu sochdagi qormas –

Ellik bir yil uyulgan xirmon.

Unutdimi qalbimni koʻklam?

 

Moychechakning toʻzgʻogʻi goʻyo,

Bir puf desang, bu olam – gʻoyib.

Demak, Gʻulom aytgil sallamno,

Kechiksa ham qanday ajoyib –

Nastarindek nozlangan dunyo…

 

* * *

 

Duch kelsangu kimgadir, qayda,

Koʻrging kelib qolganda tagʻin,

Oʻsha vaqtda va oʻsha joyda

Hozir etar seni oyogʻing.

Uchrashuvga boʻlmagan vaʼda,

Binobarin, bari befoyda…

 

* * *

 

Tan – bir kamon:

tortilar,

egilar,

titilar.

Ruh – nayzaki,

ayni

shu on

cheksizlikka intilar…

 

* * *

 

Doka roʻmolginang

qurisin

qaydan?

Muttasil

koʻzyoshga

chayganing-chaygan…

 

* * *

 

Yuragim – olmaxonim:

goho poyimga tushgan,

gohida hadik bilan

tomirimga chirmashgan

bagʻrimdagi pinhonim.

Yuragim – olmaxonim…

 

Otamning bogʻi

 

Demoqchimi, xayr, daraxtlar,

Qoʻllarin siltayur daraxtlar?

Yo osmonning moviy qaʼriga

Barmoqlarin chayur daraxtlar.

 

Laylaklardek bitta oyoqda

Goh tin olgay tayr – daraxtlar.

Tushlariga, uxlagan chogʻda,

Kirgay faqat sayr, daraxtlar.

 

Oʻtsang, olma otib qoladi –

Ham gʻilmon, xam gʻayir daraxtlar.

Baʼzan oʻyga botib qoladi –

Faylasufmi, shoir daraxtlar?

 

Sen ketsang ham shu yerda oʻsar –

Oqibatli, chayir daraxtlar.

Lek, baribir, yoʻlingni toʻsar –

Demoqchimi, xayr, daraxtlar?..

 

* * *

 

Javobsiz savollar qiynagani dam:

goh tafsir,

goh takbir

yo qoʻllab tadbir,

maqbul javoblardan dur tizgan odam,

savolsiz javobga duch kelsa, ne der?..

 

* * *

 

Qish boʻyi

qahraton zaxasini yeb,

Qor-qirov

va yomgʻir suvida ivib,

Boshida:

“Chiqmagan jondan umid”, deb,

Soʻngra kurtaklarga

bir-bir joy berib,

Koʻklamda xazonni

bizga ep koʻrib,

Duv-duv toʻkiladi

chinor barglari…

 

* * *

 

Mallarme haq: “Kitob degani –

Gʻujgʻon harflar bosqini”, beshak,

Shuuringni ishgʻol qilgani

Sahfalarda shay turar lak-lak.

 

Darvozadek muqova ochiq –

Demak, bari qolib ketadi –

Bu harflardan boʻlmaydi qochib,

Ular seni olib ketadi

 

Osmonga…

Yuksakka…

Vatanga…

Xalqqa…

 

* * *

 

Oʻzing tikla

oʻzing buzgan

koʻpriklarni.

Kipriklaring bilan sila

umid uzgan

kipriklarni…

 

* * *

 

Koʻngilga gʻamlar mehmon,

Koʻngil toriqib qoldi,

Shodliklar kelar qachon,

Koʻngil zoriqib qoldi?

Koʻngil ham, asli, mehmon

Va shuni uqib qoldi…

 

* * *

 

Meni ikki qoshing – kamoning otdi,

Uzun kipriklaring – mijgoning otdi.

Qalbing avayladi, qalbing yaxshiykan,

Ammo, nigohlaring – yomoning otdi.

 

Dilimni chulgʻaydi oydin azoblar,

Dilingdan dilimga quygin guloblar.

Axir, qiladirsan qachon savoblar,

Soʻrasam, dilingda gumoning otdi.

 

Gʻulom MIRZO

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.