Jahon bolalar sheʼriyatidan

0
168
marta koʻrilgan.

Fozil Husnu DOGʻLARJA

(Turkiya)

 

MENING ONALARIM

 

Quyosh – ona,

Irmoq – ona,

Oʻyinchoq – ona.

Koptok – ona,

Daraxt – ona,

Yoʻl-soʻqmoq – ona.

Buncha ham koʻp

Bu dunyoda

Onalar, ona?

 

…Kuni boʻyi oʻpolmadim

Yuzingdan, ona!

 

ONAM MENGA DEYDI

 

Men uxlagan paytlarimda

Uchib ketar emish koʻzlarim

Yulduzlarga aylanmoq uchun.

 

Men uxlagan paytlarimda

Uchib ketar emish qoʻllarim

Bulutlarga aylanmoq uchun.

 

Men uxlagan paytlarimda

Uchib ketar emish ovozim –

Aylanarmish koʻplab qushlarga.

 

BARGLAR VA QUSHLAR

 

Daraxtlardan uzilar ekan

Pirpirab-pirpirab yaproqlar,

Daraxtlar kimsasiz maktabga oʻxshar.

Gar uchmasa qushlar samoda,

Koʻk toʻlmasa ular kuyiga,

Huvillagan, egasiz uyga

Oʻxshab ketar ekan osmon ham…

 

 

Grigoriy VIYERU

(Moldova)

 

HAYVONOT BOGʻIDA

 

Moʻmingina maymunning

Koʻzida mung moʻltirar.

Ayting, nima uchun u

Tor qafasda oʻltirar?

 

Unga qarab aftlarin

Bujmaytirar bolalar.

Maymun ham taqlid qilib,

Ulardan oʻrnak olar.

 

Osmonda banan misol

Sariq oy kezsa yuvosh,

Oʻsha maymun odamdek

Koʻzlaridan toʻkar yosh…

 

OʻZ-OʻZIMGA ALLA

 

Ufq qorayib, kech kirgan palla,

Oʻz-oʻzimga aytaman alla:

“Alla-yo alla…”

 

Koʻrinsa-da qoʻllarim bardam,

Oyoqlardek tolgan ular ham:

“Alla-yo alla…”

 

Avval aytgum oyoqlarimga –

Tinmas oʻyinqaroqlarimga:

“Alla-yo alla…”

 

Uyqu kelay degan paytda man,

Kipriklarga alla aytaman:

“Alla-yo alla…”

 

YOMGʻIR

 

Yomgʻir yogʻar bugʻdoyzorlarga,

Dalalarga tomchilar yomgʻir.

Boshoqlar boʻy koʻrsata boshlar,

Lolalarga burkanar adir.

 

Tutib oldim necha tomchini

Shamoldayin yugurib gʻir-gʻir.

Don oʻstirib, gul sugʻorishni

Ayt, qayerdan oʻrganding, yomgʻir?

 

 

Sergey MAXOTIN

(Rossiya)

 

PLASTILIN KUCHUKCHAM

 

Plastilin kuchukcham,

Xafa boʻlmagin sira:

Plastilin tumshugʻing

Chiqdi beoʻxshov, xira.

Plastilin duming ham

Bogʻich ipga oʻxshaydi.

Plastilin biqining

Sal ezilib, qiyshaydi.

Javonda yolgʻizman deb

Qilaverma koʻp gina.

Oʻxshasang oʻxshabsan-da

Buzoqchaga ozgina.

Boshqatdan yasamoqqa

Bir kuni qoʻl uraman.

Hozir boʻlsa shundoq ham

Seni yaxshi koʻraman.

 

MEN BILMAYDIGAN NARSA

 

Bolarilar asal yigʻar, bu tushunarli,

Havomizni tozalaydi oʻrmon beminnat.

Yanglishmasam, qanotlarin quvvati-kuchi

Samolyotning parvoziga qiladi xizmat.

Menga ayon: Yer samoning qaysi burjida,

Bir narsaga ammo sira aqlim yetmaydi.

Qanday qilib,

qanday qilib zilday boʻlsa-da,

Samolyotlar Yerga birdan

tushib ketmaydi?..

