Iltijo

0
795
marta koʻrilgan.

Vaqt kelar, dunyoda gʻolib haqiqat,

Bir oʻlka yaratgay baxtiyor, tanho…

 

 

* * *

 

Bahor.

Barqut kiyib bezandi bogʻlar,

Sahrolar koʻksiga takdi qizgʻaldoq.

Quyosh etagiga oq bulut borlab,

Oʻrik shoxlarida qovurdi bodroq.

 

Yellar olib qochdi qishning xobini,

Barglar chapak chalib uygʻondi shodon.

Butoqlarga qoʻnib, gul kitobini

Varaqlashga tushdi bulbul – gʻazalxon…

 

Bugun koinotda ezgu bir tashvish,

Gʻuncha gul boʻlay deb koʻzin ochadi.

Musicha oldidan bir dona choʻpni

Chumchuq uyasiga olib qochadi.

 

Haydalgan daladan bir xas ortmoqlab –

Chumoli yugurar – u ham tirik jon.

Shoshilib chopadi tabib irmoqlar

Yerning tomiriga quymoq uchun qon…

 

Ona tuproq esa kuz tashvishida,

Yuksak xirmonlarga siynasi yuklik.

Uning sokingina tin olishida

Bordir onalarga xos bir buyuklik.

1968

 

 

ShOIR

 

Husniddin ShARIPOVga

 

Shoirlarga hayron boʻlmang,

Shoir xalqi turfaroq.

Gohi magʻrur, gohi diltang,

Goh hazin, goh tumtaroq.

 

Unga bir pul mansabi ham,

Unda mansab boʻlmaydi.

Sevgisi ham, gʻazabi ham

Chegarani bilmaydi.

 

Oqil odamgʻam, azobdan

Yonib figʻon boʻladi.

Shoir esa iztirobdan

Zavq qiladi, kuladi.

 

Boshqalarga dam olish kun,

Taʼtil oyi berilar.

Shoir yangi tashbeh uchun,

Oʻlgan boʻlsa, tirilar.

 

Boshqalar oʻz dil dardini

Boshqalarga toʻkadi.

Shoir dardi yuragining

Tublariga choʻkadi.

 

Shoirlarga hayron boʻlmang,

Shoir xalqi turfadir.

Sheʼr olami bu olamning

Evaziga tuhfadir.

 

Orombilmas shoir qalbi,

Chunki orom zavq emas.

Mana, shiftga qarab qoldi,

Xalal bermang bir nafas.

 

Xayoliga band u hozir,

Ikki dunyo begona.

Bir oz goʻdak, bir oz… shoir,

Bir ozgina devona.

1968

 

 

ShOIR QALBI

 

Shoir qalbi goʻyo anor,

Sheʼri uning sharbati.

Boʻlmas ekan sheʼr ahlining

Oʻz qalbiga shafqati.

Tinmay ezar, ezar uni

Ammo shoir biladi –

Piyolasi toʻlgan kun

Paymonasi toʻladi.

1968

 

 

TASAVVUR

 

Bolalik ekan-da,

Muallimimdan

Soʻrabman bir kuni:

– Ayting-chi, agar –

Yer shunday tezlikda aylansa chindan,

Ne uchun toʻkilib ketmas odamlar?

 

Yodimdan chiqmaydi bir chelak suvni

Muallimbosh uzra aylantirgani.

Qatra toʻkmay yerga qoʻyarkan uni,

Tushundingmi, deya mendan soʻrgani.

 

Yillar oʻtib ketdi va lekin hamon

Oʻsha ilk tasavvur yashaydi menda.

Bir chelak suv kabi aylanar jahon,

Men-chi, bir tomchiman oʻsha toʻlqinda.

 

Uchqur zamon bilan qalqib, chayqalib,

Charx urib boraman girdoblar aro.

Beshafqat tezlikdan asabim tolib,

Bir nafas tin olsam deyman-u, ammo –

 

Mendami ixtiyor?

Yugurar zamon,

Shiddati oʻtadi har bir tolamdan.

Toʻxtasam, toʻkilgumbir tomchisimon,

Tomchidek yoʻq boʻlib ketgumolamdan.

1969

 

 

USTOZ HABIBIYGA

 

Muborak, domla, sakson yosh, umrga bitta bob oʻlsin,

Koʻpaysin boblaru saksonta boblik bir kitob oʻlsin.

 

Yana saksonu sakson yil oʻtib qomat bukunday tik,

Yuzu koʻngil bu kunday mohitobu oftob oʻlsin.

 

Qoʻlingizdan yana saksonu sakson tushmasin xoma,

Yetolmay ilkingizga hassa sakson yil xunob oʻlsin.

 

Umr ham keksaliqdan, xastalikdan boʻlsinu xoli,

Yuzu saksonda shoir oʻn sakkiz yoshdek shabob oʻlsin.

 

Bitib sonsiz gʻazal dil mulkini zabt aylangiz har dam,

Muxammas ham sanoqsiz, qitʼayu fard behisob oʻlsin.

 

Aruziy vazni nomargʻub degan baʼzi munaqqidlar

Soʻzi shudgorga oqsin, qishga qolsin-u yaxob oʻlsin.

 

Domullo yuzga yetgach, oʻttiz ikki yangi tish chiqsa,

U dam ichgoni yuz-yuz, yegani kavkaz kabob oʻlsin.

 

Habibiy yoshi sakson boʻldi deb aytgan xato qilgay,

Iki oʻn bir, iki oʻn toʻrt, iki oʻn besh hisob oʻlsin.

1970

 

 

QOZOQ OQINLARIGA*

 

Oʻlkamning jamoli oʻzgacha bukun,

Shohroh koʻchalar ham yasangan gulgun.

Bukun sheʼr va oʻlan qilmoqda parvoz,

Doʻmbira avjida, chirmanda ham soz.

Yuksak peshtoqlarda hilpirar alvon,

Serfayz shiyponlarda yoziq dasturxon.

Yoʻlkalar suprilgan, ochiq darvoza,

Har xonadon ichra bir shoʻx ovoza:

Oʻzbekning uyida bukun qadrdon

Egizak ogʻasi boʻlmoqda mehmon.

 

Mehmon oʻzi kimdir? – Abay, Jambuldir!

Mezbon oʻzi kimdir – Jumanbulbuldir!

Fazogir Boyqoʻngʻir mehmondir bukun,

Olim Chirchiq esa mezbondir bukun.

Ohangar, Bekobod qildi-yu taklif,

Maʼdanchi Jezqazgʻon buyurdi tashrif.

Qoʻshiqning uyiga jirlar kelibdi,

Paxtazorga moviy qirlar kelibdi.

Oʻzbekning uyida bukun jonajon

Egizak ogʻasi boʻlmoqda mehmon.

Bukun mehmon boʻlib choʻng sanʼat keldi,

Tom-tom kitob keldi, sheʼriyat keldi.

 

Bukun favvorada boʻldi zoʻr bozor,

Qozoq dehqon boʻldi, oʻzbek xaridor.

Oqsoqlanib yurib Abdilla ogʻay

Qoldi kitobidan oʻzi ololmai.

Qozoqning ardoqli oʻgʻli – Oʻljasi

Oʻzbek sheʼrxonining boʻldi oʻljasi.

Oʻzbekning uyida bukun mehribon

Egizak ogʻasi boʻlmoqda mehmon.

 

Doʻstlar, xush kelibsiz, koʻksimizda qoʻl,

Oq oltin nuridan yozdik sizga yoʻl,

Yashil vodiy boʻldi sizga dasturxon,

Jindek qimiz quydik, qoʻshmadik ayron.

Toki nasru nazm xarob boʻlmasin,

Sheʼrlar serob boʻlsin, ser ob boʻlmasin.

Niyatda hamisha buyuklik boʻlsin,

Ulan ham, sheʼr ham suyuqlik boʻlsin.

Bor boʻl, egiz ogʻam, bor boʻl, tuvusqon,

Uzbekning uyida eʼzozli mehmon.

1971

 

 

QOʻNGʻIROTDA AYTILGAN ALYOR

 

Shoir!

