Jamoling jilvasi jismu jonimda

0
134
marta koʻrilgan.

 Hol

 

Bir xos ishq soʻradim – barkamol, salim,

Issiq-issiq yoshlar diydamni yuvdi.

Koʻksimdagi xarsang ipakday halim,

Har zarram toʻlgʻondi, har zarram sevdi.

 

Sevdim, vujudimda alvon nur oqdi,

Ruhimga oʻranib, koʻkka oʻrladim.

Yulduzlar koʻzimga mashʼala yoqdi,

Koʻnglimda tajalliy etding – porladim.

 

Jamoling jilvasi jismu jonimda,

Garchi xoki poyman, garchi bir xasman,

Shunday suvratimda, ayni holimda,

Oʻzingdan boshqaga munosibmasman.

 

* * *

Nega asli goʻzal emas goʻzallik,

Vafosiz yillarda bor mening qasdim.

Hammamizga taqdir nomukammallik,

Butun boʻlganimda odam boʻlmasdim.

 

Feʼlimdan oʻpkalab borar vijdonim,

Koʻzi ochiq kunlar mendan norozi.

Bu tomirchalarga sigʻmaydi qonim,

Oʻrtada ovora hayot – tarozi.

 

Gohida, haqiqat bilan qovushmas

Soʻzlarimdan qoʻrqib ketaman birdan.

Yo uchib ketmaydi, yo yerga tushmas,

Yashab boʻlmaydi-da, bu yurak bilan.

 

* * *

Ular koʻzdan yiroq, koʻngilga yaqin,

Moʻjiza yashringan yaproqlariga.

Havasing va jinday hasading kelar

Yoʻqolib ketmagan titroqlariga.

 

Chiroy ochib asta boshin koʻtarar,

Soʻng goʻzal boʻlishga jurʼat qilgaydir.

Agar yeb qoʻymasa qoʻyu qoʻzilar,

Dashtni bu chechaklar jannat qilgaydir.

 

* * *

Bu xatolar, achchiq xatolar,

Huzuringga ochib berdi yoʻl.

Savollarga duch keldim nuqul,

Yuragimda qadim sadolar.

 

Qanotlarim kuyib pastladim –

Baland ucha olmas yolgʻizlar.

Mudom yoʻqlik izimni izlar,

Oʻzginamni senga asradim.

 

Qoʻlda qolib ketdi duolar –

Nima boʻldi? Nima jin urdi?

Kiprigimga azob in qurdi,

Endi meni dardlar davolar.

 

Yaxshiyamki, xatolarim bor,

Yoʻqsa, meni suymasmi eding,

Yomgʻirlarga toʻymasmi eding?

Diydor yurti boʻldi tavbazor…

 

 

Sizga gapim bor

 

Shuncha uzoqmidi mehringiz shahri,

Olis-olislardan bosib keldim yoʻl?

Shu ziyorat haqqi, shu safar haqqi,

Koʻnglimning qulfiga urib koʻring qoʻl.

 

Subhidam yuzida tabassum balqib,

Koʻzlarni yashnatgan bir neʼmat edim.

Nelarni oʻylaysiz oftobga boqib,

Men ham bir shuʼladay gʻanimat edim.

 

Yulduzlar mehrimdan boʻldi bir shingil,

Niyatni asradim yaxshi niyatga.

Bilmam, bu olamda bir sohibi dil

Men kabi zormikan samimiyatga?

 

Koʻnglingizni oching, koʻnglim toʻla nur,

Aylanay eng yorugʻ tilagingizga.

Dunyo soʻramayman, soʻramam huzur,

Bir ogʻiz gapim bor yuragingizga.

 

* * *

Ortiq ushlab turmay ochiq osmonga

Qoʻyib yuboraman yurakni – sharni.

Asta singib ketar moviy maydonga

Panalab oʻtganday mashʼum xatarni.

 

Hech kim niqtamasa, hech zogʻ tegmasa,

Boladay oʻynoqlar zavqqa berilib.

Qoʻrqaman, koʻkda ham ozor chekmasa,

Yorilib ketmasa edi, yorilib.

 

 

Najot

 

Taqdir qanday tadbir etar ertaga,

Koʻnglimda muqaddas niyat koʻkarar.

Kim qoʻlga ishonar, birov yelkaga,

Meni esa, bir kun soʻzlar koʻtarar.

 

Boru yoʻqlik bilan kelsam yuzma-yuz,

Izimdan ergashsa qora nuqtalar;

Iymonim soʻz erur, amalim ham soʻz,

Oʻshanda ham meni soʻzlar qutqarar.

 

Behzod FAZLIDDIN

 

“Sharq yulduzi”, 2011–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.