«Ishqing gʻamida diydai giryonima rahm et»

0
232
marta koʻrilgan.

* * *

 

Ey, sabo, bu kun borib, albatta, jononim sari

Arz qil, yuz dardu gʻam, yuz qoʻygʻanin jonim sari.

 

Zarra yangligʻ iztirobimni shabi hijronida,

Qil ayon aylab havo xurshidi tobonim sari.

 

Furqatida bulbuloso zor koʻnglum nolasin,

Yetkur afgʻonu gʻirev aylab gulistonim sari.

 

Gʻam tuni hajr oʻtigʻa parvona yangligʻ kuyganim,

Ayla ravshan azm etib, shamʼi shabistonim sari.

 

Qolgʻanin soʻzdin tilimning ayt goʻyoligʻ bila,

Yuz qoʻyub yori ado fahmu suxondonim sari.

 

Ogahiy yoʻlunggʻa aylar naqdi jonini nisor,

Gar, desang, holin borib dargohi sultonim sari.

 

* * *

 

Yuzi uzra parishon ikki gisuyi muanbarmu,

Guli ahmar uzra yoxud du dasta sunbuli tarmu?

 

Namoyonmu musaffo jabhasi uzra iki qoshi,

Jamol avjida yo iki hiloli lutf gustarmu?

 

Iki laʼlimu erkan otashin ruxsori ustida

Va yo xud oʻt uza tushkan iki yoquti ahmarmu?

 

Latofatligʻ tishimu jilvagar ikki labi ichra,

Maqom etkan iki laʼl ichra yo serobu gavharmu?

 

Osilgʻan ikki durmu yuz uza har yon qulogʻidin,

Quyosh atrofida yoxud duraxshon ikki axtarmu?

Iki dilkash qapogʻimu ekan zebo qadi uzra

Va yo bir naxl uzra iki bodomi muqashsharmu?

 

Oʻrilgan ikki kokilmi durur har yon uzorida

Va yoxud ganji husni tegrasida ikki ajdarmu?

 

Soʻzimu Ogahiyning ikki laʼli vasfida, yoxud

Iki laʼli ayon etkan kalomi ruhparvarmu?

 

* * *

 

Qachon sursa samand ul shahsuvor aylona-aylona,

Borur koʻnglum onga beixtiyor aylona-aylona.

 

Nihon boʻlgʻach koʻzimdin ul parivash, telba itlardek

Qilurman dam-badam un oshkor aylona-aylona.

 

Yuzu qaddigʻa oʻxshash sarvu gul topmoq emas mumkin,

Nechakim, sayri bogʻ etsang bahor aylona-aylona.

 

Agar bazm ichra ravshan aylasang shamʼi jamolingni,

Kuyar jonim qushi parvonavor aylona-aylona.

 

Kulub chiqsang xaramdin man gʻaribi notavoninggʻa,

Boʻlay sadqa boshingdin, ey, nigor, aylona-aylona.

 

Tarahhum aylakim, dashti firoqingdin chiqa olmon,

Necha yildin beri man dilfigor aylona-aylona.

 

Latofatligʻ yuzing shavqi bila tegrangda oyu kun,

Zamoni tinmadi laylu nahor aylona-aylona.

 

Saningdek nozanin zebo parini koʻrmadim hargiz,

Kezib darh ichra qoʻymay bir diyor aylona-aylona.

 

Sharafdur Ogahiygʻa ajz ila yoʻlingda bosh qoʻysa,

Ayoqingning izin, ey, shahsuvor, aylona-aylona.

 

* * *

 

Ishqing gʻamida diydai giryonima rahm et,

Hajring tunida nolai afgʻonima rahm et.

 

Javring chekibon joni hazin chiqqali yetdi,

Ey, jonu jahon, joning uchun jonima rahm et.

 

Taroji firoqing yalang etti tani zorim,

Ber jomai vasling, tani uryonima rahm et.

 

Darding chekaram goʻshai vayronada umri,

Tashrif ketur kulbai ahzonima, rahm et.

 

Holimni parishon yuz uzra ayladi zulfing,

Jamʼ et oniyu holi parishonima rahm et.

 

Ey, gul, gʻami hajringda koʻngul bulbuli nola,

Tokay qiladur bulbuli nolonima rahm et.

 

Davron sitami, ishq gʻami, hajr balosi,

Qasd etti hazin xotiri vayronima rahm et.

 

Bejurm mani yozgʻurubon tigʻi jafoni,

Jonimgʻa surub qolma, maning qonima rahm et.

 

Hayratda durur Ogahiy to koʻrdi jamoling,

Ey, hurliqo, diydai hayronima rahm et.

 

* * *

 

Mani bedil sanga to boʻlmisham, ey, dilrabo, oshiq,

Bori ushshoq aro yoʻqtur meningdek benavo oshiq.

 

Ne tong gulshanda gul chok etsa har yon koʻksini ulkim,

Sangadur necha dardu gʻamga boʻlgan mubtalo oshiq.

 

Tunu kun nega tinmay evrulur tegrangda oyu kun,

Agar ermas esa ul ikki sargardon sanga oshiq.

 

Jamoling jilvasikim, togʻ jismidin olur toqat,

Kishi odam emas gar boʻlmasa koʻrgach anga oshiq.

 

Agar ming javr qilsang, dardi ishqing tarkin etmonkim,

Boʻlur shavqi fuzunroq nechakim cheksa jafo oshiq.

 

Qilurman yetsa sandin har jafou javr yuz-ming shukr –

Ki, qilmoqdur shikoyat yor javridin xato oshiq.

 

Agar javr et va gar ehson, na qilsang komim uldurkim,

Rizoyi yorsiz hech ishni qilmas muddao oshiq.

 

Qilur fosh Ogahiy dardu gʻamin maqsudi uldirkim,

Sanga har nafsparvar boʻlmagʻay olamda to oshiq.

 

* * *

 

Ul oy ruxsorikim, ondin hama olam munavvardur,

Latofat osmoni avjida xurshidi anvardur.

 

Oʻrilgan ikki zulfi jonu koʻnglum qasdin etmakda,

Sarosar jismi pechu tob topgan ikki ajdardur.

 

Musaffo tishlari kulgu chogʻi laʼli labi ichra

Daraxshon huqqai yoqut aro pokiza gavhardur.

 

Yuzu zulfigʻa to qildi nazar devonaligʻ aylab,

Guli ahmar yaqo choku parishon sunbuli tardur.

 

Xiromon qomatigʻa gulshan ichra koʻrguzur taʼzim,

Dema yel birla moyil har taraf sarvu sanubardur.

 

Koʻzikim qasdi jon etgusi mujgonu qoshi birla,

Qoʻliga oʻqu yo olgʻan sitam qilgʻuchi kofardir.

 

Mane bemor oʻlar holatgʻa yetkanda iki laʼlin,

Soʻrub bildim olarning biri shakkar, biri kavsardur.

 

Ul oy vasfida har kun Ogahiy sheʼri topar rifʼat,

Quyoshdek boshi ondin charx avjigʻa barobardur.

 

Muhammad Rizo OGAHIY

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.