Sen bu neʼmatlarning yoqut koʻrkiga

Bokdingmi, ularga labing tegdimi?

Demak, sen qarzdorsan.

Odamlar koʻngliga

Sen ham bitta nihol ekdingmi?

 

Bahra ololdimi bir zot yuragi?

Biror qalb gʻuborin yuva oldingmi?

Sen hamoʻz sheʼrlaring zamiridagi

Shoʻr suvlarni quva oldingmi?

 

Bu tuproqqa qara.

Sevib sheʼringni

Ishlov beroldingmi sen ham shu kadar?

Suv urgani yoʻqmi nogoh yeringni,

Bosib ketmadimi begona oʻtlar?

 

Biz ming yil umr koʻrib,

Ming yil sheʼr bitsak,

Ming yil bayon etsak yurak arzimiz,

Dehqon mehnatini sharaflab oʻtsak,

Har tup gʻoʻzasini bir doston etsak,

Shunda ham biz agar olamdan ketsak –

Boʻynimizda ketar qarzimiz.

1971

 

 

TABRIK

 

Toshkentlik paxtakorlarga

 

Bukun dalalardan chanoqlab dehqon

Terib olar ekan rizqu roʻzini,

Togʻday yelkasidan teng yarimjahon

Uning paxtasiga tikmish koʻzini…

 

El borki, ufqning har toʻrt yogʻida

Egni butun boʻldi shu millionlardan.

Oq yaktak matosin koʻrgan chogʻida

Gʻarb ham kechib qoʻydi oq neylonlardan.

 

Hosilimiz boʻldi oltin vaznida,

Boʻldi har misqoli gavhar bilan teng.

Shu bois paxtazor mening nazdimda

Muruntovga oʻxshar, poyonsiz va keng.

 

Bu qut oʻzi kelmas, qalb oʻti kerak

Quyoshni zaminga etguvchi payvand.

Ha, shu barakada sening ham yuksak

Xirmonlaring bordur, muzaffar Toshkent.

 

Quchogʻing koʻp yurtu davlatlardan keng,

Men uchun sen oʻzing bitta jahonsan.

Gʻazalim beshigi suluv Gʻazalkent,

Baytlarim sochilgan Baytiqoʻrgʻonsan.

 

Ne qilsa, sen axir, ona shahar-da,

Gʻalabangdan dilda olamiftixor.

Bunga bois yana, shu xirmonlarda

Mening hambir etak toʻkkan paxtambor.

 

Sogʻ boʻl, ona xalqim, ey tolmas bilak,

Doim baland boʻlsin tabarruk boshing.

Xirmoning qaddingday boʻlsinu baland,

Baxtingday hamisha kulsin quyoshing.

1971

 

 

KARDIOGRAMMA

 

Kardiogramma,

Nimadir bu xat?

Nimalar demoqda yuragim zarbi?

Nechun u koʻksimda urinar faqat

Parvozga talpingan tutqun qush kabi?

Nechun tugʻyon qilar,

Ne istar koʻngil,

Ne der bu samandar – oʻt oshinosi?

Ayting, shifokorim,

Siz koʻz tikkan bul

Turfa chiziqlarning nedir maʼnosi?

Balki jon rishtasi degani shudir,

Davomi umrimning soʻngiga tutash?

Balki hayot yoʻlim…

Bu yoʻl ham axir

Oʻsha chiziqlarga juda hamoʻxshash.

Uning ham past-baland, oʻru qiri bor,

Uni ham qarshilar goh tikan, goh gul.

Yoshlik ravon yoʻlni tanlamas zinhor,

Uning soʻqmoqlari hamisha mushkul.

Chunki yurak oʻzi turmas lahza jim,

Chunki mashaqqatdan orom topar jon.

Lekin hamishalik rahnamo qalbim

Ne uchun dafʼatan koʻtardi isyon?

Uni ranjitdimmi?

U norozimi?

Balki bilolmadim ne unga matlub?

Doktor!

Yurak mendan pinhon rozini

Sizga oshkor etib yozdimi maktub?

Aytsin,

Nima gunoh qildim yurakka?

U boshlagan yoʻldan sira qaytdimmi?

Odamlar oldida

Yo oʻzim yakka –

Yuragimga qarshi bir soʻz aytdimmi?

Yoki kimlargadir tavoze etib

Oqni qora dedim – imon bexabar?

Yoki nohaqlikni koʻrib, eshitib,

Koʻzimni koʻr qildim, qulogʻimni kar?

Unga jabr etgulik nima aybim bor?

Ahd qilib ahdimda turmadimmi yo?

Doʻstlikka xiyonat qildimmi bir bor

Va yo ishq yoʻlida boʻldim bevafo?

Men uning izmidan chiqmadim-ku hech,

Poymol etmadim-ku uni hech qachon.

Doim sodiq boʻlgan yuragim bu kech

Ne uchun dafʼatan koʻtardi isyon?

Bilaman,

Mehnati uning mushkulot,

Oson tutib boʻlmas aslo yurakka.

Yeru osmon tinchir,

Tinchir koinot,

Lekin orombilmas qalb oʻzi yakka.

Bilaman,

Gʻoyat tez asrim shiddati,

Yelkalarga ortgan uhdasi buyuk.

Fazoda charx urgan Yerning surʼatin

Yuraklarga bergan aslida shu yuk.

Shu yuk bosar uning naq oʻrtasidan,

Butun vujudimda shu yuk zalvari.

Ajab emas, yurak aortasidan

Oʻtib ketgan boʻlsa olam mehvari.

Odam turilmas-ku davrini saylab,

Zamon tanlamasdim va lekin oʻzga.

Qalb meni kechirsin, uni avaylab –

Olib borolmasam toʻqsonga, yuzga.

Ammo umidim bor,

Avlodlar bir kun

Bizning yuraklarga qilurlar havas!

Sen esa, ey qalbim, shu umid uchun

Eng soʻnggi yolqining bera olsang bas.

1971

 

 

SAKKIZINCHI MART

 

Bukun oʻzgachadir jilvai olam,

Bukun oʻzgachadir borlikda xanda.

Bukun koʻzlarimga goʻyo quyosh ham

Shafaq gulxanida tarang chirmanda.

 

Bukun tong egnida atlasdan koʻylak,

Shafaqqa oʻralgan qizlarday gulgun.

Ilk bora koʻz ochib chiqqan boychechak

Sanamlar qoʻliga intizor bukun.

 

Bukun goʻzallikning qutlugʻ ayyomi,

Qizlarning koʻklamga mosligidir bu.

Yuraklar limmo-lim muhabbat jomi,

Bahor kelganining rostligidir bu.

 

Ha, bukun elda ham, dilda ham bahor,

Shodlik xandalari falakka tutash.

Bukun ertalabdan yigitlar qator,

Attor doʻkonida atrlar talash.

 

Otaxon chollar ham tavoze bilan

Yetmish yillik yorin sizlab turibdi.

Bukun shoirlar ham oʻz bisotidan

Eng yaxshi baytlarni izlab turibdi.

 

Ovora boʻlmang, ey, hassos shoirlar,

Ayol tasviriga ojiz erur sheʼr.

Chunki yor zulfining bir tolasiga

Tashbih topa olmay oʻtgan Alisher.

 

Sevgi asrorini izlamay qoʻying,

Topilmas narsani qidirmoq nechun?

Muhabbat sirini bilolmay oʻtgan

Karbalo dashtida ovora Majnun.

 

Ming yilcha muqaddam Hofizi Sheroz

Bir goʻzal xoliga boʻlgandi banda.

Tasavvur qilolmam, ne der edi u

Bukun anjumanda oʻzi boʻlganda.

 

Balki aytar edi u bir loyiq soʻz,

Balki tashbehlari boʻlar edi fosh.

Chunki, koʻzingizga teng qaysi yulduz,

Yuzingiz oldida nimadir quyosh?

 

Siz, axir, siynasi samoni quchgan,

Sizning izmingizda zaminu zamon.

Siz oy kemasida oy boʻlib uchgan,

Yorur chehrangizdan olamcharogʻon.

