Imtihon

0
133
marta koʻrilgan.

Xufton namozidan soʻng koʻpchilik moʻysafidlar oʻz uy-oʻlan toʻshaklariga tarqalishib, gaplari bir-biriga qovushadigan oʻn-oʻn besh tengqur-tengdoshlar machitda qolishib, oqdan-qoradan, beva-bechoradan, oqibat-oxiratdan, xiyonat-diyonatdan, oʻtkinchi bu besh kunlik dunyoning tashvish-gʻamlaridan, quvonch-alamlaridan gap ketibdi. Gap kelib-kelib machitga, maktabga, madrasaga borib toʻxtaganda bir mudarris Ergash boboga yarim hazil, yarim chin tariqasida shunday deb savol beribdi:

– Imtihon boshlanishi bilan shoʻrlik mullavachalar qaltirab-qaqshab turishadi. Shunday koʻyga tushganlaricha ham bor. Sababi – oʻz kunini zoʻrgʻa oʻtkazib, kezi kelganda bir toʻgʻram nonga zor boʻlib oʻqiganlari bizni ham lol qoldirib… Boy-boyvachcha, qozikalonga oʻxshash kishilarning “tuxumlari”ga kelganda biz ularga lol qolganday boʻlib… Soʻfi soʻgʻon yer, topilsa yoʻgʻon yer, qolabersa, yegan ogʻiz uyalar, deganlariday… Bu – oʻz yoʻliga. Bizdan kim imtihon oladi? Qay yoʻsinda oladi? Yo oʻsha imtihon oluvchi ham bizga oʻxshab?..

Mudarrisning bergan bu savoliga boshda Xushxon oqinning jahli chiqibdi. Soʻng ichida:

– Bu bachchagʻarning oʻzi buni biladi. Bu meni sinayapti shekilli, – deya mudarrisning savoliga:

 

Imtihon, avvalambor, ikki jondin[1] boshlanur,

Imonsiz yo imonli – tiniq tandin boshlanur.

Luqmai halol, yaʼni toza qondin boshlanur,

Norasida tavallud topgan ondin boshlanur.

 

Qizmidir, oʻgʻilmidir tili chiqqan chogʻdinoq,

Es-aqli kirib bilgach: savob ne, nedir gunoh,

Yaratgan kim? Ona kim? Kim buzruk? Kim qiblagoh?

Endi uning aʼmoli shu zamondin boshlanur.

 

Kim talaba, kim tolib, kim esa mudarrisdur,

Kim shodumon, kim esa umr boʻyi maʼyusdur.

Kim shohsuvor, suvoriy, kim daʼyus, kim sayisdur.

Kim bilsin soʻnggi yoʻli qay-qayondin boshlanur?

 

Kuyov Avazxon misol, kelin hayoli boʻlsa,

Biri jonfido, xushtaʼb, biri ziyoli boʻlsa,

Mevali ogʻoch misol samar, soyali boʻlsa,

Oxiratda yoʻllari xiyobondin boshlanur.

 

Tili arabast debdi, forsiy shakarast debdi,

Qay bir nodonlar esa turkiy bekorast debdi.

Toʻralar eshonlardin haminqadar past debdi.

Endi tamosho qiling: ish ziyondin boshlanur.

 

Shoh kimdir, gado kimdir, telba kim, donish kimdir,

Kim zolimu kim olim, kim esa muallimdir,

U dunyoligi esa bir Oʻziga maʼlumdir.

Alhol, kimning kimligi shabistondin boshlanur.

 

Qiynamay joning olsa, bu – saodat belgisi,

Mushkul bir kunga qolsang, bu – sinoat belgisi.

Ayol erdin ustuvor, bu – talofat belgisi,

Guldin alaf koʻp boʻlsa[2], davr qirondin boshlanur.

 

Sharmu hayo, aslida, xonadondin boshlanur,

Adovat yo bir nopok, yo yomondin boshlanur.

El orasinda fitna yosumandin boshlanur.

Xon magar badkor boʻlsa, oʻt qoʻrgʻondin boshlanur.

 

Gunoh qilgan – gunohkor, shirk keltirgan kofirdir,

Tuz yeb tuzliqqa andoq… kilgan osiy, kufrdir.

Bu dunyo karvonsaroy – barchamiz musofirdir,

Borib qoʻnar joyimiz chin makondin boshlanur.

Sharʼiy hukm – hukmdir. Nahs bossa istigʻfor et,

Qurʼoni karim birla hamisha iftixor et.

Rahmon shaʼniga sano aytmoqni ixtiyor et,

Haq vasliga yetmoqlik dil, zabondin boshlanur.

 

Dehqon oʻz ishi bilan – xirmon qarab tortadir,

Qonsiragan mirshablar karmon qarab tortadir.

Xushxon ahli ulusni chaman qarab tortadir.

Ishing tushsa imomga[3] ish hamyondin boshlanur.

 

Gar yetishmoq istasang Shariatdin soʻylagil,

Tariqatga tutashib, Maʼrifatdin soʻylagil.

Yetti vodiydan oʻtib Haqiqatdin soʻylagil,

Endi yetgan manziling bir Oʻgʻondin[4] boshlanur.

 

Imtihonning kattasi Qiyomatda boʻlgusi,

Belgilari necha oʻn alomatda boʻlgusi,

Jannatga daxldorlar tilovatda boʻlgusi,

Kim u yonu kim bu yon… Bir Farmondin boshlanur.

 

deb javob bergan ekanlar.

 

Toʻra SULAYMON

 

“Ergash Jumanbulbul oʻgʻli el kezadi” turkumidan.

 


[1] Er-xotin.

[2] Yaxshilardan yomon koʻp boʻlsa.

[3] Gap baʼzi machitlarning tamagir, badnafs imomlari haqida ketyapti.

[4] Xudo.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.