«Jamolingdur bu kun olam safosi»

0
256
marta koʻrilgan.

* * *

 

Dilbarimning zulfi sunbul, chehrasi gulzor erur,

Boʻyina oshiq sanavbar, yuzina gul zor erur.

 

Ogʻzi fastuq, koʻrki tangsuq, oʻzi mushfiq yor erur,

Husnining chovi Xitou Chin ichinda bor erur.

 

Asli alchin, soʻzlari chin, koʻzlari totor erur,

Ming yashar har kim dudogʻi sharbatin totor erur.

 

Ishqining elchisina koʻnglum munaqqash dor erur,

Zulfina tushgan koʻngullarning maqomi dor erur.

 

Nechakim ishqi oʻti bu jon ichinda bor erur,

Qahrabo uzra koʻzumdan dam-badam dur bor erur.

 

Shahd soʻzi, orif oʻzi, voqifi asror erur,

Vasli boʻstonida xush oshiqlarin asror erur.

 

Vasfina Sayfi Saroyining ishi ashʼor erur,

Andin oʻzga birla oshiqqa yemak ashʼor erur.

 

* * *

 

Taololloh, zehi surat zehi mahbubi ravhoni,

Kim oning husni shavqindan koʻngullar boʻldi nuroni.

 

Mufarrih shevali dilbar, tili tuti, soʻzi shakkar,

Kiyik koʻzli, qamar manzar, malohat mulki sultoni.

Koʻngul olur koʻzi oli, farah berur engi oli,

Boʻyidur sarvning toli, yuzi jannat gulistoni.

 

Kunashtek belgili shohid, jamoli qavlima shohid,

Kechar hasrat bilan zohid yiroqdan koʻrmagan oni.

 

Alo, ey dilbari manzur, bu koʻrkingga boʻlib magʻrur,

Koʻngullar qilmagʻil ranjur, kechar bu husn davroni.

 

Bu muddatni gʻanimat bil, bu fursatda vafolar qil,

Bu izzat birla boʻl koʻb yil, xaloyiqning sevar joni.

 

Qoshing chun bayram oyidur, jahon husning gadoyidur,

Quling Sayfi Saroyidur, bukun ul sunʼ hayroni.

 

* * *

 

Topilmas husn mulkinda senga teng bir qamar manzar,

Na manzar, manzari shohid, na shohid, shohidi dilbar.

 

Bu kun Yusuf jamolini qilibtur haq senga baxshish,

Na baxshish, baxshishi davlat, na davlat, davlati mafxar.

 

Soʻzung durru javohirdur koʻngullar kunjina loyiq,

Na loyiq, loyiqi Xisrav, na Xisrav, Xisravi kishvar.

 

Shakardan totlidur xulqing, karamda xotiring matlab,

Na matlab, matlabi maʼdan, na maʼdan, maʼdani javhar.

 

Zehi davlati oshiq kim sening birlan qilur ishrat,

Na ishrat, ishrati jannat, na jannat, jannati kavsar.

 

Bu husning shavqi zavqinda koʻngul toʻtilari topti,

Na topti, topti xush lazzat, na lazzat, lazzati shakkar.

 

Jamoling naqshina Sayfi Saroyi bogʻladi surat,

Na surat, surati hasno, na hasno, husni jonparvar.

 

* * *

 

Yangi oydur qoshing, ey koʻrkaboyim,

Qilur bayram yuzingni koʻrsa soim.

 

Suv ichkanda dudogʻingdan suv tomsa,

Bitar qandu shakar ul yerda doyim.

 

Jamolingdur bu kun olam safosi,

Xayolingdur hamisha jon fizoyim.

 

Kerak oʻltur, kerak asra, qulingman,

Muborak buyrugʻungdur qutlu royim.

 

Mufarrih nazm etib Sayfi Saroyi,

Sifotingni oʻqur, ey koʻrkaboyim.

 

* * *

 

Meningtek nechalar hayron oʻshal jodu qaroqingʻa,

Koʻrub jismin xijolatdin ravon boʻldi qaro qingʻa.

 

Tanining oqining uzra yangogʻi olining rangi,

Erur ul toza qush qoni toʻkulmushtek qor oqingʻa.

 

Jamolin koʻrmaga hasrat boʻlib andan murodim ul,

Koʻrib ilgaymi deb bir kez qoʻlin sulton qaroqingʻa.

 

Asiru mubtalo boʻldi bu koʻnglum birla bu jonim,

Aning fitna qaroqining qaroqchitek qaroqingʻa.

 

Visolin doimo istab meningtek necha oshiqlar,

Chekarlar mehnati furqat solib oʻzin qaroqingʻa.

 

Chun el berma desa vasli oʻlarman ush jafo birla

Firoqinda boʻlub rozi umrning qisqaroqingʻa.

 

Qaroqingʻa tushubtur bu Saroyi Sayfi bechora,

Nechuk oʻtdan chiqib tushsa qilich bogʻli qaro qingʻa.

 

* * *

 

Koʻrikli yuzungga boqqan koʻzlarga jon koʻrunur,

Doim murassaʼ ogʻzing gavharfishon koʻrunur.

 

Bozor ichinda husnung ishva sotib olur jon,

Boʻston ichinda qadding sarvi ravon koʻrunur.

 

Haq sunʼi oy yuzingni qilmoq uchun tamosho,

Har subhidam qopungda xalqi jahon koʻrunur.

 

Erta kecha koʻzumdan ketmas uchun xayoling,

Ne yerga boqsam anda husnung ayon koʻrinur.

 

Sayfi Saroyi nazmi husnung sifoti birla,

Doim bu el tilinda xush dilsiton koʻrunur.

 

* * *

 

Bu falak nechun meni doim qara qinda tutar,

Bu otim Sayf oʻldugʻuchunmi qara qinda tutar.

 

Soʻzlarimning javharin orif koʻrub, qadrin bilib,

Koʻb baholi dur bekin doim quloqinda tutar.

 

Ol bilan oldi koʻngul mendan bir oy yuzli malih –

Kim, muanbar xoli asvad ol yangoqinda tutar.

 

Husn ichinda yoʻq naziri, lekin ul joni jahon

Doimo oshiqlarini ishtiyoqinda tutar.

 

Odati budur hamisha bevafo maʼshuqaning –

Kim, aning vaslin tilasa, ul firoqinda tutar.

 

Bu falak javri bekin Sayfi Saroyi bagʻrini

Ul yuzi oy hajr oʻtining ihtiroqinda tutar.

 

* * *

 

Ul yuzi oykim, jahonning jonidur,

Bu zamona xublarining xonidur.

 

Yosamin tan, qomati sarvi ravon,

Zulfi jannat bogʻining rayhonidur.

 

Gʻamzasining oltina olam asir

Koʻzlari davri qamar fattonidur.

 

Kiprigining oʻqina jonlar nishon,

Qoshi yosining jahon qurbonidur.

 

Shams aning har kun yoqasindan tugʻar,

Ul sababdan bu jahon nuroniydur.

 

Beslasin ushshoq jonin chun bukun,

Koʻz qamar yuz husnining davronidur.

 

Koʻrgali Sayfi Saroyi qul ani

Haq taolo sunʼining hayronidur.

 

Sayfi SAROYI

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–12

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.