 

Bukun oʻzgachadir jilvai olam,

Bukun oʻzgachadir borlikda xanda.

Bukun koʻzlarimga hatto quyosh ham

Shafaq gulxanida tarang chirmanda.

 

Bukun ayyomingiz muborak qilib,

Zumurrad sepini yoyibdi bahor.

Bahoriy qizlarning husniday toʻlib

Olam goʻzalligi boʻlsin barqaror.

1971

 

 

OQSHOM

 

Oqshom,

Bobur tilagan farah,

Boda kayfi, doʻstlar suhbati.

Qoʻllarimda limmo-lim qadah,

Menga keldi alyor navbati.

 

Soʻz topolmay manglayimda ter,

Shoirlardan doimo talab:

Oʻqimogʻi kerak yangi sheʼr

Va aytmogʻi kerak yangi gap.

 

Qahramonim,

Oʻltiribsan sen

Roʻparamda kamtarin, dono.

Oʻz ishingni doʻndiribsan sen,

Doʻppini dol qoʻndiribsan sen,

Tuprokda zar undiribsan sen,

Zarga elni toʻldiribsan sen,

Toʻyib, yurtni toʻydiribsan sen,

Har narsang but, kaming yoʻq aslo,

Faqat senga sheʼr kerak aʼlo.

 

Sen choʻllarni suvga qondirib,

Oʻzing bunda mangu tashnasan.

Kunduz seni quyosh yondirib,

Tunlar yoniq sheʼrga oshnasan.

Bu makonda toʻqlik va rivoj,

Bu makonda yoʻkdir ehtiyoj.

Ammo ochdir goʻzallikka el,

Toʻydirgani sira yoʻq iloj.

 

Men-chi, qoʻyib “sheʼriyatga toj”

Oʻsadi deb olma, nok bogʻda,

Yotadi deb oppoq qor togʻda,

Sen egnimni but qilgan chogʻda

Sheʼr beraymi senga yalangʻoch?!

 

Xayollaring teran va uchqur.

Seni bukun qilmoq uchun band

Shoir kerak Bedilday chuqur,

Navoiyday dono, sarbaland.

 

Hamdu sano senga ne darkor,

Oʻzing olim adabiyotga.

Sheʼrning shunda senga daxli bor,

Daxli boʻlsa abadiyatga.

 

Oqshom.

Bulbul kuylaydi chah-chah.

Toʻkin yurtda ichilar qadah

Oʻshal ezgu tashnalik uchun,

Soʻngra sogʻliq, oshnalik uchun.

1972

 

 

ABAY

 

Choshgoh quyoshida yonur ufqlar,

Borliq oʻt ichida lovullar goʻyo.

Sirdaryo labidan Yoyiqqa qadar

Yastanib yotadir poyonsiz sahro.

Samum yalab oʻtar yalang toʻshini,

Bunda yolgʻiz giyoh – shoʻrayu yantoq.

Bevafo daryolar tark etib uni

Shimol ummoniga ochmishlar quchoq.

Bu yurtni bulbulu gulzor unutgan,

Shamol bu oʻlkaning tanho egasi.

U ming yil gʻam yukin orqalab oʻtgan

Sargashta zaminning yagʻir yelkasi.

Bahri muhit aro sarson kemaday

Manzilsiz, qoʻnimsiz besaru somon –

Bu sahro qoʻynida lahza tin bilmay

Bir oʻlan kezmoqda zoru sargardon.

 

“Qalin elim, kozorim, shoʻrlik yurtim…

Birovlar poʻstin kiyar, moʻynasi moʻl,

Birovlar juldur chopon, kezadi choʻl.

Shoʻring qursin, qozogʻim, shoʻring qursin,

Mol moʻlu och kezasan yaylovlarda…”

Nolasi boʻlganday har dardli dilning,

Choʻllarda bagʻri qon lola unganday,

Taqdir sahrosida ovora elning

Gʻamu anduhidan tugʻildi Abay.

Oniy guldirakdan uygʻonur falak,

Lahzalik chaqmoqdan yorishur sahro.

Najot ertasidan keltirib darak,

Bir oʻlan taraldi oʻtovlar aro,

 

Oqin koʻzi bokdi Edildan nari,

Qoʻbiz kuylariga umid boʻldi jo.

Sevgida oʻrtangan Tatyana zori

Sahroyi tilida boʻldi iltijo.

Gʻuncha ochilmogʻin intizor kutib

Sahroda koʻz yumgan nolon bulbulday,

Baxtli tong yoʻliga shaydo koʻz tutib

Umrin qoʻshiklarga qoldirdi Abay.

 

Poyezd uchmoqdadir Olmaota sari,

Ortida tolening karvoni bilan.

Ufqlar yotadir ufqdan nari,

Oʻlanning ketidan taralur oʻlan.

Tingla, ey koinot, erk ovozini,

Oqin umidlari boʻlmakda zohir.

Yulduzlarga eltar Abay sozini

Bukun Boyqoʻngʻirdan uchgan fazogir.

Dengizlardan osha qitʼalar boʻylab

Hassos oqin kuyi yozmoqda qanot.

Ona yurt mehrini kuylagan oʻlan

Abadiy hayotdir, abadiy hayot.

1972

 

 

YOʻQOLGAN SHEʼR

 

Bir sheʼr fikri yarq etdi nogoh,

Vujudimda gʻalayon tuydim.

Yarq etdi-yu, men boʻlmay ogoh

Bir lahza yoʻqotdim-qoʻydim.

 

Neki boʻlsa menga eng aziz,

Eng moʻtabar boʻlsa dunyoda,

Borligʻimni band etsa ne his –

Bari endi unda ifoda.

 

Vazmin endi oʻz asriga xos,

Yuksak edi bamisli xayol.

U yurakning oʻzidek hassos,

Tabiatdek edi barkamol.

 

Sheʼr dardida oʻtgan necha ming

Ajdodlarim ruhiga qasam:

Oʻsha sheʼrda butun olamning

Shavqu dardi edi mujassam.

 

Bir xush ayyom, baxtli tasodif

Toʻldirdi-yu zar ila qoʻynim,

Men gumroh-chi, boʻlmayin voqif

Bir lahzada yoʻqotdim-qoʻydim.

 

Shundan buyon izlayman uni,

Quyun kabi kezarman jahon.

Qani, uning biror satrini

Topib olsam edim nogahon.

 

U sheʼr tamom band etdi meni,

Asir boʻldim unga umrbod.

Bamisoli yor tasvirini

Oyinada koʻrgandek Farhod.

 

Makon tutsamendi qayerda,

Qayon boshlar esa iqbolim,

Fikru zikrim oʻsha sheʼrda,

Oʻsha sheʼrda butun xayolim.

 

Vodiylarni sayr aylagan chogʻ,

Asir etsa oʻlkam jamoli,

Koʻz oldimda tiklanur nogoh,

Oʻsha sheʼrning yetuk kamoli.

 

Qalbi toza, yurak-bagʻri keng

Odamlarga hamsuhbat boʻlsam,

Yodga tushar oʻsha sheʼrning

Vazminligi hassosligi ham.

 

Gohi yuksak xirmonlar menim

Xayolimni etganida band,

Oʻylaymanki, yoʻqotgan sheʼrim

Mana shunday edi sarbaland.

 

Men u sheʼrni izlay umrbod,

Tor-toshlarni kezay piyoda.

Topib olsam, menday baxtli zot

Boʻlmas edi yorugʻ dunyoda.

 

Men topmasam, mayli, topsa kim,

U gʻazal, xoh kasida boʻlsin, –

Mayli, mening bor-yoʻk yozganim

Oʻsha sheʼrga baxshida boʻlsin.

 

Mayli edi, bir bora koʻrsam,

Bir bor koʻrib fido qilsamjon.

Bu dunyodan shunda Erkin ham

Oʻtar edi zarra bearmon.

1972

 

 

LIRIK QAHRAMON

 

“Sheʼrni sevib oʻqiyman, ammo

Hayron qilar bir holat meni.

“Men” deb yozar shoir doimo,

Kimdir oʻsha shoirning “men”i?