 

 

Shavkat GALIYEV

(Tatariston)

 

BAQIROQ

 

Yigʻlayotgan kim oʻzi?

Kim oʻzi u baqiroq?

Ogʻzi buncha ochiq-a,

Bitay dedi-ku quloq.

Ehtimol u ayiqdir,

Dodlar topa olmay bol?

Balki it qopgan uni,

Ari chaqqan ehtimol?

Yoʻq, yoʻq, u ayiq emas,

Tishlamagan uni it.

Sochini oldiryapti

Bor-yoʻgʻi bizning Rashid.

 

YOʼLCHIROQ

 

Yoʻlchiroqqa oʻxshar pomidor:

U nim yashil tusga kirgan payt,

TOʻXTAMASDAN OʻTIB KETAMAN.

(Toʻxtamoqdan ne naf, oʻzing ayt?)

Yoʻlchiroqqa oʻxshar pomidor:

Unga tez-tez nazar tashlayman.

Sariq rangga kirishi bilan

Pishishini KUTA BOSHLAYMAN.

Yoʻlchiroqqa oʻxshar pomidor:

Poliz sari yoʻlni solaman.

Qizarganin koʻrgan zahoti

YURMAY, TAQQA TOʻXTAB QOLAMAN!

 

 

Ogʻageldi ALLANAZAROV

(Turkmaniston)

 

SANOQ

 

Poda qaytar qishloqqa oqshom,

Sigirlarning qorinlari mesh.

Barmoq bukib sanay boshlayman:

Bir, ikki, uch, toʻrt… toʻrt, besh…

Olti, yetti, sakkiz deyman-u,

Adashaman sanoqdan shu tob.

Sakkizdan soʻng necha keladi?

Eslay olmay boʻlaman xunob.

Hoy, sigirlar, shoshmay turinglar,

Shamoldayin uyga yelaman.

Qolganingiz qanday sanashni

Oyimlardan soʻrab kelaman.

 

UKAM TUSH KOʻRGAN EMISH

 

Ukam tushini soʻzlab,

Lol qoldirdi hammani.

Soʻzladi qanday qilib

Yengganin akulani.

Oyimning koʻzlarini

Shu payt qopladi qoʻrquv.

“Oh!” deb yubordi singlim

Yuragi etgancha “shuv”.

– Ishonmayman! – dedim-da,

Chiqib ketdim koʻchaga.

Oldi-qochdi gaplarga

Ishonay axir nega?

Shundoqqina yonimda

Uxlagan edi ukam.

Rost boʻlganda, bu tushni

Koʻrgan boʻlardim men ham.

 

QARGʻANING OʻTINCHI

 

Boshqa jonzot – qushlardan

Bilmayman, qayerim kam?

Ulardek oq tuxumni

Yorib chiqqanman men ham.

 

Baʼzida turli-tuman

Xayollarga boraman –

Kim aytadi nega men

Koʻmir kabi qoraman?

 

Rus tilidan Abdurahmon AKBAR tarjimalari

 

 

Toʻqtasun SAMUDINOV

(Qirgʻiziston)

 

OVCHI

 

Diyorimiz ajoyib,

Dalasi bor, dashti bor.

Rostin aytsam, ogʻayni,

Ovning qiziq gashti bor.

 

Nasibangga yarasha,

Uchrab qolar loyigʻi.

Goh hiylagar tulkivoy,

Yoki maymoq ayigʻi.

 

Qirgʻovulga yoʻliqsang,

Sarson qilar, birodar.

Boʻri chiqar yoʻlingdan,

Ohu qochar sarosar.

 

Ov zavqidan yutkinib,

Uydan chiqdim shoshilib.

Yelkamda shay turibdi

Fotomiltiq osilib…

 

TOGʻDAN QARASANG

 

Togʻdan turib qarasang,

Suvlar toʻxtab qolganday…

Jilgʻadagi ovullar

Xuddi kaftga solganday.

 

Koʻzim toʻymay, atrofga

Qayta-qayta qarayman.

Sakrar, chopar uloqlar

Shundoqqina saroyda.

