Ilinjim – mujdali javob

0
90
marta koʻrilgan.

Holat

 

Qishloqda tugʻildim,

Qishloqda oʻsdim,

Qishloqda tanidim oqu qorani.

Qishloq edi mening eng yaqin doʻstim,

Ochiq qilib ketar boʻldim orani.

 

– Yaxshi qol azizim, xayr-xoʻsh endi! –

Shunday xitob qildim ketarim oldi.

Bilmadim, u meni qanday tushundi,

Uzoq oʻyga botib, kuzatib qoldi?

 

Izimdan ergashdi ancha yoʻlgacha,

Bir soʻz aytmoqchiday boʻldiyu lekin

Qaradi, qarorim qatʼiy, oʻzgacha,

Xoʻrsinib, ortiga qaytdi u sekin.

 

Olisdan koʻzida yoshlar koʻrindi,

Bu ham bir ayriliq saboqlari-da.

Kentman deb, kerilgan toshlar koʻrindi,

Orzumning olis bir adoqlarida.

 

Soʻnggi bor qaradim ortimga nogoh,

Yoʻllar oʻz holicha – yoʻlday turardi…

…Ikki qir yonbagʻri joylashgan qishloq

Duoga ochilgan qoʻlday turardi.

 

Yurak

 

Qara, manov bogʻlarni,

Yaproqlarni sinchiklab, qara.

Uchratmaysan bunda dogʻlarni,

Gʻuborlardan xoli manzara.

 

Yuvintirmish ularni yomgʻir,

Koʻmib shivirlarga, titroqqa.

Andoza ol ulardan, axir,

Oʻxshaysan-ku, sen ham yaproqqa.

 

Koʻzni yashnatadi neki bor,

Gʻunchalarning kulgusida shaʼn.

Bugun borliq qanday begʻubor,

Sen nimalar qaygʻusidasan?

 

Vujudimda seni deb qiynoq,

Ayt, nimadir istagan narsang?

Hasratingdan aylagil ogoh,

Balki, sen ham yomgʻir kutarsan?

 

Afsus, bunda oʻjarlik bekor,

Qilolmaysan sen yomgʻir talab.

Axir, senga koʻzyoshim yetar,

Oqqanlari ichimga qarab!

 

Hijron manzarasi

 

Sen – bahorsan.

Men esa –

Qovjiragan kuzakman.

Ishtiyoq dilni kesar,

Jonim, sendan uzoqman.

 

Oʻrtamizga saraton

Soya solar hovurdan.

Bir tomonim – qahraton,

Qars-qars sinar qovurgʻam.

 

Senchi har bir novdaga

Qadab karomatingni,

Yoʻllaganing-yoʻllagan

Men tomonga xatingni.

Bilamanki, har yaproq

Sendan kelgan nomadir.

Qoʻllarimga tegmayoq

Koʻzyoshimday tomadir.

 

Agʻyorga bas kelmoqning

Topilmadi qalovi.

Xatni kuydirdi, yoqdi

Saratonning olovi.

 

Menga yetib kelguncha

Qovjiraydi barglaring.

(O, azizam, koʻp muncha:

Hasratlaring, dardlaring?)

 

Har sargʻaygan yaproqni

Uzarkanman bandidan,

Bosar baxtsizlik vahmi

Qismatning zoʻr pandidan.

 

Bir harf oʻqib boʻlmadi,

Kuyib, kul boʻlgan xatdan.

Soʻng, men maktub yoʻlladim,

Qiymaladi qish, attang!

 

Ne qilayin, oʻzing, ayt,

Olis bahorim mening?

Arosatda qolgan payt,

Kim madadkorim mening?

 

Yuraklarni yondirdik,

Alamning achchigʻidan.

Boʻshamadik yomgʻir deb,

Atalguvchi yigʻidan.

 

Boray desam, sen sari,

Qish qilichin yalanglar.

Muzlab yotgan koʻzlari

Nogoh erib, alanglar.

 

Nahot, chora yoʻq endi,

Hijron zahmidan boʻlak?

Bizni uchrashtirmaydi

Bu dunyoda hech yoʻlak.

Sen – bahorsan.

Men esa –

Qovjiragan kuzdirman.

Bir tomoni – alanga,

Bir tomoni muzdirman.

 

Sogʻinchim oʻzing

 

Mendan xafamisan, bermaysan xabar.

Yoki charchadingmi dili qonlardan?

Sensiz iztirobga ketgayman badar,

Hatto topilmaysan telefonlardan.

 

Soʻngsiz qoʻngʻiroqlar yoʻllayman senga,

Birgina ilinjim – mujdali javob.

Bokiram, dunyomni aylantir kengga,

Savol ham bermayman, sanasang nobop.

 

Mayli, bir ogʻiz soʻz aytma, axtarim,

Bitta xoʻrsinib qoʻy, boringni bilay.

Yodimga solib ber masrur vaqtlarim,

Xotiram ham sen-la ketgan, ne qilay?

 

Yana senga tomon uchar soʻzlarim,

Koʻnglim tegrang aro qilsam deydi sayr.

Yoʻllaringni izlar “kompas” – koʻzlarim,

Kiprigim tillanar – koʻ-rish-gun-cha xayr!

 

Orif TOʻXTASH

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.