 

Goh muhandis ul, munajjim goh,

Goh oʻzini tolib deb atar.

Goh muallim, goh sohib dastgoh…

Kasbi koʻpmi uning shu qadar?

 

U ham yerda, ham falakdadir,

Baʼzan malak, baʼzida inson.

Oʻtmishda ham kelajakdadir,

Bormi unga zamon va makon?

 

Men hayronman, vafoga doir

Shoirlarning sheʼri-ku bisyor.

Bir kitobning oʻzida shoir

Oʻn bir qizga ishq etar izhor.

 

Ozar qizmi, hindmi, tatarmi,

Raqqosami, gulchimi, attor…

Shoirlarning xotini bormi?

Yo barchaga birdek vafodor?”

 

Sheʼrxon, meni tutding savolga,

Tushunaman, oʻquvchim, seni.

Hech taajjub qilma bu holga,

Sen oʻzingsan shoirnyng “men”i.

 

Muallimham, munajjim ham sen,

Majnun sensan, Laylo hamoʻzing.

Shoir sheʼri – bu sening soʻzing,

Sen minglarsan, “men” ichra jamsen.

 

Oʻltirardim xatga termulib,

Boʻlay derdim tarixdan ogoh.

Sen Abdulla Nabiyev boʻlib

Sahifadan qarading nogoh.

 

Qarading-u sheʼr fikri shu on

Chaqmoq kabi urildi menga.

Koʻksing uzra qotib qolgan qon

Lola boʻlib koʻrindi menga.

 

Etmoq boʻldim shunda ifoda

Sening darding, sening soʻzingni.

Oʻsha sheʼrni oʻqigan chogʻda

Tanidingmi, doʻstim, oʻzingni?

 

Toshkent boʻylab kezib yurardim,

Etar edi zilzila davom.

Har narsada bir sheʼr koʻrardim,

Har bir koʻzdan izlardim ilhom.

 

Hammayokda qaynar edi ish,

Fikrimedi ifodasida.

Sen koʻrinding, qoʻllaringda gʻisht,

Ukrain qiz qiyofasida.

 

Xushqad eding, naqadar goʻzal,

Unutmayman oydin yuzingni.

Mabodo sheʼr oʻqigan mahal

Tanidingmi, dilbar, oʻzingni?

 

Fargʻonada seni uchratdim,

Tiklar eding togʻ boʻyi xirmon.

Seni uzoq Sibirdan topdim,

Qahratonda kesarding oʻrmon.

 

Sen baʼzida uygʻoq oʻyimga

Kirib kelding bamisoli tush.

Taklif etdim seni uyimga,

Xayol paydo qilgan Azganush.

 

Togʻdan tush deb senga yolvordim,

Sevib chizdim qoshu koʻzingni.

Ey, men tanho sevguchi yorim,

Tanidingmi endi oʻzingni?

 

Sheʼrxon, meni tutding savolga,

Tushunaman, oʻquvchim, seni.

Hech taajjub qilma bu holga,

Sen oʻzingsan shoirning “men”i.

 

Seni sezdimdoimoʻzimda,

Menda fikring, oʻying, tilaging.

Har nafasda yoniq koʻksimda

Urib turar sening yuraging.

 

Yetar, nechun taʼrifu tavsif,

Biz ikkimiz asli bitta jon.

Faqat olim meni muallif,

Seni atar lirik qahramon.

 

Xoh yasharsan olamda bukun,

Xoh yaratur seni tafakkur,

Lekin faqat borliging uchun,

Qahramonim, senga tashakkur.

1973

 

 

QORXAT

 

Shoira qizlarga

 

Qor yogʻar – osmonda oqqushlar uchar,

Qor yogʻar – osmondan oq ukpar tushar.

Qor yogʻar yeru falakni toʻldirib,

Bizlar ersak issiq uyda oʻltirib,

Tark etolmay xalqimizning odatin

Yozamiz doʻstlarga doʻstlik qorxatin.

Qorxat asli qorday oppoq dil xati,

Oq koʻngilning mehri, tafti, hurmati.

Oshinolik, chin vafo izhori ul,

Gohi pinhon sevgining iqrori ul.

 

Qor yogʻar, qorxat ila, xullas kalom,

Shoira qizlarga yoʻllaymiz salom.

Sizga, ey Gulchehra qizlar, Eʼtibor,

Aytamiz koʻngilda orzu neki bor.

Oy Halima ham Malika, Tursunoy,

Ey chiroyu fayzga boyu sheʼri soy,

Sizga dildan eng samimiy ehtirom,

Yangi yilning tabrigi ham assalom!

 

Endi kelsak soʻzning indallosiga,

Yaʼni qorxatning asl maʼnosiga:

Yangi yilda davra tuzmoq farz boʻlur,

Kim yutilsa, bir ziyofat qarz boʻlur.

Qorxat eltgan elchimizni tutsangiz,

Tan berurmiz, qarz boʻlurmiz, yutsangiz.

 

Yoʻqsa oʻzni katta ishga chogʻlangiz,

Shu bugundan pesh etakni bogʻlangiz.

Bermangiz Gulchehralarga zarra dam,

Biryoʻla yuvgay mukofotlarni ham.

Yeng shimarsin Moʻtabar, Oydin bukun,

Qarz ular bulturgi dostonlar uchun.

Tutdi bir qoʻlda gazet, bir qoʻlda tor,

“Lirika”ni yuvmadi lek Eʼtibor.

Bibisora ham Sanobar qaydadir,

Bitta sheʼri bir ziyofatga tatir.

 

Xullas, endi barchangiz hamdam boʻling,

Xudsi “Qizlar davrasi”dek jam boʻling.

Sheʼr yozar chogʻidagidek yoningiz,

Bunda dasturxoningiz – dostoningiz.

Oʻzingiz aylang tovus yangligʻ xirom,

Sheʼriyatday totli boʻlsin har taom.

Ol yanogʻingiz kabi olma, anor,

Koʻzlaringizdek charos boqsin xumor.

Eslatib ham pistalar xandoningiz,

Yuzingizdek kulsa shirmoy noningiz.

Boʻlsa bodomlar qabogʻingiz kabi,

Ham murabbolar dudogʻingiz kabi.

Lagʻmon eshib tola-tola sochingiz,

Misli yoyib tashlaganday sochingiz.

Sochdagi bargakdayin koʻk bodiring,

Hamxino yangligʻ patinjon oldiring.

Tarvuzu qovunni ham serob qiling,

Xuddi oshiqlarni tilganday tiling.

Har uzum boʻlsin duru marjon kabi,

Yo Mukarram sheʼr oʻqib turgan labi.

Shabnamikimoy Nilufar xoliday,

Taʼmi Oydin sheʼrlarining boliday.

Tursa soz sizning gʻazal yangligʻ sharob,

Kirsa boz bizning yurak yangligʻ kabob.

Ol anorni dilni ezganday ezing,

Sharbatini mayni suzganday suzing,

Barcha neʼmat bir tomonu sheʼr soz,

Sheʼr birlan bizni aylang sarfaroz.

Oʻltirib oppoq sahardan toki shom

Boʻlmasin hech bahsu sheʼrxonlik tamom.

Bu kabi suhbatga chin doʻstlar aro

“Qilsa arzir yuz Saida jon fido”.

 

Men boʻlay bir necha hamrohim bilan.

Oʻlmasu Abdulla, Ibrohim bilan.

Borgumiz yutsak agar albatta biz,

Ioʻqsa siz izzatdayu xizmatda biz.

Shoyusuf obkashda tongdan suv tashir,

Ham Barot oʻqlogʻ tutib yoygay xamir.

Chuchvara tukkay Muhammad choʻkkalab,

Oʻt pudar Husniddin oʻzdan oʻpkalab.

Ne ajab, kuysa patir, yonsa qozon,

Tandir oldida Rauf, oshpaz – Omon.

“Hay” deb uf tortib Jamol yelpir kabob,

Topmayin chovlini Oxunjon xunob.

Shu mahalda bir latifa, shubhasiz,

Toʻlqinu Anvarga soʻylaydur Aziz.