Togʻdan turib qarasang,

Suvlar toʻxtab qolganday…

Jilgʻadagi ovullar

Xuddi kaftga solganday.

 

Koʻzim toʻymay, atrofga

Qayta-qayta qarayman.

Sakrar, chopar uloqlar

Shundoqqina saroyda.

 

Mashinadan chiqqan toʻz

Quyruq bogʻlab quvalar.

Soy boʻyida yolgʻiz uy,

Pastda adir, uvalar.

 

Shamol izgʻir zirillab,

Bulut oʻtar yaqindan.

Oʻt, olovdir qalbimiz,

Togʻlar bizga topingan.

 

BEDOV ChOPDIM

 

Ot yolida tugʻilmoqlik

Odat boʻlib qolgan ekan.

Menday paytda bobom otchan,

Yerdan tanga olgan ekan.

 

Hozir esa tamom boshqa,

Ishga oshar niyat degan.

Biroq togʻlik bola boʻlib,

Ot minmaslik uyat ekan.

Toʻgʻri, katta shaharlarda

Minish uchun ot boʻlmaydi.

Ammo eslik bolalarga

Yilqi asli yot boʻlmaydi.

 

Toy kishnagan jilgʻalardan

Menga ogʻir ayri tushmoq.

Haddan ziyod dilga yaqin

Otam oʻsib-ungan qishloq.

 

Yer aylanar otga minsam,

Nega uni xushlamayin?!

Bugun rosa bedov chopdim,

Egar qoshin ushlamayin.

 

QUSHLAR

 

Qaldirgʻochlar yaxshiydi,

Basma-basga oʻynasak.

Ini turar, oʻzi yoʻq,

Ketib qopti oʻylasak.

 

Chugʻurchuq ham soz edi,

Basma-basga oʻynasak.

Uyasi bor, bolasi yoʻq,

Parvoz qipti oʻylasak.

 

Kuz kelganda barchasi

Joʻnashibdi olisga.

Qishlik ust-bosh boʻlmagach,

Toʻgʻri kelmas qolishga.

 

Popishagu, ukki yoʻq,

Yaxshi edi qolgani.

Koʻk toqida turnalar

Argʻimchoqlar solgani.

AlArgʻimchoqlar solgani.

 

Mehmon qushlar yurtiga

Xavf-xatarsiz qoʻnsaydi.

Yana qaytib kelguncha,

Eson-omon boʻlsaydi.

 

FIL VA ChIL

 

Toʻrtinchilar insho yozdi,

Yurak yutib, botinib.

Jamolbekdan boshqasi

Besh, toʻrt oldi qotirib.

 

Partadoshi Yangiboydan

Ulgurmabdi koʻchirib.

Qarab boʻlmas daftarini,

Yozgan, chizgan, oʻchirib.

 

Chil deyishning oʻrniga,

Fil uchdi deb yozibdi.

Oʻqituvchi opayning

Rosa boshi qotibdi.

 

Yalqovligin tashlamasa,

Yomon boʻlar, bilamiz.

Fil uchirgan lofchi deb,

Masxaralab kulamiz.

 

UCHRASHUV

 

Ot Zebraga uchrabdi,

Balki rostdir, yolgʻondir.

Ajabtovur bu suhbat

Sheʼrga tushib qolgandir.

 

– Yoʻlatmaysan hech kimni,

Chopqillaysan sarosar.

Eshak, xachir degan bor,

Zoting nima, birodar?

 

– Bilsang kerak, ogʻayni,

Nasabim aniq, tayin.

Aybim, odam yoʻlamas,

Naslim yilqi sendayin.

 

– Boʻyinchani bilmaysan,

Boshga jabduq ilmaysan,

Belga egar kiymaysan,

Sen yilqimas, hangisan…

 

DARSDA

 

– Yod bilasan “Alifbe”ning

Oʻttiz ikki harfini.

Tanib qolding shoirlarni,

Toʻqtagʻulni, Barpini.

 

Ayt-chi, surat ostidagi,

Nedir oddiy raqamlar?

