Ikki olamda mening yagona muhabbatim…

0
318
marta koʻrilgan.

Uchma-uch…

Qoshlaring payvasta, yorim, ikki raʼno uchma-uch,

Koʻzlaring shahlosida nozu tamanno uchma-uch.

 

Ikki zulfing ikki gul – ruxsoring uzra silkinur,

Ikki saf kipriklaring ham, ey nigoro, uchma-uch.

 

Boʻlmagay sehru malohat, boʻlgay ul jon ofati,

Boʻlsa gar husnu chiroyga zebu oro uchma-uch.

 

Gul ochib, atrin sochib, mazmunga toʻlgaydir hayot,

Kelsa gar ikki muhabbat, ikki maʼno uchma-uch.

 

Ikki sahro ham tutash ersa vatanda, ne ajab,

Ikki sahroga muqobil ikki daryo uchma-uch.

 

Oʻtdilar ne-ne azizlar, dilda ne asror edi,

Erdi ul koʻzlarda har dam ikki dunyo uchma-uch…

 

Ey Jamol, taʼzimga turgay har safar ahli jahon,

Soʻz aro oʻtsa Samarqandu Buxoro uchma-uch…

 

YAGONA MUHABBATIM

Yigit yoshim boʻy choʻzib, qaddim raso boʻlganda,

Jonim tanimga sigʻmay, orzularga toʻlganda,

Gul-chechaklar yoʻlimda ishva bilan kulganda,

Solding yurakka otash, yagona muhabbatim,

Tongotarda yulduzdek afsona muhabbatim…

 

Koʻrdim yuzingni, ohim dunyo bilan tutashdi,

Ishqim ovoza boʻldi, savdo bilan tutashdi,

Oshiq bulbul chamanda raʼno bilan tutashdi,

Boʻlding uyim chirogʻi, hamxona, muhabbatim,

Ey shu yorugʻ dunyoda yagona muhabbatim.

 

Tutdi uyimni bir kun chaqaloqning yigʻisi,

Joʻrovoz boʻldi unga buvijonim kulgusi,

Menda ota tuygʻusi, senda ona tuygʻusi,

Boʻlding farzandlarimga parvona, muhabbatim,

Ey shu yorugʻ dunyoda yagona muhabbatim.

 

Taqdir ekan, gohida yomonlarga uchradim,

Odam shaklida yurgan shaytonlarga uchradim,

Igʻvolarga uchradim, boʻhtonlarga uchradim,

Turding yonimda mahkam, mardona, muhabbatim,

Ey shu yorugʻ dunyoda yagona muhabbatim.

 

Zolim falak, teskari evrilmasang, ne boʻlgay?

Manfur ajal, nogahon tigʻ urmasang, ne boʻlgay?

Yorim, sevar yoringdan ayrilmasang, ne boʻlgay?

Ketding, aylading meni giryona, muhabbatim,

Ey shu yorugʻ dunyoda yagona muhabbatim.

 

Gohi yigʻlab, gohida koʻz yoshimni yutarman,

Kelarsan, deb kechalar tushlarimda kutarman,

Qismat buyurdi, yorim, Tohir boʻlib oʻtarman,

Chunki Zuhro eding sen, bir dona, muhabbatim,

Ikki olamda mening yagona muhabbatim…

 

 

EY YORONLAR

Ey yoronlar, kel buyon, deb osmon imlar meni,

Oy ila Zuhro demangkim, Kahkashon imlar meni,

Bas, yetar, tark et makon, deb lomakon imlar meni,

Bormagil, qol shunda, deb sarvi ravon imlar meni,

Sarvqad yoringga bor, deb boʻston imlar meni…

 

Yeru osmon ichra chun ovoradur jonim manim,

Gohi sokin, gohida yuz poradir jonim manim,

Chora izlarmanki, bas, bechoradir jonim manim,

Ey yoronlar, kel buyon, deb osmon imlar meni,

Osmon ermas, hayoti jovidon imlar meni…

 

Jismi zorimdin kechib, osmonga borgaymen nechuk?

Osmonkim chorlasa, tuproqda qolgaymen nechuk?

Yoʻl yiroq, manzil mashaqqatli, borolgaymen nechuk?

Ey yoronlar, kel buyon, deb osmon imlar meni,

Necha davron kechdi boshimdin, hamon imlar meni…

 

Haq meni inson yaratmish, aylamish himmat menga,

Zahmatin bermish, ravo koʻrmishki ul rohat menga,

Yeru osmondin inoyat aylamish davlat menga,

Ey yoronlar, kel buyon, deb osmon imlar meni,

Osmon ermaski, bir joni jahon imlar meni…

 

Bunda hech begona yoʻq, oʻt ham mening, kul ham mening,

Yer mening, osmon mening, ul ham mening, bul ham mening,

Bogʻ aro gul ham mening, gulshanda bulbul ham mening,

Shul sababdin, kel, Jamol, deb osmon imlar meni,

Bormagil, deb yerda bir sarvi ravon imlar meni…

 

KIM EDI?

Doʻstlar, gulshan aro gulgʻuncha xandon kim edi?

Bizni mast etgan oʻshal bulbul, gʻazalxon kim edi?

 

Bilmadim aslin, namanganlikmi yo fargʻonalik?

Koʻzlari jodu, ajab, zulfi parishon kim edi?

 

Kuylasa har gal, u xonishdin yuraklar suv boʻlib,

Nolish aylarkan, yana oʻtlarga solgʻon kim edi?

 

Gar ovozin qoʻysa, to yetgaydi osmon avjiga,

Savti Ushshoqu Navo avjini olgʻon kim edi?

 

Sahnada gar boʻlsa paydo Sarviguldek qomati,

Poyiga gullar kelib, bir-bir yiqilgʻon kim edi?

 

Koʻksida dard erdi har dam, boʻynida durdona ham,

Oshnosi ikki ul – chin birla yolgʻon, kim edi?

 

Ul goʻzal Dilnura erdi, ketdi nogoh kuydirib,

Termulib bizdek yana yoʻllarda qolgʻon kim edi?

 

YOR OʻShA, ORZU OʻShA

Yetdi yosh yetmishga-yu, lekin taningda ruh oʻsha,

Yuzlaring sargʻaydi, ammo, jon oʻsha, tuygʻu oʻsha.

 

Koʻzlaringda nur kamaydi, garchi ravshan ermas ul,

Notavon koʻksingda ravshan nur oʻsha, yogʻdu oʻsha.

 

Sevgining sahrosida Majnun hamon sargashtadir,

Oshigʻi shaydoga hamdam dasht oʻsha, ohu oʻsha…

 

Necha oy yuzlarni koʻrding, necha gul ruxsorani,

Har safar qarshingda paydo yuz oʻsha, koʻzgu oʻsha.

 

Necha bir nargisga boqding, necha bir shahloga ham,

Lek xayolingda hamisha koʻz oʻsha, jodu oʻsha.

 

Nozlanib qoshingga keldi necha raʼnolar, vale,

Boʻlmadi yodingdan ayru noz oʻsha, kulgu oʻsha.

 

Gul sochib boshingga keldi necha bor bayramlaring,

Ketmadi koʻngildan aslo gʻam oʻsha, qaygʻu oʻsha.

 

Tushlaringda necha bor koʻrding ajib roʻyoni sen,

Tushlaringda koʻrganing ham ul edi, yohu, oʻsha…

 

Ey rafiq, huru parivashlarni taʼrif etma koʻp,

Ikki olamda Jamolga yor oʻsha, orzu oʻsha…

 

 

Jamol KAMOL,

Oʻzbekiston xalq shoiri

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.