Oqibat mehmonxona qoq yer boʻlur,

Katta dasturxonda yolgʻiz sheʼr boʻlur.

Bir tomonda siz pari ruxsoralar,

Bir tomonda biz gʻarib bechoralar.

Kim qoshin kuydirganu doʻppini kim,

Bosh egarmiz, yolvorarmiz sizga jim…

 

Xat yozildi, endi biz omad talab,

Elchining chaqqonligida hamma gap.

Yoʻllasak Maʼruf Jalilni – ancha boʻsh,

Yoki Sayyormi? U boʻlmas, laqqa goʻsht…

Xoʻsh, kim elchi? Ha, bilib ishning koʻzin,

Elchi qildik mulla “Mushtum”ning oʻzin.

Ushlab olmoqning sira imkoni yoʻk,

Chunki u ketguvchi yer poyoni yoʻq…

Qor yogʻar – osmonda oqqushlar uchar,

Qor yogʻar – osmondan oq ukpar tushar.

Qor yogʻar, qorxat ila xullas kalom,

Barcha oy qizlarga yoʻllaymiz salom.

1973

 

 

HOZIRGI YOSHLAR

 

Qari tolga suyab

Irgʻay asoni,

Oqsoqol soʻriga asta yonboshlar.

Xayoldan oʻtkazar kori dunyoni:

“Eh, hozirgi yoshlar,

Hozirgi yoshlar!”

 

U asr tengdoshi.

Butun umr endi

Kecha koʻrgan tushday koʻzi oldida,

Yigirma yoshida amirni yengdi,

Vodiyga suv ochdi oʻttiz oltida.

Yoshligini eslar,

Uf tortar sekin.

Salgina chimrilar oq tushgan qoshlar.

“Biz ham yosh boʻlganmiz bir mahal,

Lekin

Boshqacharoq chiqdi hozirgi yoshlar”.

 

U kolxoz tikladi,

Yangi yurt qurdi.

Bosmachiga qarshi ot surdi oʻktam.

Jangu jadallarning barini koʻrdi.

Koʻrdi ochlikni ham,

Yupunlikni ham.

“Bizga xayol edi,

Tush edi faqat

Toʻkin dasturxonu lazzatli oshlar.

Baxti boqiy boʻlsin,

Ammo bu jannat

Qadrin bilarmikin hozirgi yoshlar!”

 

Koʻz oldidan oʻtar qirq birinchi yil,

Maskov boʻsagʻasi,

Achchiq qahraton.

Agar qulatmasa daydi oʻq sabil,

Berlindan qaytardi boʻlib qahramon.

Eslar, har yon olov,

Oʻt ichra dunyo.

Majruh gavdalaru uzilgan boshlar…

“Yurt tinch boʻlsin,

Bir gap boʻlsa mabodo,

Bardosh berarmikin

Hozirgi yoshlar!”

 

Uy-joy qilib berdi mana, Turgʻunga,

Turmushga chiqardi Nazirasini.

Bukun esa oʻylar dorilfununga

Kirolmasdan qolgan nabirasini.

Domlasiga oʻzi borsinmi sekin

Ordenlarni taqib,

Oqilni boshlab…

“Kim biladi deysiz, boʻshtobroqmikin,

Erkatoyroqmikin hozirgi yoshlar…”

 

Yana der:

“Boʻsh qolsak tunlar boʻlib jam

“Chordarvesh” oʻqirdik qurshab tanchani.

Bular tanimaydi Huvaydoni ham,

Ertayu kech oʻylar kino, tansani.

Aqli kirarmikin bularning bir kun,

Kim biladi, qachon quyula boshlar!

Ogʻir kun koʻrmadi.

Balki shuning-chun

Yengilroq oʻsdimi hozirgi yoshlar!”

 

Tohirni halitdan tinch qoʻymas qizlar,

Yarim tunda qaytar uyga hamisha,

“Uncha boʻlmasak ham ilmda bizlar,

Ammo kuchli edi odob, andisha.

Birovning qiziga sal qarab qoʻysak,

Bizlar atalardik shoʻxu beboshlar.

Baʼzi kinolarmi buzmoqda andak,

Kapalak mijozroq hozirgi yoshlar…”

 

Toʻngʻich oʻgʻli u kun qizaloq koʻrgan,

Nomini Sharlotta qoʻyibdi, ajab.

Oʻrtanchasi togʻda yurgani yurgan,

Baʼzan uch oyda bir kelmaydi yoʻqlab.

Nahot otasidan boʻlsa azizroq

Qaysidir togʻdagi qandaydir toshlar…

“Bizning bordi-keldi odatdan yiroq,

Bemehrroq oʻsdi hozirgi yoshlar…”

 

“Kiyimlar-chi…

Qiziq bularning didi.

Ola-chipor koʻylak…

Nimasi koʻrkam?

Rost aytsam unchalik yoqmagan edi

Otalarga bizning charm kamzul ham.

Baynalminal aytib, bayroq koʻtarib

Koʻchaga chiqqanda oʻktam safdoshlar,

Keksalar degandi yoʻldan qaytarib:

Nega shumlik qilar hozirgi yoshlar?

 

Endi bularga ham har qalay ogʻir,

Zamon shitobi tez, parvozi tikka.

Kecha tili chiqqan Nargiza oʻqir

Birinchi sinfda matematika.

Bizlar haftiyakdan boshlagan edik,

Bular iks bilan igrikdan boshlar.

Durust, zehni oʻtkir, qadami tetik,

Oʻzimizga tortdi hozirgi yoshlar.

 

Ginasi nooʻrin,

Qarilik qursin.

Bekor yurmagandir togʻlarda Oʻktam,

Mana, kerak boʻlsa Rustamni koʻrsin,

Bolasidan aʼlo jiyan boʻlsa ham.

Oʻzi qotmagina, niholday xipcha

Nari borsa oʻttiz, oʻttiz bir yoshlar…

Fan doktori boʻldi Maskovda kecha…

Balo chiqib qoldi hozirgi yoshlar.

 

Baxti butun boʻlsin,

Tolei bekam.

Shularning borligi mening iqbolim”.

Chol koʻz yoshin artar,

Shu payt mening ham

Kelajak yillarga uchdi xayolim.

Zamonlar keladir

Yana ajoyib.

Balki paydo boʻlar sunʼiy quyoshlar.

U paytlar, kim bilsin,

Qarib-qartayib,

Munkillab qolarmiz hozirgi yoshlar.

 

Shunda kelajakning bogʻlari aro

Biz, yaʼni keksalar suhbat qurgan chogʻ

Soʻzlarmiz:

“Qarshi deb atalgan sahro

Bizning qoʻlimizda boʻlgan edi bogʻ.

Esingdami Gazli,

Zilzilalar-chi?

Qayta shahar qurgan qardosh-qurdoshlar…

Biz yangi eradan boʻlgandik jarchi,

Nima ham koʻribdi hozirgi yoshlar!

 

Qara,

Oq koʻylakka gulstuk taqib,

Agregat yonida turishar bular.

Biz ishladik qoʻlni moylarga tiqib,

Endi rohatini koʻrishar bular.

Fanda inqilobni biz qildik ilk bor,

Ilk bor parvoz qilgan bizning yoʻldoshlar.

Koʻkni obod qildik,

Yerni ham gulzor.

Eh, hozirgi yoshlar, hozirgi yoshlar!”

1973

 

 

OʻZBEKISTON

 

Faxriya

 

Yurtim,

Seni yana oldim qalamga

Toʻying, shodiyonang bahona boʻlib

Yana kelib qoʻnding tonggi misramga

Falak nisor etgan durdona boʻlib.

Iqbol peshonamga bitgan oshyonim –

Oʻzbekistonim.

 

Toleim bor ekan,

Senga hamnafas,

Otashin quyoshing bilan yoʻgʻrildim.

Yuz yil avval emas, yuz yil soʻng emas,

Tugʻyonli asrda senda tugʻildim.

Gullar sochding men ilk bosgan qadamga

Bagʻring menga nurli koshona boʻlib.

