“Izhorlar poyingda yotar sochilib”

0
93
marta koʻrilgan.

* * *

 

Koʻchaga boqaman oyna ortidan.

Tashqarida qor.

Tashqari sovuq.

Xayolim qorlarga botgancha, ana

Ketib borayapti uyingga yana…

 

…Odobsiz xayolim beruxsat kirib,

Dahlizda turgancha soʻraydi sendan:

– Xayol uydami?

Sening javobing:

– Uyda yoʻq.

Ketgandi, soʻramay mendan.

 

Hafsalasiz, madorsiz qaytar xayolim,

Yoʻlda necha toʻxtab, kuch yigʻib olar…

…Qaytib,

Ostonada kirolmay turgan

Sening xayolingga duch kelib qolar…

 

* * *

 

Kutganim roz edi, biroq

Duch kelganim zor boʻldi.

Hajringda ozorda edim,

Soʻng… yana ozor boʻldi.

 

Jar soldim yetti olamga,

Oshigʻing man… man… man.

Lek, sado yoʻq, oqibatkim,

Koʻzlarim nam… nam… nam.

 

Kuttirganing ozmi sening,

Yoki kutganim ozmi?

Taqdir peshonamga chekdi,

Toabad oʻchmas imzo.

 

Ruh shoshar, hur xayoli

Yetaklar uni har kech.

Tun.

Chiqmas, hur xayoli,

Yurak oh chek!..

Oh!.. Oh chek!..

 

* * *

 

  1. Nechun: “Osmon olis, yer qattiq”, boʻldi,

Alamning soyasi dillarga tushdi?

Rashkda kuyib, ado boʻlgan yurakning

Gunohi, nahotki, gullarga tushdi?

 

Ishqni ulugʻlagan dillar boʻldi xor,

Zaminga dardrangli gul islar indi.

Aldangan tuygʻuli isyonkor dildan

Nargizrang gullagan hur hislar undi.

 

Atrofni chulgʻagan ranglar tigʻlidir,

Ruhimga ergashib Samarqand bordim.

Gul isli hislarga toʻlgan yurakni

Ikkilanmay, biyi qoshida yordim.

 

  1. Zamonlar yuzimdan yugurib oʻtdi,

Asrga tutashib boʻyladi ishqim.

Namiqqan kiprikdan yurakka tomgan

Achchiq koʻzyoshlardan soʻyladi ishqim.

Rostu yolgʻonlarni qoʻshib sipqordik,

Gulkosalar toʻldi ishq uvoliga.

Izhorlar poyingda yotar sochilib,

Zamin guvoh boʻldi ishq zavoliga.

 

  1. Aybga buyurding sen, men gunoh qildim,

Namozshomguldek dil tunda uygʻondi.

Aytsam, senga rostu, oʻzgaga yolgʻon,

Ruhu tanam ishqda olovsiz yondi.

 

  1. Gulshahri – Samarqand, bir guling uzib,

Irmoqlar orqali Sir tomon oqiz.

Zarra tomchilarda aks etsin visol,

Aytaqol rozingni nargiz boʻyli qiz…

 

* * *

 

Sokin tun…

Jimjitlik qoʻshigʻi avjda,

Xayolni dengizga zanjirband etdim.

Bechora tebranar, toʻlqinda, mavjda,

Uni koʻp kuzatmay, gʻaflatga ketdim.

 

Oʻsha tun…

Gʻaflatning eshigin chertib,

Uyquni chaqirdim, afsus, foyda yoʻq.

Ishqing otashida zanjir eritib,

Xayolim qochibdi, xayol joyda yoʻq.

 

Sokin tun…

Nihoyat, ushladim uni

Va yana zanjirband etdim shu onda,

Ey, xayol bilib qoʻy, endi har kuni

Men seni saqlayman mangu zindonda.

 

Oʻsha tun…

Uyqu ham eshigin ochib,

Meni chorlamoqchi boʻlgandi, shu on.

Bandi xayol yana sen tomon qochib,

Dedi: Uni sevib qolgansan, ishon!

 

* * *

 

Aylanib qolsaydim shamolga,

Havoni kesguvchi shamolga.

Insonning sokin dil daryosin

Siypalab esguvchi shamolga.

 

Shunda, ul daryolar joʻsh urib,

Koʻrinmas qirgʻoqdan toshardi.

Shamoldan tugʻilgan toʻlqinlar

Dil uygʻotmoqlikka shoshardi.

 

Aylanib qolsaydim shamolga,

Toʻlqinlar uygʻotsam daryoda.

Toʻlqinlar mavjining shavqidan,

Mudroq dil qolmasa dunyoda.

 

* * *

 

Tor yoʻlak.

Ortingdan kuzatib boraman.

Oʻn qadam oramiz…

Qorongʻi yoʻlakda hech kim yoʻq,

Sen, mendan boʻlak.

 

Ortingga qaraysan gohi gohida,

Qarashing – umiddir menga.

Oʻn qadam oramiz…

Ortingdan kelishim,

Bu soʻzsiz izhorim senga.

 

Tor yoʻlak.

Oʻn qadam oramiz…

U yon, bu yon chopib halak,

Shu oraliqda izhorsiz sevgi.

Biz esa shu zayil ketib boramiz.

 

Tor yoʻlak.

Oʻn qadam oramiz…

 

Dilmurod DOʻST

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.