Javob berdi Toʻlagan

Sonlarni qoʻshib, jamlab:

 

– Domlajon, bular bari –

Sotkasin raqamlari…

 

QISHDAGI MUSOBAQA

 

Darsdan keyin tengdoshlar

Qir ostida topishdik.

Yechib kurtka, paltoni,

Kim oʻzarga chopishdik.

 

Qirda qoldi izlarimiz,

Botinkaning, etikning.

Oʻzib ketdi Iskandar,

Attang, men-chi, kechikdim.

 

Qorning qalin ekanligin

Oldinroq koʻrganimda,

Men ham oʻzib ketardim,

Yalangoyoq boʻlganimda…

 

 

Qanibek JUNUSHYeV

(Qirgʻiziston)

 

FAQAT

 

Shoir akam qishloqni

Kechga qadar oralab,

Goʻsht yeb, qimiz sipqorib,

Qovun uzdi saralab.

Mehmon boʻlgach u rosa,

Qildi shunday xulosa:

 

– Oʻzgarish zoʻr, hammaning

Oʻsibdi koʻz qarashi.

Ajabki, oʻzgarmabdi

Qoʻy, echkining maʼrashi.

 

HALQA

 

Gʻozlar soyga yoʻl olishdi

Bogʻ koʻchadan gʻot-gʻotlab.

Traktorchi kutib turdi,

Motor ishlar pot-potlab.

 

Tutun gʻozlar boʻyniga

Halqa boʻlib osilar.

Ular bundan quvnashib,

Soy tarafga shoshilar.

 

BITPILDIQ

 

Tinim bilmas bedana,

Bilgan gapi: – Bitpildiq.

Yalqovlarni it qildik,

Bitpildiq! Bitpildiq!

 

Yotib olib chalqancha,

Oʻylanaman qaytadan.

Ishimizda yoʻq tayin,

Xoʻsh, nima deb aytaman.

 

Avjga chiqar bedana:

Yalqovlarni it qildik!

Bitpildiq! Bitpildiq!

 

NIMA QILSIN?..

 

Ayiq bilan Yumronqoziq

Kuch sinashdi – olishdi.

Yumronboy chiqdi gʻolib,

Unga qarsak chalishdi.

 

Gʻirromni maqtar gʻirrom,

Oq kigizda koʻtarib.

Ayiq shoʻrlik xijolat,

Nari ketdi yoʻtalib.

 

OʻChASHSA…

Lof

 

Alamzada ekanligi

Yurishidan payqalib,

Shoxdor Qoʻngʻiz kelardi

Nari-beri chayqalib.

Uni koʻrgan Olabuqa

Dabdurustdan oʻkirdi.

Qoʻngʻiz-chi, pisand qilmay,

Toshga chiqib oʻtirdi.

Uyon-buyon qarar Buqa,

Ahvoli juda tarang.

Shoxdor Qoʻngʻiz zugʻumidan

Qutildi qochib arang.

 

TUXUMINI YeGANDA

 

Onajonim tovuqlarga

Don sochib qoʻy deganda,

– Mening ishim emas, – debman.

Qarang, gʻoʻrlik ekan-da.

Izza boʻldim uch kun oʻtmay,

Oʻsha chipor tovuqning

Quymogʻini yeganda…

 

DUMI “O” OLAPAR

 

Bir tovuqni Olapar

Quvib chiqdi “yov” bilib,

Hurar edi tinmasdan

Quyrugʻini “O” qilib.

 

Gʻoz der: – Salga akillab,

Buncha chopar zovullab.

Esi bor it aslida

Zarur paytda vovullar.

 

– Yoqtirmayman, – der oʻrdak

Sergʻalva bu puchuqni.

Dumi “O”ga oʻxshagan,

Oʻpkasi yoʻq kuchukni.

 

QAYIQ

 

Koʻl bagʻrida gʻoz, oʻrdak

Qanot kerar hayiqmay.

Gʻozlar aro bir kalish

Suzib yurar qayiqday.

 

Yirtiq kalish qaydandir

Qoʻlga tushib qolibdi.

Uni boʻlsa joʻjalar

Qayiq qilib olibdi.

 

Qirgʻiz tilidan Tursunboy ADASHBOYEV tarjimalari

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.