Jahon ichra mening tengsiz jahonim –

Oʻzbekistonim.

 

Maqsad manzilida dovon oshgan dam

Yoʻlchi ham bir toʻxtab olgandek nafas,

Marzagacha yetib borgan dehqon ham

Ortga boqib bir zum qilgandek havas,

Ellik bahor koʻrib hayot bogʻida

Umr kamoliga qoʻl choʻzib inson,

Oltin darvozani chertgan chogʻida

Sarhisob qiladi umrin begumon.

Bosib oʻtgan yoʻli shunda odamga

Tuyuladi ming bir pogʻona boʻlib.

Ming bir dovon oshgan alp pahlavonim –

Oʻzbekistonim.

 

Asli ellik emas, ellik ming yoshing,

Kechmishing tarixlar nariyogʻida.

Toʻmarisdek ona Kayxisrav boshin

Qon toʻla sanochga solgan chogʻida,

Spitomen kamon tutib dastida

Maroqandni saqlab turganda uzoq,

Yovni adashtirib oʻlimdashtida

Koʻkrak ochib qah-qah urganda Shiroq,

Hali oʻzbek emas, lekin olamga

Mashhur eding soqu sugʻd ona boʻlib.

Iskandarni majruh etgan kamonim –

Oʻzbekistonim.

 

Vahshat vodiysida kechdi asrlar

Aljabr ustodin tukquncha yering.

Ilming yuksalguncha Beruniy qadar,

To Alisher qadar yetguncha sheʼring,

Hayratga solguncha fan olamini

Fargʻoniy chiqargan aniq hisoblar…

Tebransa ne ajab Toshkent zamini,

Bu yerga koʻmilgan milliard kitoblar.

Farangu hindu chin, iroq, ajamga

Taralding Alqonun, Saydona boʻlib.

Buyuklar tan bergan buyuk dostonim –

Oʻzbekistonim.

 

Ming bora tiklanding, ming bor qulading,

Yovlar qamchisidan chekkanda ozor –

Alpomish singari oʻgʻlon tilading,

Tilading Goʻroʻgʻli singari sardor.

Sen ham gullar terib umid bogʻidan

Tole orzusida tuzding alyorlar.

Ammo boʻtalaring koʻngʻirogʻidan

Choʻllarda toʻkilib qoldi oh-zorlar.

Umring egiz boʻldi anduh alamga

Orzularing bari afsona boʻlib.

Barchinning koʻksida qolgan armonim –

Uzbekistonim.

 

Zamin dardicha bor bir ayol dardi,

Oyning dogʻi balki uning dogʻidan.

Faryod olov boʻlsa olam yonardi

Sharqlik juvonlarning chekkan ohidan.

Zebuniso oʻtdi tanho va mahzun

Boshida oʻt boʻlib malika toji.

Tun boʻlib yoyilar Qoʻqonda har kun

Nodirabegimning qirqilgan sochi.

Ayol!

Toʻrt devorda koʻmilding ramga,

Gʻazallarda faqat jonona boʻlib.

Barnodek, Anbardek dili soʻzonim –

Oʻzbekistonim.

 

Hali sokin tuman chulgʻab bagʻrini

Gʻaflat uyqusida yotardi olam,

Umid qalamida “Quyosh shahri”ni

Hali yozmagandi Kampanella ham.

Najot koʻzi bilan magʻribga boqib,

Koʻhna Xorazmdan yoʻl olgan karvon

Yovmut sahrosida oylar uloqib

Maskov tuprogʻiga yetganda omon,

Oʻzbeklar toʻqigan shohi, gilamga

Boqqanda zariflar hayrona boʻlib,

Doʻstlik ipak yoʻli ochgan karvonim –

Oʻzbekistonim.

 

Darvozangni ochding maʼrifat, fanga,

Senga oshno boʻldi Pushkin kabi zot.

Lekin baxtu iqbol kulmadi sanga,

Hali olis edi sen kutgan najot.

Erk deya atalgan tabarruk shamga

Intilding bir umr parvona boʻlib.

Parvonadek kuyib oʻrtangan jonim –

Oʻzbekistonim.

 

Dardingni kuyladi anhorlaringda

Gʻijirlab aylangan koʻhna charxpalak,

Sanʼating munaqqash devorlaringda,

Lekin obodliging boʻldi Hapalak.

Parilaring tutqun boʻlib haramga,

Ulugʻ shoirlaring devona boʻlib,

Taqdir sahrosida zoru sarsonim –

Oʻzbekistonim…

 

Koʻp ellarni kezdim, koʻp yurtlar koʻrdim,

Bir-biridan goʻzal, bir-biridan soz.

Lekin Sharkda mashʼal charogʻon yurtim

Olamda tengi yoʻq, oʻlkadur mumtoz.

Bunda doʻstlik kuyin aytur har chechak,

Bunda baxtni qilur har bulbul navo.

Dillardagi azal bashariy tilak –

Buyuk birodarlik gulshani aro

Osiyoxon degan suluv sanamga

Oltin sepu atlas soʻzona boʻlib

Kulib turgan, yorugʻ, munis makonim –

Oʻzbekistonim.

 

Yiroqdan eshitib surnay ovozin

Koʻchaga yugurgan bola singari,

Men ham qoʻlga olib sibizgʻa sozim

Toʻyingga shosharman eldan ilgari.

Tilak shu – qoʻshigʻim katta bayramga

Yetib borsa kichik toʻyona boʻlib.

Mening ham qolmasdi dilda armonim,

Oʻlkam, onajonim, yuragim, jonim –

Oʻzbekistonim.

1974

 

 

DOʻSTLARGA MAKTUB

 

Bukun derazamni ochdimu sahar

Yuzimga urildi salqin shabboda.

Xayolchan shivirlab qizrimtir barglar

Kuzak hikoyasin soʻylardi bogʻda.

 

Ajab, bir kechada oʻzgarmish olam,

Bir kechada borliq olmish oʻzga tus.

Inson umri kabi tezdir fasl ham,

Kecha yoz edi-ku, bukun, qarang, kuz.

 

Men ham kechagina oʻspirin edim,

Gʻururli talaba edim, qaddi tik.

Bizni ham chorlardi kuzakda terim,

Gurpaklashib yurib paxta terardik.

 

Oq oydin dalalar, shiypon, oromgoh…

Koʻz oldimdan oʻtar hamma, hammasi.

U damlar shukuhin eslatdi nogoh

Derazamdan kirgan kuzning nafasi.

 

Qaydasiz, qaydasiz, mening doʻstlarim,

Sizni jon-jonimdan sogʻindim bukun.

Qaydasiz, Anbara, Shokiru Karim,

Qayda toʻrt dugona – yuzlari gulgun?

 

Kecha emasmidi ul zavqli kuzak,

Qarang-a, shuncha vaqt oʻtib ketibdi.

Biz xayrlashgan yil tugʻilgan goʻdak

Bugun rosa oʻn besh yoshga yetibdi.

 

Bizlar dorilfunun oshyonidan

Uchirma qushlardek uchdik har tomon.

Har kim makon tutdi oʻz boʻstonidan,

Bugun davra oʻzga, oʻzgadir davron.

 

Har kim oʻz baxti, oʻz dardi bilan band.

Turmush qozonida qaynab yotamiz.

Kuni kecha edik oʻzimiz farzand,

Bugun farzandlarga ona, otamiz.

 

Mana kuzak keldi, yellari sarin,

Yoshlikdagi kabi tiniq, begʻubor.

Qayda boʻlsangiz, ey qadrdonlarim,

Talabalik davrin eslangiz bir bor.

 

Yangi doʻstlar bilan dalaga borib,

Hordiq kunlarida paxta tergan on

Eslab qoʻying oqshom chang boʻlib, horib,

Qoʻshiq aytib qaytgan chogʻimiz xandon.

 

Oppoq dalalarga zavq bilan qarang

Sharifa termilib qaragan kabi.

Bu chanoq – intila-intila arang

Shoir boʻlgan bitta doʻstingiz qalbi.

 

Hanuz talabamiz, hanuz yoshmiz, bas,

Shavqu xayolotning bandalarimiz.

Dalaga sochilgan paxtalar emas,

Bizning yoshlikdagi xandalarimiz.

 

Ey, mening doʻstlarim, kiromu matlub,

Yoshlikning oʻziday aziz, yagona.

Sizni yodga olib yoʻlladim maktub

Kuzak shabbodasi boʻldi bahona.

 

Tilagim, bizlarga baxtdek yoʻliqqan

Ilk tuygʻu, sevinchlar doim yor boʻlsin.

Umringiz biz ilk bor paxtaga chiqqan

Oʻsha pok fasldek begʻubor boʻlsin.

1974

 

 

ILTIJO

 

1

 

Ey, hayot deyilgan moʻjiziy qudrat,

Tiriklik atalgan buyuk ibtido!

Ey, meni olamga keltirgan qismat,

Jonlar volidasi – ey, oliy momo!

Charxmisan – falakmi yoki tabiat,

Shukrona ayturman senga avvalo!

 

2

 

Inson jismin berib menga bul sifat,

Keng olamni qilding koʻkragimga jo.

Dilimga his berding, boshimga fikrat,

Qulogʻimga ohang, koʻzimga ziyo.

Solding qalbga jonu jonga muhabbat,

Qoʻlimga soz tutding, tilimga navo.

 

3

 

Menga nasib etding shunday mamlakat,

Mamlakatki olam mulkida tanho.

Yashamoqqa berding sozgina muhlat,

Tarix tirsagidan umr etding ato.

Shukrona aytayin, bergil ijozat,

Zamonu makoning uchun bebaho.

 

4

 

Men dunyoga keldim – taajjub holat –

Oʻshal Ikki Buyuk Cheksizlik aro.

Balki tasodif bu, balky zarurat,

Menga nasib boʻldi bu davru maʼvo.

Tegramda fazoviy cheksiz sukunat,

Ortimda mangulik, oldimda baqo.

 

5

 

Men yaralgan makon emasdur jannat,

Men tugʻilgan zamon emas pursafo,

Bunda bordir faqat kurash va mehnat,

Maslaklar jangi bor, bor hirsu zako.

Nuru adolat bor, zulm va zulmat,

Jafoyu zahmat bor, farogʻat, safo…

 

6

 

Bunda bor qancha irq va qancha millat –

Bunda bor yonma-yon nodonlik, daho.

Bunda bor vahshiylik va madaniyat,

Oʻq-yoydan samoviy kemagacha to.

Bu – yigirmanchi asr atalgan fursat,

Bu – kurrai olamdeyilgan bino.

 

7

 

Ne davronlar kechmish qoldirib shuhrat,

Barchasiga shohid bu qari dunyo.

Unga begonadir taajjub, hayrat,

Bu ajib zamondan voladir ammo,

Tarix koʻrgan emas bu yangligʻ surʼat,

Bunchalar parvozni bilmagan aslo.

 

8

 

Vaqt kelar, olamda gʻolib haqiqat

Bir oʻlka yaratgay baxtiyor, yakto.

Qanday nom olmasin oʻsha jamiyat,

Avlodlar oʻqirlar bizga tasanno.

Chunki umrimizga esh boʻlib shiddat,

Inqilob davriga boʻldik oshino,

 

9

 

Ey, hayot deyilgan moʻjiziy qudrat,

Tiriklik atalgan buyuk ibtido!

Ey, meni olamga keltirgan qismat,

Jonlar volidasi – ey, oliy momo!!

Qoshingda tiz choʻkay, bergil ijozat,

Shukronamni aytib qilay iltijo.

 

10

 

To bu dam nimaki kilibman niyat,

Koʻnglimda tugʻilmish neki muddao,

Qandayki soʻrabman sendan saodat,

Barchasini bekam qilding muhayyo.

Qoshingda tiz choʻkay, bergil ijozat,

Yolvorib qilayin senga iltijo.

 

11

 

Menga diyor berding, koʻrku latofat,

Husnu malohatda tengi yoʻq, aʼlo,

Ona oʻlkam mening ramzi sadoqat,

Durlar shodasida durdona goʻyo.

Men uni sevganman, jonim ol, faqat

Diyorim mehridan qilmagin judo.

 

12

 

Menga maslak berding, hur insoniyat

Oydin istiqboli umrimga maʼno.

Bor ekan koʻzda nur, tanimda quvvat,

Oʻshal eʼtiqodim menga rahnamo.

Roziman, mayliga, borimol, faqat

Yorugʻ ishonchimdan qilmagin judo.

 

13

 

Menga sevgi berding, ul oftob talʼat

Dilimga dard soldi ham boʻldi shifo,

U bois menda bor quvonch va hasrat,

U bois koʻrarman vafo ham jafo.

Mayli, oʻsha oʻtda yonayin, faqat

Meni muhabbatdan qilmagin judo.

 

14

 

Menga doʻstlar berding, doʻstlik-ku hikmat,

Tanholik dardiga u tanho davo.

Olamda bor boʻlsa neki farogʻat,

Avvalo doʻstimga koʻrurman ravo.

Yuragimni olgin, roziman, faqat

Meni doʻstlarimdan qilmagin judo.

 

15

 

Menga qalam berding, munis sheʼriyat

Hayotimni qildi toʻlugʻ va raso.

Koʻzdan uyqu ketdi, tandin halovat,

Lek jomi jam boʻldi koʻnglimda paydo.

Jonu jahonimni ol, mayli, faqat

Meni sheʼr mehridan qilmagin judo.

 

16

 

Zamon kelar bir kun, ellar hamjihat

Saodat qasrini qilurlar bino.

Men ham oʻsha kunga borurman albat

Qalamimni qilib qoʻlimda aso.

Iltijo qilurman senga, tabiat,

Meni pok niyatdan ayirma aslo.

1974

 

 

VAFO

 

1

 

Soinganda izlab bir nishon

Qabring tomon men olaman yoʻl.

Keltirarding menga bir zamon,

Endi har chogʻ men eltaman gul.

ZULFIYa

 

– Garchi yillar changi har nega qodir,

Meni qilolmadi yodingdan nari.

Yana huzuringda turibman, shoir,

Qoʻlimda bir quchoq bahor gullari.

 

Ajab, qatra yosh yoʻq bu kun koʻzimda,

Koʻksimda yoʻq zarra alamdan tugun.

Gʻam emas, shodlik bor qora koʻzimda,

Seni qutlagani kelganman bugun.

 

Tole kulganda ham hijron-baloda

Baham koʻrib sevinch, dard-hasratimiz –

Qirq yil umr koʻrdik birga dunyoda,

Bu kun qirqqa toʻldi muhabbatimiz.

 

Biz qirq yil yonma-yon, orzuga banda,

Faqat saodatni tarannum etdik.

Vafo deb atalgan toza gulshanda

Oʻzing orzu qilgan kunlarga yetdik.

 

Mana, sen joningdan sevgan Vataning,

Toleing timsoli, olamda mumtoz.

Samoviy kemalar, orzuing sening

Lojuvard kenglikka qildilar parvoz.

 

Sen baxtlar vodiysi atagan diyor,

Ikki daryo yuvgan ikki kokilin –

Bu kun yetti iqlim maxzanicha bor,

Bu kun oʻn besh kunlik oy kabi toʻlin.

 

Hulkaring ilmda dovonlar oshib,

Bu kun tahlil qilar sening daftaring,

Yigirma birinchi asrga shoshib,

Betinim yugurar nabiralaring.

 

Qulogʻimga kelar koʻcha-koʻylardan

Qiyqirib oʻynagan bolalar sasi.

Bular – sen ishongan va sen kuylagan,

Lek sen yetolmagan zafar mevasi.

 

Gʻalabani qanday orzu qilarding!

Orzularing edi dilingga qanot.

Sen qanday quvonib toshgan boʻlarding –

Yengganin koʻrsayding oʻlimni hayot!

 

Sheʼr boʻlib toʻlardi qalbingga sening

Maydonlardan oqqan muzaffar turlar…

Hali sovimagan qabringga sening

Zafar salyutidan toʻkildi choʻgʻlar.

 

Tobora ketmoqda yoshlik yiroqlab,

Lahza orom bilmas hanuz dil sensiz.

Har bahor kelganda seni soʻroqlab,

Olamda yashabman oʻttiz yil sensiz.

 

Umrim bir on sendan ayru boʻlmadi,

Sochlarimga qoʻndi tola-tola oq.

Yillar seni mendan yiroq qilmadi,

Yillar ikkimizni etdi yaqinroq.

 

Men seni hech qachon yoʻqotganim yoʻq,

Doimo yonimda nafas olasan.

Ochiq daftaringni qoʻzrotganim yoʻq,

Oʻylayman, kechqurun kelib qolasan.

 

Tong seni uygʻotmay men ishga borib,

Kech bogʻda sen uchun uzaman gilos.

Har kun uyimdasan, lek ishdan horib

Narigi xonada yotibsan, xolos…

 

Avval sen oʻqiisan yangi sheʼr yozsam,

Senga aytdim sevinch gʻamu anduhim.

Men oʻzim kay mahal qayda boʻlsa ham

Sen bilan bogʻlarda soʻzlashar ruhim.

 

Visolga aylandi men uchun hijron,

Yodingga shunchalar oʻrganib qoldim, –

Aziz joning bilan tutashdiyu jon,

Balki men oʻzimhamsen boʻlib oldim.

 

Hassos qalamingni tutdim qoʻlimga,

Sen boʻlib kuyladim men jonu dildan.

Seni tirik dedim qizim, oʻgʻlimga,

Yoʻqligingni doim yashirdim eldan.

 

Yulduzlar chiqqanda har kech falakka

Sening koʻzlaring, deb koʻkka qarayman.

Kitobing varaklab tonggacha yakka

Satrlaring bilan oʻzni oʻrayman.

 

Sen hanuz turibsan oʻttiz besh yoshda,

Oʻshanday gʻayratli, oʻshanday oʻktam.

Nega endi sendan boʻlayin boshqa?

Oʻttizga yetmagan yoshdaman men ham.

 

Shuncha uzoq boʻlding, bas, endi yetar,

Bir lahza mendan ol tanholik yukin.

Bir lahza, shoirim, boshingni koʻtar,

Seni qutlagani kelganman bugun.

 

Ana, koʻtarildi ufkdan quyosh,

Bu sensan, shuʼlalar – zarrin qanoting.

Menga qutlugʻ boʻlsin vafo va bardosh,

Qutlugʻ boʻlsin senga yangi hayoting.

 

2

 

Xalqqa ayting:

Men aslo oʻlganim yoʻq!

Hamid OLIMJON

 

– Meni, barhayotsan,

Deding, shoiram,

Yorugʻ dunyodagi

Hayotim oʻzing.

Men uni nogahon

Tark aylagan dam

Qoldirgan baytimu

Bayotim oʻzing.

Ayriliq qismatda

Bor ekan, netay,

Lekin sen birlamen,

Meni yor desang.

Ne uchun olamdan

Yoʻq boʻlib ketay,

Meni oʻz yoningda

Doim bor desang.

Hayotdaman,

Faqat

Jismdan xoli,

Dunyoni koʻksimda

Sezib turibman.

Fazoda sayr etgan

Kema misoli

Borliq tegrasida

Kezib yuribman.

Hayotimni etmish

Mangu charogʻon

Sening qalbingdagi

Oydin xayollar.

Bevafo dunyoda

Yashaydi inson

Borligi tufayli

Sendek ayollar.

 

Kechdi tirik umrim

Sheʼr bilan payvand.

Hayrat koʻzi bilan

Atrofga bokdim.

Gohi pastga tushdim,

Goh chikdim baland,

Zarafshon suvidek

Hayqirib oqdim.

Ammo hayotimning

Pok durdonasi,

Men topgan eng aʼlo

Sheʼrim,

Gʻazalim,

Qalbimning eng yuksak

Shodiyonasi

Sen boʻlding,

Farishtam,

Dono goʻzalim!

Yodingdami, bizlar

Ilk koʻrishgan chor?

Borliq koʻnglimizday

Munavvar edi.

U olam,

U osmon,

U yashnagan bogʻ

Goʻyo baxtimga teng

Muyassar edi.

Kun-kun emas edi,

Sheʼr bahsi aro

Qoʻshaloq sham kabi

Yonmasak agar, –

Koʻzlaringday qora

Kechalardan to

Yuzlaringday yorugʻ

Subhidam qadar.

 

Soʻng…

Bir kun yoningga

Shoshib kelardim,

Fursat toʻxtab qoldi

Yoʻlda nogahon.

Intilib,

Intilib

Yetolmay,

Dardim –

Dilga oqdi, goʻyo

Bir piyola qon.

Soʻng…

Sen nola qilding

Sochingni yoyib,

Firuza tomchilar

Okdi yuzimga.

Keyin…

Hamma narsa

Boʻldiyu gʻoyib,

Singib qoldi faqat

Chehrang koʻzimga.

Shoiram!

Sen bois

Hayotda qoldim!

Jonim kiprigingda

Tutdiyu makon,

Koʻzingda koʻzlarim,

Qalbingda qalbim,

Vujudingda oʻzim

Boʻldim namoyon.

Mening ham sozimdir

Qoʻlingdagi soz,

Mening ham izim bor

Oʻtgan yoʻlingda.

Qoʻshiqlarim qildi

Olamga parvoz,

Dastavval jaranglab

Sening tilingda.

Shundan ikki ilhom

Yor boʻldi senga,

Qalbingda soʻyladi

Hamohang dillar.

Shu bois

Dilrabo

Nozik sheʼringga

Quyildi

Jangovar,

Yoniq satrlar.

Hassos sheʼr taraldi

Koinot boʻylab,

Unda nolayu bong,

Erk ohangi jam.

Oʻtli qalbdan chiqqan

Qoʻshigʻing tinglab,

Oʻzbek ovozini

Tanidi olam.

Shoiram!

Mashʼaling

Koʻtargin baland,

Minglab onalarning

Yuragi senda.

Bir umr yorining

Yodiga payvand

Munis kelinchaklar

Tilagi senda.

Sen oʻtgan yoʻllarda

Chechaklar qolsin,

Sen kirgan xonalar

Boʻlsin charogʻon.

Koʻzlaringdan quyosh

Shuʼlalar olsin,

Yulduzlarin sochsin

Boshingdan osmon.

Toring ming bulbulday

Toshib sayrasin,

Gʻamu hasratlarni

Aylagin barbod.

Sen shunday yayraki,

Olam yayrasin,

Agar mening ruhim

Boʻlsin desang shod.

Baland uch,

Olis uch

Sheʼriy samoda,

Men uchun ham yasha,

Kuyla, shoiram!

Oʻzing aytganingdek,

Yorugʻ dunyoda

Sen hayot ekansan –

Hayotman men ham!

1975

 

 

USTOZ GʻAYRATIYGA

 

Ne baxtkim, bizni ustoz

Bir zamon ashʼorga oʻrgatmish,

Nafosat deb atalgan

Ul ajib asrorga oʻrgatmish.

 

Qalam tutgandin ilk bor

Bizni oʻrgatmish sadoqatga,

Navoiy birla Pushkin,

Saʼdiyu Attorga oʻrgatmish.

 

Qadi yo bir hilol goʻyo

Yigʻib atrofga yulduzlar

Jiloyu nur darsin

Gumbazi davvorga oʻrgatmish.

 

Ne hayrat, hayratomuz –

Qush boʻlib uchsak, bizimustoz

“Lisonut tayr” birla

“Hayratul abrorga” oʻrgatmish.

 

Kim oʻrgatmish demangkim,

Gʻayratiy ul; Xayriddin, Anvar,

Tomilla, Matluba, men,

Toʻlqinu Sayyorga oʻrgatmish.

 

1972–1975

 

Erkin VOHIDOV

 

Sheʼr dunyosi” (“Sharq” nashriyoti, 2001) kitobidan

 


* Oʻzbekistonda qozoq adabiyoti dekadasining ochilishida oʻqilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.